Markaziy Osiyo va YeI yetakchilari qo‘shma bayonot berdi
Xalqaro nizolarni hal etishda kuch ishlatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti hamda hududiy yaxlitligi BMT hujjatlariga muvofiq hurmat qilinishi kerak. Bu haqda 2 iyun kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvi yakunida berilgan qo‘shma bayonotda so‘z boradi.
Markaziy Osiyo hamda Yevropa Ittifoqi eski va yangi tahdidlarga qarshi kurash yo‘lida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashi lozim. Bu borada tashqi ishlar vazirlari hamda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakiliga hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan yo‘l xaritasi ishlab chiqish topshirilgan.
Siyosiy yetakchilar bayonotida huquq ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik muhim ekani ta’kidlangan.
YeIning «Global Gateway» strategiyasi doirasida energetik xavfsizlik, raqamli suverenitet, yashil iqtisodiyot, transport yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan dasturlarning ahamiyati alohida qayd etilgan. Shuningdek, «Team Europe»ning suv manbalari, iqlim o‘zgarishi, energetika va raqamli platformalar bo‘yicha tashabbuslari olqishlangan.
Qo‘shma bayonotda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish maqsadida savdo-sarmoya mexanizmlarini takomillashtirishga urg‘u berilgan. YeI Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalar yuzasidan ikki mintaqa o‘rtasida yaqin muloqotni davom ettirish lozimligi ta’kidlangan.
Bayonotda Afg‘onistondagi beqaror vaziyat, terrorizm, ekstremizmga qarshi kurash, Orol fojiasi kabi dolzarb masalalarga ham e’tibor qaratilgan.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil may oyida Olmaota shahrida YeI–Markaziy Osiyo ikkinchi iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.
2022 yil noyabr oyida esa Samarqandda YeI va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari uchrashgan edi.
Qo‘shma bayonotda shu kabi uchrashuvlar ijobiy baholangani holda, Markaziy Osiyo xavfsizligi va farovonligi yo‘lida turli darajadagi muloqotlar davom ettirilishiga xayrixohlik bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Cho‘lponota shahrida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan tadbirda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Nurmuhammad Amannepesov qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida muhim takliflarni ilgari surdi.
Markaziy Osiyo va YeI yetakchilarining kelgusi yilgi uchrashuvini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter