O‘zbekiston va YI o‘rtasida savdo aylanmasi hajmi oshmoqda – elchi
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda izchil o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Sharlotta Adrian Toshkentda 4 iyun kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda ma’lum qildi.
Yevropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda YeI davlatlari va O‘zbekiston o‘rtasida eksport hajmi 3,77 milliard yevroni (63,9 foiz o‘sish) va import ko‘lami 845 million yevroni (77,1 foiz o‘sish) tashkil etgan. 2023 yilda umumiy tovar aylanmasi 11 foizga oshdi va eksport ulushi 4,35 milliard yevro, import esa 780 million yevroga to‘g‘ri keldi.
“Bu raqamlar ortida Yevropa biznes vakillarining O‘zbekistonga sarmoya kiritish bilan bog‘liq dadil qarorlari turibdi. O‘zbekiston chet ellik investorlarga yosh va bilimli aholi hamda boy tabiiy resurslardan tortib jadal o‘sib borayotgan bozorga qadar – qanday ulkan imkoniyat taqdim eta olishini hammamiz yaxshi bilamiz”, – dedi Sharlotta Adrian.
2023 yil 22 noyabr kuni O‘zbekistonning YeI Preferensiyalarning bosh tizimi (GSP+) bo‘yicha benefitsiar maqomi yana to‘rt yilga, ya’ni 2027 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
Elchi iqtisodiy robitalarni yanada kuchaytirishda ushbu tizimning ahamiyati katta ekanini urg‘ular ekan, Bryussel O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi borasida ko‘makda ham sobit ekanini qayd etdi.
Joriy yil 5 aprel kuni YeI va O‘zbekiston o‘rtasida juda ham muhim bo‘lgan xomashyo (CRM) sohasida barqaror narx-navo zanjirini rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv bayonnomasi imzolandi.
Diplomatning fikricha, bu O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, Yevropa xususiy sarmoyalarini ko‘paytirish, qo‘shimcha qiymat va ish o‘rinlarini yaratish uchun aloqalarni chuqurlashtirishga bo‘lgan birgalikdagi intilishning yana bir belgisidir.
Bu borada Global Gateway, Transkaspiy transport koridori, shuningdek, “Digital Team Europe” tashabbuslarining ham ahamiyati katta.
Sh.Adrian Rossiyaning Ukrainaga bosqini sharoitida O‘zbekistonning hamkorlik yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash borasidagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholadi.
“Biz O‘zbekistonni ulkan maqsadlarni ko‘zlab boshlagan islohotlar yo‘lida qo‘llab-quvvatlaymiz... YeIning siyosiy, iqtisodiy va savdo jabhalarda O‘zbekiston taraqqiyotini dastaklashi mamlakatning ustuvor maqsadlariga ham mos keladi va bu prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi siyosatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan”, – dedi diplomat.
Tadbirda so‘z olgan Yevropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bosh kotibi Oybek Shayxov xorijlik sarmoyadorlar, mahalliy biznes vakillari va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida samarali muloqot platformasini yaratish muhimligini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, EUROUZ Yevropada rasman qo‘llab-quvvatlangan birinchi biznes-savdo palatasining yurtimizdagi filiali sifatida faoliyat yuritmoqda. Uyushma o‘z a’zolariga maqsadli bozorni tushunish, kuchli biznes tarmoqlarini yaratish va davlat, xususiy manfaatdor tomonlar bilan yanada samarali muloqot borasida yordam ko‘rsatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter