Bo‘stonliq tumani boshqaruvi Bosh vazir o‘rinbosariga berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonini imzoladi.
Tumanning mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, hududga xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash, ko‘rsatilayotgan turistik, mehmonxona, transport va boshqa xizmat turlarini kengaytirish va sifatini oshirish hamda shu orqali aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini ko‘paytirish, turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida qabul qilingan Farmonga ko‘ra, 2022-yil 31-dekabrga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy etiladi.
Alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Bo‘stonliq tumani hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Bunda Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘linmalari rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taklif kiritish huquqi berilmoqda. Shuningdek, tuman hokimligi boshqaruv apparati va davlat boshqaruvi organlari tuman bo‘linmalarining tuzilmalariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqarish ham yuklatilmoqda. Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga Prezident va Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarini tumanda mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qilish, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taklif kiritish vakolati ham berilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimini Aziz Abduhakimov egallab turibdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter