Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kimda qancha yadro quroli bor?

Kimda qancha yadro quroli bor?

Ommaviy qirg‘in vositalari orasida qirg‘inbardorligi va hajmi jihatidan yadro qurolichalik dahshatlisi yo‘q.

Foto:Vegchel.ru

Insoniyat yaratgan ommaviy qirg‘in vositalari orasida qirg‘inbardorligi va hajmi jihatidan yadro qurolichalik dahshatlisi yo‘q. Eng qizig‘i hozirda mavjud bombalar yer yuzi aholisi uchun keragidan ortiq bo‘lsada, davlatlar hamon ulkan mablag‘ va kuchlar sarflab bunday qurollar yaratishda davom etmoqdalar. Xo‘sh, yadro qurollari soni bo‘yicha yetakchilar kimlar?

Dunyodagi jami atom bombalarining 90 foizi AQSh va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Yaqqol yetakchi bo‘lgan Rossiyada hozirda 8500 ga yaqin bunday qurol mavjud, AQSh esa 7500 dan ortiqroq bombaga ega.

Keyingi o‘rinlarni quyidagi davlatlar band qilgan:

  1. Fransiya – 300 ta;
  2. Xitoy – 250 ta;
  3. Buyuk Britaniya – 225 ta;
  4. Pokiston – 90-110 ta (taxmin);
  5. Hindiston – 80-100 ta (taxmin);
  6. Isroil – 80-200 ta (taxmin, Isroil yadro quroli borligini biror marta tan olmagan);
  7. Shimoliy Koreya – 10 ta (taxmin).

Alohida aytib o‘tish kerakki, bu ma’lumotlar (hatto aniq ko‘rsatilganlari ham) aniq tasdig‘ini topmagan. Sababi yadro klubining barcha a’zolari o‘zlarining bunday qurollari bo‘yicha ma’lumotlarni o‘ta maxfiy tutishadi. Ro‘yxatga kirmagan Eronda ham bunday qurol borligi taxmin qilinadi, rasmiy Tehron esa bu iddaolarni rad etadi.

Yana bir qiziq jihat – Shimoliy Koreya bor yo‘g‘i o‘nta (tan olingan) yadro quroli bilan ham shuncha mojarolarga sabab bo‘layotgani g‘alati. Lekin bu davlat boshqaruvida o‘zga davlatlar bilan ochiq siyosat olib borishni mutlaq inkor qiluvchi rahbarning bo‘lishi, yon qo‘shnisi bilan urush maqomi saqlanib qolganligi, AQSh bilan uzluksiz davom etayotgan ziddiyatlar oxiriga yetmayotganligi yadro qurolini ishlatib yuborish xavfi yuqoriligini, buning ortidan esa zanjirli reaksiya yuzaga kelish mumkinligini hisobga olish zarur.

Isroilning yadro quroli mavjudligi rasman tan olinmagan bo‘lsada, bu davlat sobiq bosh vaziri Golda Meir «Bizda atom quroli yo‘q, lekin lozim bo‘lsa biz bunday qurolni ishlatamiz» deya o‘ziga xos bayonot bergan.

Rossiya va AQShning bir-biriga yadro qurollari bilan tahdid qilishini quyidagicha o‘xshatish bilan ta’riflashgan: «Ikki odam suv o‘rniga benzinga to‘la dengiz ustidagi kemada o‘tirishibdi. Birida o‘nta gugurt bor, ikkinchisida to‘qqizta. Ikkisi ham bir biriga gugurtlarini ko‘rsatib, yoqib yuborish bilan qo‘rqitishadi. Aslida yong‘in chiqishi hammayoq kuyib kul bo‘lishi uchun bitta uchqun kifoya».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring