Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bug‘doyni birjada sotish hammaga foyda keltiradi

Bug‘doyni birjada sotish hammaga foyda keltiradi

Prezidentning «G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga sharh e’lon qilindi. Unda avvalgi va yangi tartib solishtirilgan hamda yangisining manfaatli tomonlari ochiqlandi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentyabrdagi 731-son va 2019 yil 14 oktyabrdagi 866-son qarorlari bilan qolipli non va un narxlari erkinlashtirilgan edi. 2019 yilning 15 oktyabridan 2020 yilning 16 apreliga qadar birja savdolarida 846,3 ming tonna un o‘rtacha 2 418,8 ming so‘mdan sotildi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida ichki bozorda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash, barcha iste’molchilarga un mahsulotini tizimli va kafolatli yetkazib berish maqsadida 2020 yil 16 apreldan un mahsulotini birja savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida yetkazib berish bo‘yicha vaqtinchalik tartibi o‘rnatilgan.

Ushbu tartib bugungi kungacha amalda bo‘ldi va bu vaqtinchalik chora o‘z vazifasini bajarib bo‘ldi. Quyidagi holatlar mazkur tartibni saqlab qolishning maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatmoqda:

  • ichki bozorni arzon un va non bilan ta’minlash maqsadida bug‘doy xarid narxlarini davlat tomonidan belgilash bozor tamoyillariga mos emas va bu bug‘doy yetishtiruvchi xo‘jaliklarning bug‘doy yetishtirishdan zarar ko‘rishlariga olib keldi;
  • davlat resurslariga olingan bug‘doydan ishlab chiqarilgan un ichki bozorni to‘liq ta’minlab bermasligi sababli import un va mahalliy un narxlari o‘rtasidagi katta farq mahalliy unni yetkazib berish zanjirida korrupsiogen muhit shakllanishiga sabab bo‘ldi;
  • arzon un mahsulotidan ishlab chiqarilgan qolipli nonni chorva mollarini boqishga ishlatish holatlari mavjud;
  • eng muhimi davlat resurslariga olingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un mahsuloti arzon narxlarda aholiga to‘liq yetib bormayapti va bu aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 11 may kuni g‘allachilik sohasidagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda, hosildorlikni yuqori darajaga olib chiqish va shu orqali bozorda sotiladigan don hajmini ko‘paytirish hamda narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bozor narxlariga o‘tish kerakligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Yuqorida ko‘rsatilgan salbiy holatlarning oldini olish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash hamda respublikada don yetishtirish hajmlarini sezilarli darajada oshirish maqsadida mazkur qaror qabul qilindi.

Qarorni qabul qilishning asosiy maqsadi birinchi navbatda g‘alla yetishtiruvchilarning, shu jumladan, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligini oshirish va shu asosda g‘alla hosildorligi va yalpi hosil yetishtirish hajmlarini keskin oshirishga zamin yaratishdir. Bu o‘z navbatida ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga zamin yaratadi hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Qarorda g‘alla bozorini erkinlashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan, 2022 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 783 ming tonna tovar bug‘doy davlat resursi sifatida 266,5 ming tonna bug‘doy urug‘lik sifatida xarid qilinadi.

Bundan tashqari, 500 ming tonna bug‘doy g‘alla yetishtiruvchilar tomonidan iyul, avgust va sentyabr oylarida birja savdolarida sotish uchun don korxonalariga qabul qilinadi.

Davlat resurslariga qabul qilingan bug‘doy uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan narxda hisob-kitob qilinadi va iyul-avgust oylarida shakllangan bug‘doy narxlaridan kelib chiqib ushbu bug‘doy uchun sentyabr oyida qayta hisob-kitob qilinadi.

G‘alla yetishtiruvchilar tomonidan birjada sotiladigan 500 ming tonna bug‘doy va davlat resurslariga xarid qilingan bug‘doy birja savdolarida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xarid qilingan bug‘doyning 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi un mahsulotini sotish majburiyatini olgan barcha un ishlab chiqaruvchi korxonalarga sotiladi.

Bundan tashqari un ishlab chiqarishga mos kelmagan 4 va 5-sinf bug‘doy birja savdolarida hech qanday cheklovlarsiz barcha iste’molchilarga sotiladi.

Shuningdek, qarorda Jamg‘arma tomonidan «O‘zdonmahsulot» kompaniyasi tizimi korxonalarining birja savdolaridan don xarid qilish xarajatlarini qoplashga 800 mlrd. so‘mgacha kredit resurslarini tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasida joylashtirish topshirilgan.

Qarorda belgilangan choralar don va un mahsulotlarini to‘liq bozor narxlarida sotish va sotib olishni yo‘lga qo‘yilishini ta’minlaydi. Kimlar bundan manfaatdor bo‘ladi? Bir og‘iz bilan aytganda — hamma!

Xususan:

  • respublika bo‘yicha 40 mingga yaqin xo‘jalik g‘alla yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Har bir fermer xo‘jaligida o‘rtacha 10 ta ishchi mehnat qilsa, fermerlarning oilasi bilan qo‘shib hisoblaganda 440 mingga yaqin oilaning yoki har oilada o‘rtacha 5 kishidan hisoblaganda 2,2 mln. aholining moddiy manfaatdorligi oshadi;
  • un ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar bug‘doyni birjada sotib oladi va ishlab chiqarilgan un mahsulotini birjada sotadi. Ishlab chiqaruvchilar soni yetarli darajada ko‘pligi sababli ushbu sohada raqobat muhiti shakllangan bu o‘z navbatida korxonalarni xarajatlarni kamaytirish va mahsulot sifatini oshirish ustida ishlashga majbur etadi. Korxona raqobatbardosh bo‘lsa uning daromadi oshadi. Barchamiz iste’molchi sifatida bozordan sifatli mahsulot sotib olish imkoniga ega bo‘lamiz;
  • bug‘doy va un mahsuloti birja orqali sotilishi, ushbu mahsulotlarning harakatlanishi va soliq tushumlarining shaffofligini ta’minlaydi. Shuningdek, davlat iqtisodiyotga aralashuv yukidan xalos bo‘ladi.

Don va un mahsulotlari birjada sotilishi natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining yuzaga keladigan qo‘shimcha xarajatlarini qoplashga Prezidentining 2022 yil 25 maydagi 258 son qarori bilan aholining ma’lum qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.

Bunda bir nechta toifa bo‘yicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa bo‘yicha to‘lab berilishi ham alohida belgilab qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring