«Qodirov kim o‘zi? Qip-qizil o‘g‘ri bo‘lgan». Prezident sobiq bosh prokuror haqida gapirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ulug‘nor tumanida Andijon viloyati faollari ishtirokida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sobiq bosh prokuror haqida mulohazalarini gapirib o‘tdi. Bu haqda «Kun.uz» xabar bermoqda.
«Mana, bosh prokuror (nashr sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov nazarda tutilyotganiga aniqlik kiritgan) butun boshli jamoasi bilan qamoqda yotibdi. Million-million dollar topshirib yotibdi. Ikki-uch oy ichida televideniye orqali o‘zini gapirtiraman. Negaki, korrupsiyalashtirib yuborgandi, har bir tuman prokuroridan 30-40 ming dollar olgan. Hammasini qaytarib beryapti. Bitta noinsof o‘g‘li – milliarder! Va boshqa tashkilot rahbarlari ham, MXXning sobiq besh nafar muovini ham qamalib yotibdi. Hammasi o‘g‘ri, qip-qizil o‘g‘ri. Qanday og‘ir bo‘lmasin, men baribir hammasini joyiga qo‘yaman.
Hammasi borib, Boltiqbo‘yida uy qurib olgan. Suratlarini ko‘rsangiz, kechirasiz, Amir Temur bobomiz shuncha millatning rahbari bo‘lib ham, unday joylarda yashamagan. Amirlikning shayxlari ham bunaqa joyda yashamaydi. Kimning puli bular – xalqniki. Qodirov kim o‘zi? Qip-qizil o‘g‘ri odam bo‘lgan. Shuning uchun, prokuraturada 70 foiz odam almashdi, halol odamlarni qo‘ydim. Kim xiyonat qilsa, shunday yo‘ldan boradi.
Hammani kechiraman, faqat o‘g‘rilik qilmay, xiyonat qilmasa, u mening do‘stim bo‘ladi. Ana shuni xalqim bilishi kerak», degan Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter