Endi O‘zbekiston fuqarosiman!
3-aprel kuni Samarqandda 35 kishiga O‘zbekiston pasportlari topshirildi!
O‘zbekiston Respublkiasi prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5374 sonli Farmoni bilan O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilgan 35 nafar fuqaroligi bo‘lmagan samarqandlik shaxslarga viloyat hokimligi majlislar zalida tantanali ravishda pasportlar topshirildi.
Hokim o‘rinbosari Azamat Umarov viloyat hokimi nomidan fuqarolik pasportlarini olayotgan yurtdoshlarimizni qizg‘in tabrikladi.
Viloyat XChK va FRB boshlig‘i, militsiya polkovnigi Bahodir Aliyev O‘zbekiston fuqoroligi berilgan 35 kishining ism-shariflarini e’lon qildi va ularga pasportlarni viloyat rahbarlari, «Nuroniy» jamg‘amasi viloyat bo‘limi rahbari Hasan Normurodov va boshqa rasmiylar topshirishdi. Pasport olgan fuqarolarga gullar taqdim qilindi.
− Endi sizlarga dunyo darvozalari ochiq, istalgan mamlakatga boring, sayohat qiling, dam oling, tijorat qiling, − dedi so‘z olgan H.Normurodov. – Bugun endi siz O‘zbekiston xalqining tenglar ichra teng fuqarosisiz. Pasportlaringiz sizlarga uzoq yillar xizmat qilsin!
Bir necha pasport olganlar so‘zga chiqishdi. Ammo birortasi qalbida borini oxirigacha aytolmadi. Sevinch yoshlari, hayajon, shodmonlik so‘zlardan ustun keldi. Oliy ma’lumotli bo‘la turib haydovchilik qilib yurgan Abdumalik Mo‘minov so‘zdan ko‘ra, she’r ayta qolay, deya Hamid Olimjonning «O‘zbekiston» she’rini aytib berdi. So‘z olganlarning hammasi xalqimizga, davlatimizga, bu ishlarning boshida turgan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik so‘zlarini aytishdi.
− Bu kunni 25 yil kutdim, − deydi Samarqand kompyuter texnologiyalari va gidromelioratsiya kolleji o‘qituvchisi Nasiba Yahyoyeva. – Ota-onam Tojikistonga o‘qishga borib, bir necha yil u yerda yashab qolishgan ekan. Samarqandda ulg‘ayib, shu yerda oliy ma’lumotli bo‘lib, shuncha yil yosh avlodga tarbiya berdim, ammo O‘zbekiston fuqarosi bo‘lolmay yurgandim, prezidentimizga rahmat, orzularimni ushaltirdilar!
− Qiz bola palaxmonning toshi ekan, Dushanbe shahriga kelin bo‘lib tushdim, − deydi nafaqadagi fuqaro Rahbar Quliyeva. – Qaynonamning xizmatini qildim. 1995-yilda Samarqandga ko‘chib keldik, ammo shu paytgacha hech bir mamlakatning fuqarosi emas edim. Prezidentimizga rahmat, bugundan men O‘zbekiston fuqarosiman. Bilasizmi, 25 yil deganda qalb qushim osmonlarga erkin parvoz qildi!
− Ota-onam bir necha yil Tojikistonda ishlab kelishgan, men bir yoshli go‘dak bo‘lgan ekanman, kelganlarida, − deydi Samarqand davlat universiteti magistratura bosqichi talabasi Malika Jum’azoda. – O‘qishim, ilmiy izlanishlarim yaxshi, ammo xalqaro ilmiy anjumanlarga qatnasha olmasligimdan o‘ksinib yurardim, endi men ham tengdoshlarim qatori O‘zbekiston fuqarolariga beriladigan barcha imkoniyatlardan to‘la foydalanaman va vatanimiz ravnaqi uchun sidqidildan mehnat qilaman!
− Men fuqarolar urushini ham, ko‘plab notinchliklarni ham ko‘rdim, umrim qochib yurishlar, ko‘chishlar bilan o‘tdi, Ozarbayjonda tug‘ilganman, millatim arman. Ozarbayjondagi notinchliklar sabab Tog‘li Qorabog‘ga ko‘chdik. U yerda urush bo‘lib ketdi, − deydi Eleonora Saakova. – Men tinchlikni, xudoga shukur, O‘zbekistondan topdim. Samarqandda yashaydigan qayinsinglimnikiga keldik va shu yerda ishladim, bolalarimni oyoqqa qo‘ydim. Ozarbayjonda, Armanistonda qolgan yaqinlarimni borib ko‘rolmas edim, mana, prezidentimizning farmonlari bilan O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldim, pasport oldim, endi nasib bo‘lsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Endi hammasi yaxshi bo‘lishiga, ana shunday fuqarolikni ololmay yurgan yana ko‘plab yurtdoshlarimizga ham yaxshi bo‘lishiga biz ham ishondik.
Karimberdi To‘ramurod, “Xabar.uz”ning maxsus muxbiri,
suratlar muallifi Baxtiyor Mustanov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter