Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: Ostona sammitida qanday kelishuvga erishildi?
27-oktyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida birinchi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Yevropa kengashi rahbarlari hamda Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari ishtirok etdi.
Anjuman yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo hamda Yevropa Ittifoqi rahbariyati xavfsizlik, demokratik qadriyatlar, qonun ustuvorligi va xalqaro huquq me’yorlariga hurmat ko‘rsatgan holda barqaror taraqqiyot yo‘lida hamkorlikka sodiqlik izhor etgan.
Kurrai arzning turli mintaqalarida, jumladan, postsovet makonda ro‘y berayotgan qurolli ziddiyatlar suverenitet, hududiy yaxlitlik kabi tamoyillar nechog‘li muhim ekanini tasdiqlamoqda. E’tiborga molik jihati, YeI va Markaziy Osiyo rahbariyati oliy mashvaratda BMT nizomiga og‘ishmay rioya etish, xususan, barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hurmat qilish, xalqaro nizolarni kuch ishlatmay, tinch yo‘l bilan hal etish borasida sobit pozitsiyada ekanini bildirgan. Ayni choqda, yetakchilar YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasida qonun ustuvorligi, inson huquqlari kabi yo‘nalishlarda ham muloqotni mustahkamlash muhimligini qayd etgan.
Yevropa kengashi rahbari mintaqa yetakchilarining hududiy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini ijobiy baholagan. O‘z navbatida, mintaqa yetakchilari YeIning pandemiyadan keyin iqtisodiy aloqalarni jonlantirish, COVID-19 tufayli yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish borasidagi ko‘magini e’tirof etgan.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo hamda YeI o‘rtasida chegara nazorati, terrorizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi, kibertahdidlarga qarshi kurash borasidagi hamkorlik ham samarali kechmoqda.
YeI tomonidan 2021 yil 1 dekabrda qabul qilingan «Global darvoza» (Global Gateway) deb nomlangan yangi strategiyada raqamlashtirish, iqlim, energetika, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarni taraqqiy ettirish yo‘nalishlari belgilangan.
Ostona sammiti davomida ushbu strategiya doirasida transport va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 18 noyabr kuni Samarqandda «Global darvoza» strategiyasi doirasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ilk mintaqaviy anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Siyosiy yetakchilar raqamlashtirish, transport va logistika, energetika va suv resurslari bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama etiladigan Samarqand anjumanining ahamiyatini alohida qayd etdilar.
Iqlim o‘zgarishlari oldini olish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, transchegaraviy suv manbalarini tasarruf etish mintaqa davlatlari oldidagi muhim vazifalar sirasiga kiradi. Ostona sammitida bu borada YeI tajribasidan samarali foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar tomonidan birinchi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitini o‘tkazish tashabbusi uchun Qozog‘istonga minnatdorlik bildirildi va ushbu formatda muntazam uchrashishga kelishildi.
Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mintaqa yetakchilari bilan ilk yuzma-yuz muloqot muvaffaqiyatli o‘tganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, oliy darajadagi mashvaratda nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur formatga ishonch, sheriklik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan muloqot maydoni sifatida qarashini ta’kidlab, bir qator muhim takliflarni ilgari surdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter