Nomzod Robaxon Mahmudova Xorazm saylovchilari bilan uchrashdi
Bugun Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Urganch filialida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Robaxon Maxmudovaning xorazmlik saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, partiya Markaziy apparati va Xorazm viloyat Kengashi xodimlari, faollar, mehnat faxriylari, talaba-yoshlar va xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.
Dastlab, uchrashuvda nomzodning Xorazm viloyatidagi ishonchli vakili — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Xorazm Ma’mun akademiyasi professori Ikram Abdullayev yig‘ilganlarga nomzodning tarjimai holi, mehnat faoliyati haqida ma’lumot berar ekan, nomzod Dasturida davlat va jamiyat taraqqiyotiga, fuqarolar farovonligiga daxldor izchil takliflar ilgari surilayotganligini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng Robaxon Maxmudova Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, huquqqiy davlat qurish, davlat va jamiyat hayotida ijtimoiy adolatni qaror toptirish, milliy iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasini barqaror rivojlantirish, aholi salomatligini muhofaza qilishga doir maqsad va vazifalari xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, xalqimiz ma’qullab bergan Konstitutsiyada ilk bor O‘zbekiston Respublikasi huquqiy davlatdir, degan yuksak qoida o‘z ifodasini topdi. Bosh Qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3,5 barobar ko‘paytirildi. Bu esa barcha sohalarda qonun ustuvorligini ta’minlash eng ustuvor vazifamiz bo‘lishi lozimligini anglatadi. Negaki, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda tinchlik va osoyishtalik hukm suradi, taraqqiyotning barqaror va bardavomligi ta’minlanadi, xalqning davlat siyosatiga va kelajakka bo‘lgan ishonchi ortadi, fuqarolarning Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yuksaladi.
Ma’ruzasi davomida Prezidentlikka nomzod Dasturidan o‘rin olgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga oid maqsadlariga alohida to‘xtaldi:
“Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va bu yo‘nalishda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ijtimoiy davlat – 2030» dasturini ishlab chiqish lozim, deb hisoblaymiz.
Davlatning iqtisodiy faoliyati natijasida yuzaga kelgan daromadni adolatli taqsimlashni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish birlamchi vazifamizdir.
Biz hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy bir xil o‘sishni ta’minlash, tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish tarafdorimiz”, — deb ta’kidladi Robaxon Maxmudova.
Qolaversa, jarayonda “Qonun ustuvorligi — adolatli jamiyat qurishning muhim sharti!» degan tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdor shaxslar faoliyatining muhim qoidasiga aylantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyati ekani aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, Dasturda o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, ushbu dasturlarni nazorat qilish tizimiga yangicha yondashish, innovatsion rivojlanish va innovatsion iqtisodiyot, samarali iqtisodiy siyosat vositalaridan oqilona foydalanish kabi dolzarb masalalar belgilanganligi xorazmlik saylovchilarning e’tiborini tortdi.
Fikr va mulohazalarga, taklif va tavsiyalarga boy bo‘lgan uchrashuv so‘ngida Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova saylovchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha, hayotiy misollar bilan asosli javoblar berdi.
Tadbirda so‘z olgan ma’ruzachilar nomzodning dasturi, unda ilgari surilayotgan g‘oya va maqsadlarni qo‘llab-quvvatlash barobarida, yig‘ilganlarni kutilayotgan muhim siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezident saylovida Robaxon Maxmudovaga ovoz berishga chaqirishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter