Abdulaziz Komilov muhim sana munosabati bilan saudiyalik hamkasbiga maktub yo‘lladi

Bugun, 20-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudga tabrik yo‘lladi.
O‘zbekiston TIV matbuot xizmatiga ko‘ra, maktubda ikki davlat munosabatlari so‘nggi yillarda ijobiy sur’at kasb etib, amaliy mazmunga ega bo‘layotgani, hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan. O‘zbekiston podshohlik bilan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi bildirilgan.
Saudiya Arabistoni O‘zbekiston davlat mustaqilligini 1991 yil 30 dekabrda tan olgan. 1992 yil 20 fevral kuni diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.
1995 yil mayda Riyozda O‘zbekiston elchixonasi, 1997 yil martda Toshkentda Saudiya Arabistoni elchixonasi faoliyat boshlagan.
2017 yil 21 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol-Saudning taklifiga binoan mazkur davlatda bo‘lib, Arab-musulmon va AQSh sammitida ishtirok etdi. Anjuman doirasida O‘zbekiston prezidenti bir necha davlat rahbari, jumladan, Saudiya Arabistoni podshohi bilan uchrashdi.
2021 yil 16 iyul kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro anjuman doirasida Saudiya tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani, turli sohalarda, xususan, energetika bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Vazir Faysal bin Farxon O‘zbekiston yetakchisiga podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqlagan.
O‘zbekistonning Arab olamidagi asosiy hamkorlaridan sanalgan Saudiya bilan hukumatlararo qo‘shma komissiya hamda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Toshkent va Riyoz ko‘plab xalqaro masalalarda mushtarak pozitsiyaga ega. 2023 yilda Butunjahon turizm tashkiloti bosh assambleyasining 25-sessiyasini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini Saudiya tomoni qo‘llab-quvvatlagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda saudiyalik ishbilarmonlar ishtirokida qirqqa yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Saudiyaning «ACWA Power» kompaniyasi 108 million dollarli loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi barpo etayotgani haqida xabar bergan edik.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter