O‘zbekiston TIV rahbari Tolibon hukumatining qarorini olqishladi
Afg‘onistonda 6-oktyabrda oliygohlarga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Unda 12-sinfni tamomlagan 160 ming bitiruvchi qatnashadi. Ulardan yuz ming nafari oliygohlarga qabul qilinadi. Bu haqda TKG nashri Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligiga tayanib xabar bermoqda.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘zining tvitter sahifasida Tolibon hukumatining mamlakat oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalarini qariyb 70 foizga oshirish haqidagi qarorini olqishladi.
Norovning bildirishicha, 2021-yilda Afg‘onistondagi OTMlarga qabul kvotasi 68 ming talabani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 115 ming nafar etib belgilangan.
«Umid qilamanki, qizlarga ham oliygohlarda o‘qish uchun teng o‘rinlar beriladi», – deb yozadi Norov.
Eslatib o‘tamiz, Tolibon hokimiyatni bosib olgan 2021-yil 15-avgustidan so‘ng qizlarning ta’lim olishiga cheklovlar qo‘yilgan va xalqaro hamjamiyat Tolibonni qizlar huquqlarini ta’minlashga chaqirib keladi.
O‘tgan juma kuni esa Kobuldagi o‘quv markazlaridan biridagi voqea ham oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari o‘tkazilayotgan binoda sodir etilgan va natijada 53 nafar o‘g‘il-qiz halok bo‘lgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter