Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Haydar Aliyev O‘zbekiston rahbariyatini provokatsiyadan ogohlantirgan edi» – ekspert

«Haydar Aliyev O‘zbekiston rahbariyatini provokatsiyadan ogohlantirgan edi» – ekspert

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlikni mustahkamlashda atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning xizmati katta. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi tizimida uzoq yillar mas’ul vazifalarda faoliyat yuritgan diplomat, siyosiy sharhlovchi Abror G‘ulomovning Ozarbayjon matbuotida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

«Haydar Aliyev tarixga XX asrning atoqli siyosatchisi va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjon davlatining asoschisi va me’mori sifatida kirgan. Uning ko‘p qirrali faoliyati Ozarbayjonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga, shuningdek, xalqlarimiz o‘rtasidagi robitalarni kengaytirishga xizmat qilgan», – deb yozadi A.G‘ulomov. 

Qayd etilishicha, o‘zbek xalqining ulug‘ do‘sti bo‘lgan siyosatchi sovet davridayoq qardoshlik aloqalarini mustahkamlash choralarini ko‘rgan. Xususan, Haydar Aliyev va O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov o‘rtasidagi do‘stona munosabat tufayli ko‘p asrlik tarixga ega qardoshlik yangi bosqichga ko‘tarilgan.

«O‘zbekiston tarixidagi fojiali kunlarda, «paxta ishi» deb nomlangan uydirma o‘ylab topilgan pallada ham Haydar Aliyev respublikamizdagi hodisalarga xolis nigoh bilan qaragan va o‘zbek xalqining do‘sti bo‘lib qolgan. O‘sha kezlar Moskvada yuqori lavozimda ishlagan H.Aliyev Sharof Rashidovni O‘zbekiston va uning xalqiga qarshi hozirlanayotgan provokatsiya va qatag‘onlardan qo‘rqmay ogohlantirgan», – deb yozadi muallif.

O‘zbekiston Respublikasi bilan diplomatik aloqa o‘rnatish tashabbuskori bo‘lgan siyosiy yetakchi mustaqillikdan keyingi yillarda ham ikki xalq qardoshligini yanada mustahkamlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan, yurtimizga bir necha bor tashrif buyurgan.  

Eslatib o‘tamiz, bu yil Ozarbayjonda umummilliy yetakchi Haydar Aliyev (1923–2003) tavalludining 100 yilligi nishonlanmoqda. Mustaqil Ozarbayjon davlatchiligi qurilishi, zamonaviy siyosiy tartibot shakllanishi va mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot yo‘li uning nomi bilan bog‘liq.

H.Aliyev sovet tuzumi davrida uzoq yillar yuqori rahbar lavozimlarda ishlagan, jumladan, Ozarbayjonni idora etgan. 1993–2003 yillarda esa mustaqil Ozarbayjon prezidenti sifatida faoliyat yuritgan.

Uning xotirasi yurtimizda ham e’zozlab kelinmoqda. Toshkentda Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi nomidagi ko‘cha, unga bag‘ishlangan xiyobon va yodgorlik ochilgan.

Avval xabar berganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil avgust oyida Bokuga tashrifi davomida Faxr xiyoboniga tashrif buyurib, H.Aliyev xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Birinchi prezident Islom Karimov ham o‘z davrida ozarbayjonlik hamkasbining yetakchilik qobiliyatiga yuqori baho bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring