Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy Rossiyadagi harbiy isyonga munosabat bildirdi

Zelenskiy Rossiyadagi harbiy isyonga munosabat bildirdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “Vagner” xususiy harbiy shirkati rahbari Yevgeniy Prigojin tomonidan boshlangan harbiy isyonga munosabat bildirdi

“Zulm yo‘lini tanlagan har bir kimsa oxir-oqibat o‘z boshini yeydi. Minglab askarlarni qirg‘inbarotga yuboradi, pirovardida esa o‘zi qurollantirgan shaxslardan himoyalanish uchun Moskva viloyatida barrika ortiga yashirinadi. Rossiya uzoq yillar o‘z zaifligi va boshqaruvdagi uquvsizligini propaganda yo‘li bilan niqoblab keldi. Endi boshboshdoqlik shu qadar kuchaydiki, oyni etak bilan yopib bo‘lmay qoldi”, – deb yozdi Ukraina rahbari.

Zelenskiy hozirgi vaziyatda rus qo‘shinini Ukraina tuprog‘idan olib chiqish ketish aqlli qaror ekanini urg‘ulagan.

“Rossiyaning kuchsizligi, har tomonlama zaifligi kundek ravshan bo‘lib qoldi. Rossiya bizning zaminda o‘z qo‘shini va yollanma askarlarni qancha ko‘p saqlab tursa,  boshboshdoqlik, uqubat va muammolar shuncha ko‘payadi”, – deb ogohlantirdi V.Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, “Vagner” xususiy harbiy shirkati xo‘jayini Yevgeniy Prigojin 23 iyun kuni kechqurun Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyatiga nisbatan keskin ayblovlar ilgari surib, “adolat yurishi” boshlaganini e’lon qildi. Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Prigojinning bayonoti ortidan qurolli to‘ntarishga chaqirish fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi.

Bu orada “vagner”chilar Rostov shahri, xususan, Janubiy harbiy okrug shtabini egallagani xabar qilindi. Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunusbek Yevkurov bilan suhbatlashgan Prigojin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov uning oldiga kelmasa, Moskvaga qo‘shin tortib borishini aytdi.

24 iyun kuni Rossiya xalqiga murojaat yo‘llagan prezident Vladimir Putin Prigojinning harakatlarini “orqadan pichoq urish” va “xiyonat” deb atadi.  

Putinning murojaatiga javob bergan Prigojin u xatoga yo‘l qo‘yayotganini ta’kidladi.  

“Vatanga xiyonat” bobida prezident qattiq adashadi. Biz o‘z yurtining vatanparvarlarimiz. Biz, “Vagner” jangchilari shu kunga qadar jang qildik va yana janglarni davom ettiramiz. Hech kim Prezident, FXX yoki boshqa birovning talabi bilan bosh egib bormoqchi emas. Chunki biz mamlakat yana korrupsiya, yolg‘on va byurokratiya domida yashashini istamaymiz”, – deya sobiq xo‘jasiga qarshi bayonot berdi Prigojin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring