Ziroat Mirziyoyeva: «Siz ko‘zimiz quvonchi, bizning ertamiz va hayotimiz mazmunisiz»
Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida «Zamin» fondi mamlakatning ixtisoslashtirilgan muassasalaridagi besh ming nafarga yaqin eshitish qobiliyati zaif o‘quvchilar uchun ta’limni rivojlantirish dasturini taqdim etdi. Loyihaning maqsadi — o‘qitishning yangi usullarini joriy etish, maktab-internatlar infratuzilmasini takomillashtirish.
«Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida «Zamin» fondi eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta’limni rivojlantirish dasturini taqdim etmoqda. Loyiha doirasida jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan o‘quvchilarning eshitish qobiliyatini tiklash ustida ish olib boriladi. Bu degani, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan bolalar mehribon onajonisi, g‘amxo‘r otasining ovozlarini, atrof-borliqdagi tovushlarni, musiqa ohanglarini eshita oladi, to‘laqonli hayot kechiradi.
«Zamin» fondi, jismoniy holatidan qat’i nazar, barcha bolajonlarga quvonch ulashishga tayyor. Zero, siz ko‘zimiz quvonchi, bizning ertamiz va hayotimiz mazmunisiz», — dedi Fond vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva.
Eshitish qobiliyatining qisman yoki to‘liq yo‘qolishi odamlarni muhim ma’lumot manbaidan mahrum qiladi va intellektual rivojlanish jarayonini cheklaydi. Aksariyat holda imkoniyati cheklangan bolalar qator qiyinchiliklarga duch keladilar, ulardan biri to‘laqonli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligidir.
Dastur uch bosqichdan iborat:
1. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni zamonaviy assistiv uskunalar bilan jihozlash
Maktablar xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy assistiv (qo‘shimcha) uskunalar, jumladan, guruh mashg‘ulotlari uchun audio-sinflar, individual mashg‘ulotlar uchun nutq simulyatorlari, kelgusi ta’lim jarayonida foydalaniladigan audiometrlar va statsionar ovoz kuchaytirgichlari bilan jihozlanadi.
2. O‘qitish usullarini takomillashtirish
Eshitish qobiliyati zaif bolalar maxsus maktablaridagi joriy o‘quv dasturlarini har tomonlama tahlil qilish rejalashtirilgan. Buning uchun loyiha tashkilotchilari O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda yetakchi xalqaro ekspertlik institutlari va ularning mutaxassislarini jalb qiladilar. Ixtisoslashtirilgan maktablarda zamonaviy yordamchi texnologiyalardan foydalangan holda ta’lim metodikalari joriy etiladi.
3. Maktab yoshidagi bolalar uchun koxlear implantatsiya
Dasturning muhim qismi har yili 30 nafar maktab yoshidagi bolalarga koxlear implantatsiya jarrohlik amaliyotini bepul o‘tkazish bo‘ladi. Shuningdek, ushbu bosqich keyingi reabilitatsiya va bolalar jamiyatga singib ketishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishni o‘z ichiga oladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter