Konstitutsiyaga o‘zgartishlarning yakuniy tahriri tayyor bo‘ldi
Bugun, 6-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan xalq tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuv bo‘lib o‘tgan.
Deputatlar jamoatchilik tomonidan yuborilgan 200 mingdan ortiq takliflarning har birini sinchiklab o‘rganib chiqishdi. Bunda xalqaro tajriba ham inobatga olindi, turli sohalardan yetuk mutaxassislar va ekspertlar jalb etildi.
Bir necha oy davom etgan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyorlandi.
Mazkur qonun loyihasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga oid o‘ta muhim o‘zgarishlar aks etgani sababli qonun loyihasini referendumga qo‘yishdan avval deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida belgilangan qonunchilik tashabbusiga ega sub’yektlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda.
Bunda parlament va hukumat, jamoatchilik vakillari qonun loyihasiga o‘z takliflari va fikr-mulohazalarini bildirmoqda.
Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi va xulosa berilishi qayd etildi. Maslahatlashuvlar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter