Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zomin. «Noinsof boyvachchaning o‘g‘li»ga «ish» ochildimi?

Zomin. «Noinsof boyvachchaning o‘g‘li»ga «ish» ochildimi?

Foto: FVV matbuot xizmati

Jizzax viloyatining Zomin tumani «Duoba» qishloq fuqarolar yig‘ini O‘riklisoy qishlog‘i yaqinidagi o‘rmon hududlarida 1 avgust kuni yirik yong‘in yuz bergandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, dastlabki to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, O‘riklisoy qishlog‘ida joylashgan dam olish maskanlaridan birining atrofida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilayotganda yong‘in kelib chiqib, archa va boshqa o‘simliklar yonib nobud bo‘lib, Zomin Milliy tabiat bog‘iga juda ko‘p miqdorda zarar yetishiga sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan 1 avgust kuni Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198 va 259-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Hozirda Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovga aralashish va to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi», — deyiladi ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, 1 avgust kuni 80 gektar maydonda quruq o‘t va daraxtlar yonib ketgandi. Yong‘in salkam sakkiz soat ichida  o‘chirilgandi. Olovni o‘chirishga 1600 ga yaqin odam jalb etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Zomin tog‘larida yuz bergan yong‘in haqida «bir noinsof boyvachchaning o‘g‘li shu ishni qilibdi. Hozir prokuratura shug‘ullanyapti, albatta, chora ko‘ramiz», deya ta’kidlagandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring