«Erkaklar siyosatdan charchashdi». Nega siyosatda ayollar faollashib bormoqda?

Bugungi kunda dunyo siyosiy sahnasida ayollar anchagina. «RIA Novosti» davlatlarni boshqarayotgan ana shunday ayollarning beshtasi haqida hikoya qiladi.
Tereza Mey
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligining bosh vaziri bo‘lgan Tereza Meyni hozirdanoq ikkinchi «temir xonim» deb atashmoqda. Birinchisi esa 1979—1990-yillarda qirollik hukumatini boshqargan mashhur Margaret Tetcherdir. Ular o‘rtasida haqiqatan bir qancha o‘xshashliklar mavjud. Jumladan, Mey ham, Tetcher ham konservatorlar yetakchisidir. Bir paytlar Jamoalar palatasi a’zosi sifatida Mey Iroq bosqinini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, Tetcher Folklend urushini qo‘llab-quvvatlagan va bu unga mashhurlik olib kelgan edi.
Eng muhimi esa Mey ham, Tetcher ham mamlakatdagi inqiroz paytida hokimiyat tepasiga kelganidir. 1970-yillarning oxirida Buyuk Britaniyada hayot darajasi pasayib ketdi, bir qator sohalarda ishlab chiqarish hajmi kamaydi, inflyasiya oshib ketdi. Boshqaruvining dastlabki yillarida Margaret Tetcherning iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan islohotlarining tarafdorlari unchalik ko‘p emas, «temir xonim»ning reytingi ham uncha yuqori emas edi. Shunga qaramay islohotlar samara bera boshladi – iqtisodiyot jonlandi, fuqarolarning daromadlari oshdi. Tetcherning hatto eng yaqin safdoshlarining ikkilanishlariga qaramasdan noan’anaviy siyosat yuritdi. Keskin harakatlar keskin chiqishlar bilan birga kechdi. Hatto gender masalasida ham. Tetcherning «Barcha erkaklar zaif, jentlmenlar esa undan-da zaif» degan gapi mashhur bo‘lib ketdi.

Foto: «Reuters»
Mey ham xuddi «temir xonim» singari Buyuk Britaniya tarixida yangi davrni boshlab berish arafasida turibdi. Buyuk Britaniya Yevropa ittifoqidan chiqadi. Mart oyida u ushbu jarayonni boshlash haqidagi hujjatni imzoladi.
Mey ham Tetcherning muvaffaqiyatlarini takrorlay oladimi, yo‘qmi — buni vaqt ko‘rsatadi. Nima bo‘lganda ham bu ikki ayol Buyuk Britaniya tarixidagi kuchli siyosiy shaxslar bo‘lib qolaveradi. Ayol kishining hokimiyat tepasida qolishi Britaniya an’analaridan biridir. Buni mamlakat tarixidagi bir nechta ayol hukmdor nomlari ham ko‘rsatib turibdi. Feminizm ham aynan Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan, Yangi Zelandiyada 1893 yildayoq ayollarga ovoz berish huquqi berilgan edi.
Angela Merkel
Germaniya tarixidagi birinchi va yagona ayol kansler Angela Merkeldir. U federal hukumatni 2005-yildan buyon boshqarib kelmoqda. «Frau kanslerin»(uni Germaniyada shunday atashadi)ning otasi Hitler hokimiyatga kelguniga qadar o‘zining polyakcha Kazmerchak familiyasini nemischalashtirib ulgurgan edi. Angela tug‘ilgan paytda Kasner familiyasini oladi. 1977-yilda fizika sohasida o‘qiydigan talaba Ulrix Merkelga turmushga chiqqach Merkel xonimga aylanadi.

Foto: «Getty Images»
Merkel Germaniya demokratik respublikasida tavallud topgan. GDRning so‘nggi bosh vaziri Lotar de Mezerning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan. Shu bilan birga, Germaniya birlashganidan keyin Merkel G‘arbiy Germaniyaning konservativ partiyasi bo‘lmish «Xristian demokratlar ittifoqi»da ko‘p muvaffaqiyatga erishdi. 2000-yildan esa XDIni boshqardi.
«Forbes» jurnali uni 12 bora dunyoning eng obro‘li ayol siyosatchisi sifatida e’tirof etdi. «Time» jurnali esa uni 2015-yilda Yevropaning eng kuchli rahbari deya e’lon qildi.
Kersti Kalyulayd
47 yoshga to‘lmasdan Estoniya prezidenti bo‘lgan Kersti mutaxassisligi bo‘yicha biolog bo‘lib, ornitologiyani yaxshi ko‘radi. U bir nechta kompaniya va korxonalarda bosh menejer bo‘lib faoliyat yuritgan. Siyosiy faoliyatini esa Yevropa hisob palatasida ishlash bilan boshlagan.
2016-yilning oktyabr oyida Estoniya tarixida ilk bor parlament mamlakat ayol kishi prezident etib sayladi. Kersti o‘zini liberal konservator deya hisoblaydi. Mamlakatdagi estonlar hamda rus tilida gaplashuvchi aholi manfaatlarini birlashtirishni o‘zining asosiy vazifalaridan biri deb biladi. Buning uchun u bir oy davomida aholi soni jihatdan mamlakatda uchinchi yirik shahar hisoblangan Narva shahrida yashadi. Shaharning asosiy aholisi rus tilida so‘zlashuvchilardir.

Foto: «Voanews.com»
Estoniya jamoat arbobi Allan Xantsomning ta’kidlashicha, yuqori lavozimlarda va umuman siyosiy sahnada ayollarning paydo bo‘lishi qandaydir foiz ko‘rsatkichlari bilan emas, balki aniq sabablar bilan bog‘liq.
Dalya Gribauskayte
62 yoshga to‘lgan Dalya 9 yildan buyon Litvani boshqarib kelmoqda. NKVD xodimining qizi bo‘lgan Gribauskayte Sovet ittifoqi davrida siyosiy iqtisod mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumot oldi. Sovet ittifoqi kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi qoshidagi Ijtimoiy fanlar akademiyasi aspiranurasida o‘qidi hamda Kommunistik partiya a’zosiga aylandi. Ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng AQShda o‘qidi. Keyin esa Xalqaro iqtisodiy aloqalar vazirligida, Tashqi ishlar vazirligida, shuningdek Litvaning AQShdagi elchixonsida faoliyat olib bordi. Undan keyin hukumatda ishlay boshladi. Litva Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lganidan keyin uni Yevrokomissiyaning ta’lim va madaniyat, shuningdek moliya-budjet masalalari bo‘yicha yevrokomissari qilib saylashdi. 2009-yilda u mamlakatda o‘tkazilgan prezident saylovida g‘olib chiqdi. Oradan besh yil o‘tgach, ikkinchi bor saylandi.

Foto: «lrt.lt»
Litva prezidenti turmushga chiqmagan, tabiiyki, farzandi ham yo‘q. Karatedan qora belbog‘ sohibi, to‘rt tilda bemalol so‘zlasha oladi. Uning siyosatining asosiy yo‘nalishi mamlakat xavfsizligini ta’minlash. Litva xavfsizligini ta’minlashda AQShga suyanadi, Rossiyani asosiy xavf manbai deb biladi.
Mishel Bachelet
Lotin Amerikasi ayol prezidentlar soni bo‘yicha yetakchilik qilishi shubhasiz. Masalan, Argentinada Isabel Peron va Kristina Kirshner, Boliviyada Lidiya Geyler Texada, Nikaraguada Violetta Chamorro, Panamada Mirey Maskoso prezident bo‘lgan. 2006-yili Chilida hokimiyat tepasiga Pinochet zamonida qamoqqa tashlangan harbiy havo kuchlari generali Alberto Bacheletning qizi Mishel Bachelet keladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, Mishel Pinochetga raqib bo‘lgan sotsialistlardan edi. U o‘nglardan qolgan meros – boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi juda katta bo‘shliqni bartaraf etishga va’da beradi.

Foto: «lrt.lt»
Mamlakat konstitutsiyasi bir kishiga ketma-ket ikki bora prezident lavozimida qolish imkonini bermagani uchun u bu lavozimni 2010-yilda tark etadi. 2013-yilgi saylovda uning raqibi ham ayol kishi edi. Bu galgi saylovda ham g‘alaba qozongan Michel 2014-yilning 11-martidan 2018-yilning 11-martiga qadar mamlakatni boshqardi.
Ayol va karera
Siyosatshunos Marat Shibutov ayollar hokimiyatga sulolaviy va o‘z kuchiga asoslangan sulolaviy yo‘l bilan kelishini ta’kidlaydi. Ikkinchi yo‘lga Hindiston va Pokistondagi Neru-Gandi va Bxutto oilalarini misol qilish mumkin. «Uchinchi yo‘l — shaxsiy yuksalish. Bunga misol qilib Myanmadagi Aun San Su Chjini keltirish mumkin. Ammo eng ko‘p tarqalgani davlat tuzilmalari ichidagi yuksalishdir. Gap parlamentar demokratiyadagi ayollar haqida ketmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter