Buxoroda turizm rivoji bo‘yicha muhim tadbir bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekistonda turizm rivojlanmoqda, shunchaki raqamlarga qarasak ham buni ko‘ramiz – 2016 yilga qadar yurtimizga o‘rtacha 2 millionga yetar-yetmas sayyoh kelgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 2.5 milliondan oshdi. O‘tgan yili esa raqamlar 5 200 000 ga yetdi va joriy yilda xorijiy sayyohlar ko‘lami 7 millionga yetishi kutilmoqda. Ammo bu hali hammasi emas, O‘zbekistonda turizm ko‘lamini oshirish imkoniyati bundan ancha ko‘proqqa yetadi. Ayniqsa ziyorat turizmi borasida.
Ayni kunlarda Buxoro viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan «Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi» o‘tkazilmoqda. Xalqaro haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ziyorat turizmi salohiyatidan unumli foydalanish, O‘zbekistonni dunyo tamaddunining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilish, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirishdan iborat.
26 noyabr kuni ishtirokchilar Buxoro shahrining qadimiy maskanlari – tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishdi hamda Mir Arab oliy madrasasi tarixi va O‘zbekistonda chop etilgan diniy-ma’rifiy nashrlar ko‘rgazmasida qatnashishdi.
Shundan so‘ng, «O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi» ilmiy-amaliy konferensiyasi, Buxoro viloyati turizm imkoniyatlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro ilmiy konferesiyasi hamda Buxoroning yagona ziyorat turizmi brendi targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi.
27 noyabr kuni «O‘zbekiston – eng yaxshi musulmon-mehmondo‘stlik destinatsiyasi» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida Islom hamkorlik tashqilotiga a’zo davlatlarning turoperatorlari va mahalliy turistik tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter