Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo: ikkinchi iqtisodiy mashvarat qanday o‘tdi?
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo uchun moliyaviy kafolatlar dasturini qabul qiladi. Bu esa mintaqaning besh davlatiga sarmoya kiritish miqdorini oshirish, iqtisodiyot, raqamli taraqqiyot va ekologiya yo‘nalishlariga jiddiy e’tibor qaratish imkonini beradi. Bu haqda Yevropa komissiyasi ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis 18-19 may kunlari Qozog‘istoning Olmaota shahrida tashkil etilgan Yevropa Ittifoqiؘ–Markaziy Osiyo ikkinchi iqtisodiy forumidagi ma’ruzasida gapirdi.
YeI mintaqada raqobatbardoshlik va qulay ishbilarmonlik muhitini qaror toptirishga qaratilgan yangi taraqqiyot dasturini ham hozirlaydi. Yevropa investitsiya banki esa mintaqadagi faolligini yanada oshiradi.
«Mavjud natijalar bizni shunday aniq xulosaga undaydi: Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun kuchli, sadoqatli va ishonchli hamkordir. YeIga a’zo davlatlar mintaqadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning asosiy manbaiga aylangan bo‘lib, 40 foiz ulush ular hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu Xitoydan ham, Rossiyadan ham yuqori ko‘rsatkich. YeI xalqaro maydonda Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlaydi», – deydi Yevrokomissiya vitse-prezidenti.
YeI Global Gateway tashabbusiga muvofiq dunyo miqyosida infratuzilmalar tizimiga sarmoya kiritmoqda. Mazkur tashabbus doirasida Markaziy Osiyoda suv resurslari, raqamli taraqqiyot, energetika va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishlarida ham yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Valdis Dombrovskis YeI Markaziy Osiyo yanada ravnaq topishi uchun yirik dasturlar davom ettirilishini ta’kidlagan.
Tahlillarga ko‘ra, YeI so‘nggi o‘n yillikda Markaziy Osiyoga 120 milliard dollardan ziyod sarmoya kiritgan. Ikki yirik mintaqa o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2022 yilda 61 foizga o‘sib, 49 milliard dollarga yetgan.
Olmaotada o‘tgan ikkinchi iqtisodiy forum davomida savdo-iqtisodiy robitalarni yanada kengaytirish yo‘llari muhokama etildi. Jumladan, biznes yuritish, yashil va raqamli iqtisodiyotga o‘tish shartlari, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotini yanada transformatsiyalash masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Anjuman davomida iqtisodiyotni yanada diversifikatsiyalash, ichki va mintaqalararo savdoni rag‘batlantirish, qonun va me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash orqali iqtisodiy munosabatlarni yaqinlashtirish, inklyuziv va barqaror rivojlanish yuzasidan ham fikrlashildi.
Forum yakunida matbuot uchun berilgan qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, tomonlar umumiy qadriyatlar va o‘zaro manfaatlarga asoslangan mustahkam, ko‘p qirrali va istiqbolli hamkorlikni yanada rivojlantirish niyatiga sodiqdir.
Bundan tashqari, savdo to‘siqlarini olib tashlash, inklyuzivlikni ilgari surish, raqobatni kuchaytirish, ish o‘rinlari yaratish, mintaqaviy va global bozorlarga integratsiyalashuvni tezlashtirish, biznes uchun teng sharoit yaratish muhimligiga urg‘u berilgan.
Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini kamaytirish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investitsiya kiritish, suv resurslarini barqaror boshqarish va bioxilmaxillikni saqlash, ekologik xatarlarga qarshi kurash, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish masalalari bo‘yicha hamkorlikning muhimligi ta’kidlangan.
Anjuman davomida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, “GSP+” preferensiyalar tizimida ishtirok etish bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan ham o‘zaro maslahatlashilgan.
Yevropa Ittifoqiؘ–Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi geosiyosiy jihatdan qulay mintaqaviy platformaga aylanmoqda. Eslatib o‘tamiz, ushbu formatdagi birinchi forum 2019 yilda Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘tkazilgan bo‘lib, muhokamalar uch asosiy mavzu – yashil tiklanish, raqamlashtirish va biznes muhiti tegrasida kechgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter