Bosh vazir nomzodi qanday tasdiqlanadi?
2019-yilda O‘zbekistonda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Shunga ko‘ra, hozirda Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Lekin bu jarayonda ayrim bloger va OAVlar tomonidan qonunchilikka zid ma’lumot tarqatish, har xil asossiz so‘rovlar o‘tkazish holatlari uchramoqda.
Xususan, telegramdagi kanallarning birida ayrim mansabdor shaxslardan qaysi birining Bosh vazir bo‘lishi mumkinligi haqida so‘rov o‘tkazilgan.
Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali bu kabi holatlar odamlar orasida turli mish-mishlar kelib chiqishiga va jamoatchilik fikrini manipulyasiya qilishga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, amaldagi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan Bosh vazirni tasdiqlash tartibi haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasiga asosan Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan Prezidentga ko‘rib chiqish uchun taklif etiladi.
Bunda, Prezident taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin uni Oliy Majlis palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun kiritadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
Ya’ni, Bosh vazirni tasdiqlash jarayoni aniq tartibga solingan bo‘lib, unda nafaqat saylovlarda ko‘p ovoz olgan partiyaning fikri, balki Prezident, senatorlar va boshqa deputatlarning fikri ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yuqoridagilarga ko‘ra, ma’lumot tarqatilayotganda jamiyat va davlat oldidagi ma’suliyatni unutmaslikka chaqiramiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter