Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Netanyaxu: «Har qanday tinchlik shartnomasi doirasida Quddus Isroilning poytaxti bo‘lib qolaveradi»

Netanyaxu: «Har qanday tinchlik shartnomasi doirasida Quddus Isroilning poytaxti bo‘lib qolaveradi»

Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olgan Donald Tramp «tarixiy haqiqatni e’tirof etgan».

Foto: ANNA News

Quddus Falastin bilan erishiladigan har qanday tinchlik kelishuvidan qat’i nazar Isroilning poytaxti bo‘lib qolaveradi. Bu haqda yahudiy davlati bosh vaziri Benyamin Netanyaxu payshanba kuni ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

— Har qanday tinchlik bitimida Quddus Isroil poytaxti bo‘ladi va bizning hukumatimiz Quddusda qolaveradi, — dedi u Davos forumida.  — Bosh vazir devoni Quddusda, Isroil parlamenti Quddusda, Isroil Oliy sudi Quddusda, hukumat Quddusda. Isroil mavjud bo‘lgan 70 yildan buyon shunday bo‘lib kelmoqda.

Netanyaxu, shuningdek, Quddus Dovud alayhissalom davridan buyon yahudiy davlatining poytaxti bo‘lib kelganini va bunga «atigi» 3 ming yil bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 6 dekabrida Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olgan AQSh prezidenti Donald Tramp «tarixiy haqiqatni e’tirof etgan».

Shu kuni Tramp Quddusni Isroilning poytaxti sifatida tan olish vaqti kelganini aytib, AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan edi. Quddusning maqomi Falastin-Isroil ziddiyatidagi asosiy muammolardan biri. 1967 yilgi urush paytida yahudiylar shaharning sharqiy qismini egallashgan va Quddus Isroilning «yagona va bo‘linmas» poytaxti bo‘lishini talab qilishgan.

Trampning qaroriga javoban BMT Bosh assambleyasi o‘tgan yilning 21-dekabrida 128 ta ovoz bilan Quddusning yahudiy davlati poytaxti deb tan olinishiga qarshi rezolyusiyani qabul qildi. Hujjatga to‘qqiz mamlakat — Gvatemala, Honduras, Isroil, Marshall orollari, Mikroneziya, Nauru, Palau, AQSh va Togo qarshi qarshi ovoz bergan bo‘lsa, 35 davlat betaraf qoldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring