Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YI Markaziy Osiyoga ko‘mak beradi

YI Markaziy Osiyoga ko‘mak beradi

Foto: www.gov.kz

Yevropa Ittifoqi suv manbalari, energetika va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal etish borasida Markaziy Osiyo mintaqasiga ko‘mak berishga tayyor. Bu haqda 13 iyun kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan siyosat va xavfsizlik bo‘yicha «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» yuqori darajadagi muloqotining o‘ninchi, yubiley majlisida so‘z bordi.

Uchrashuvda Yevroittifoq Rossiyaning Ukrainaga bosqini va Afg‘onistondagi salbiy holatlardan aziyat chekayotgan mintaqaga yordam borasida ham sobit ekani ta’kidlangan.

Muzokarada Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, Turkmaniston elchisi hamda Yevropa tashqi aloqalar xizmati bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Enrike Mora qatnashdi.

Yuqori martabali diplomatlar terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik moddalari tarqalishiga qarshi kurash, shuningdek, chegara masalalari yuzasidan fikrlashgan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil may oyida Olmaota shahrida YeI–Markaziy Osiyo ikkinchi iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi.

2 iyun kuni esa Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ostonada muzokarasida ushbu ikki muhim tadbirda belgilangan vazifalar ijrosi va navbatdagi vazirlar uchrashuviga hozirlik holati ham ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi 10 yilda YeI Markaziy Osiyoga 105 milliard yevro sarmoya kiritgan. 2022 yilda ikki mintaqa o‘rtasidagi savdo aylanmasi 49 milliard dollardan oshgan.

Siyosat va xavfsizlik bo‘yicha «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» yuqori darajadagi muloqoti ilk bor 2013 yilda Bryusselda o‘tkazilgan. Muntazamlik kasb etgan galdagi muloqot 2024 yilda tashkil etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring