Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Qirg‘izistonga nega yer bermoqda? Bosh vazir muhim ma’lumotlarni oshkor qildi

O‘zbekiston Qirg‘izistonga nega yer bermoqda? Bosh vazir muhim ma’lumotlarni oshkor qildi

Internetda aytilgandek, O‘zbekiston Andijon (Kampirobod) suv ombori o‘rniga 19,5 ming gektar yer beryapti, degan xabarlar noto‘g‘ri. Ayni hozirgi kelishuvda 13 ming 719 gektar yaylov yer berish nazarda tutilmoqda. Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.

Bu yer nimaga berilyapti?

Berilayotgan yerning 1 ming 19 gektari Andijon suv omboriga ajratilgan yerning kompensatsiyasidan qolgan qismi uchun. Ya’ni suv ombori hududi aslida 5 ming gektar. O‘zbekiston o‘sha sovet paytida 4 ming gektar bergan xolos. Ya’ni qarzimiz bo‘lgan. Shu qarzni uzish uchun.

Sovet paytidagi kelishuv shartnomasida biz yana bitta majburiyat olgan ekanmiz. O‘zbekiston hududidan kanal tortib, Botken viloyatiga suv oborib berishimiz kerak bo‘lgan. Lekin bu qilinmagan. Qirg‘izlar buni doim da’vo qilishgan, chegara bo‘yicha kelishuv bo‘lishi uchun eng avvalo bu majburiyatni bajarishni so‘rashgan. Qirg‘izlarning da’vosi bo‘yicha, kanal orqali suv bormagani uchun 8 mingdan 18 ming gektargacha yerni ekin yeri sifatida o‘zlashtirolmaganini aytishgan.

Birinchidan, endi bunaqa kanal qurish juda qimmat. Ikkinchidan, kanal qurish uchun Andijon va Farg‘onadagi 20 dan ortiq qishloq aholisini ko‘chirish kerak bo‘ladi. Uchinchidan, 2 ming gektar O‘zbekiston ekin yerlari kanal uchun ketib qoladi. Shu sababli O‘zbekiston bu majburiyat o‘rniga 12 ming 709 gektar yaylov yer bermoqda. Qirg‘izlar ko‘proq yer so‘ragan, lekin savdolashilgan.

Namangan viloyati G‘ovasoy uchastkasidagi tog‘li hududdan berilayotgan 12,7 ming gektar yaylov yerining 6 ming gektari shundoq ham bahsli yer bo‘lgan. Hozir amalda u yerdan qirg‘iz fuqarolari foydalanmoqda.

Demak, 8 ming gektar ekin yer o‘rniga 12,7 ming gektar yaylov yer zararni qoplash uchun berildi (uning yarmi bahsli yer). Chegara nizolarida 1 gektar ekin yeri o‘rniga odatda 2,5 baravar yaylov yeri beriladi.

Shu bilan O‘zbekiston kanal qurish majburiyati (qarzi)dan qutuladi va Andijon suv ombori ustidan O‘zbekiston nazorati yuzasidan azaliy nizolar bartaraf etiladi.

Shuningdek, Qirg‘iziston tomoni bilan yana quyidagicha yer oldi-berdisi bo‘yicha kelishuvlar qilingan:

O‘zbekistonga:

1) Andijon (Kampirobod) suv omborini boshqarish uchun Qirg‘izistonning 19,5 gektar yeri O‘zbekistonga berilmoqda;

2) 10 ta aholi punktini almashish yuzasidan Qirg‘izistonning 429 gektar yeri O‘zbekistonga berilmoqda.

Qirg‘izistonga:

1) Kosonsoy va Chust yerlarini sug‘orishdagi asosiy manba bo‘lgan Qirg‘iziston hududidagi 850 gektar hududda joylashgan Kosonsoy suv ombori uchun O‘zbekistonning Chust, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlaridan 477 gektar yer kompensatsiya tarzida Qirg‘izistonga berilmoqda (shu yerlarning 105 gektari shundoq ham bahsli bo‘lgan va Qirg‘iz fuqarolari yashaydigan Chustdagi Qoraqo‘rg‘on hududidir);

2) 10 ta aholi punktini almashish yuzasidan O‘zbekistonning vodiy viloyatlari hududidan 294 gektar yer Qirg‘izistonga berilmoqda. Evaziga O‘zbekiston 429 gektar yer Qirg‘iz yerini olyapti.

Qirg‘iziston bilan chegara bitimi bo‘yicha:

  • O‘zbekiston chegara chizig‘ida taxminan 130 atrofida xonadonni ko‘chirishga to‘g‘ri keladi, buning uchun 50 mlrd so‘m atrofida kompensatsiya ko‘zda tutilyapti;
  • Qirg‘izistonga tog‘li hududdan berilayotgan yaylov yeri evaziga “G‘ovasoy” daryosining tabiiy oqimiga to‘sqinlik qiladigan hech bir gidrotexnik va boshqa inshootlar qurilmaydi, suvning texnik ifloslanishiga yul qo‘ymaydi.
  • So‘x eksklaviga kirib-chiqish uchun alohida koridor ko‘zda tutilmayapti, balki o‘zaro kelishuv asosida chegaradan o‘tish tartibi soddalashtiriladi.

Qonunlar senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan quyidagi qarorlar qabul qilindi:

«O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, Senatga yuborildi;

«O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring