Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona hokimligining «Qabullar uyi»da qirg‘iz o‘tovi o‘rnatildi

Farg‘ona hokimligining «Qabullar uyi»da qirg‘iz o‘tovi o‘rnatildi

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

18-mart kuni Farg‘ona viloyati hokimligining «Qabullar uyi»da viloyatga tashrif buyurgan Qirg‘izistonning Norin viloyati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Norin viloyati gubernatori Sobirqul Ashimbayev boshchiligidagi ikki viloyat vakillari kengaytirilgan uchrashuvining kun tartibini belgilovchi asosiy omil Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 11−12 mart kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan hududlararo hamkorlikni yana faollashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar hamda tashrif doirasida imzolangan Farg‘ona va Norin viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha shartnoma asosida  «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish masalasi bo‘ldi.

Ikki viloyat rahbarlarining o‘rinbosarlari, tuman va shaharlari hokimlari, iqtisodiy kompleks rahbarlari ham ishtirok etgan uchrashuvda logistika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, turizm, qurilish, savdo-sotiq sohalarida hamkorlik o‘rnatish, o‘zaro savdo aylanmasini sezilarli oshirish, shuningdek ijtimoiy sohada aloqalarni kengaytirish masalalari keng muhokama qilindi.

Uchrashuv va muhokamalar natijasida ikki viloyatning tuman va shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish bo‘yicha ham kelishib olingan. Bunda Marg‘ilon va Norin shaharlari, Quvasoy shahri va Ak-talaa tumani, Farg‘ona va Atbashi, Toshloq va Jumgal, Quva va Norin, Oltiariq va Qochkor tumanlari o‘z iqtisodiy ixtisoslashuvidan kelib chiqib o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishadi.

Uchrashuvdan so‘ng viloyat hokimligi «Qabullar uyi» hududida qirg‘iz o‘tovi o‘rnatildi. Bu jarayonda ikki viloyat rahbarlari ham ishtirok etdilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring