Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zangiotada davolanayotgan bemorlar soni ma’lum qilindi

Zangiotada davolanayotgan bemorlar soni ma’lum qilindi

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi PZR test tasdiqlangan va pnevmoniyaga chalingan 737 nafar bemor davolanmoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 10 kun ichida muassasaga o‘rta hisobda har kuni 85 nafar bemor qabul qilinib, kuniga ularning o‘rtacha 63 nafari sog‘aymoqda.

Qayd etilishicha, ayni paytda shifoxonaga murojaat qilayotganlarni turli yosh toifasidagi insonlar tashkil etmoqda. Qolaversa, muassasaning jonlantirish bo‘limida muolaja olayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlar orasida bolalar, yoshlar va katta yoshdagi insonlar ham bor. Qayd etilishicha, ularning ko‘pchiligi koronavirusga qarshi emlanmagan.

«Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 68 yoshli B.N. ana shunday bemorlardan. O‘z vaqtida vaksina olmagani sababli 2021 yil 24 noyabrda koronavirus kasalligining og‘ir kechishi bilan ushbu shifoxonaga olib kelingan. Yondosh xastaliklari bo‘lgani bois keyinchalik reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan», — deydi u.

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Hilola Alimovaning aytishicha, shu kungacha kasalxonada davolangan bemorlar orasida vaksina olgan 531 nafar bemorning 509 nafarida (96 foiz) kasallik yengil va o‘rta og‘ir darajada kechgan. «Qolgan 22 nafarida kasallik nisbatan og‘ir o‘tgan. Bunga esa ularning aksariyati katta yoshli ekani, shu bilan birga, yurak yetishmovchiligi, gipertoniya, qandli diabet kabi yondosh kasalliklari borligi sababdir», — deya ta’kidlaydi u.

Alimovaning so‘zlariga ko‘ra, emlangandan so‘ng shakllangan immunitet kasallikni o‘tkazgandan keyingi himoyadan yaxshiroq. Sababi emlashda neytrallovchi antitanachalarning miqdori kasallik o‘tkazgandan keyin shakllanadigan antitanachalar miqdoridan ancha yuqori bo‘ladi.

«Qolaversa, vaksina olmagan insonlarda xastalikning og‘ir kechishi va o‘lim holati kuzatilishidan tashqari, uzoq muddatli nafas olish, yurak qon-tomir tizimi hamda bosh miyaning shikastlanishi davom etishi mumkin. Shu sababli shifokor sifatida yurtdoshlarimizga kasallikka qarshi vaksina olishni tavsiya qilaman», — deydi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring