Zalujniy iste’fodan keyingi ilk bayonotini berdi
Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy iste’foga chiqqanidan so‘ng birinchi marta ommaviy bayonot bilan chiqdi. Telegramdagi kanalida u Ukraina Qahramoni unvonini olgani haqida fikr bildirdi.
«Shon-sharaf va mas’uliyat. Men hozirda lavozimda ishlamasligimga qaramay, Ukrainaning har bir himoyachisi oldida o‘zimni shunday his qilyapman. Bu sizning mukofotingiz, chunki siz haqiqiy qahramonsiz! Men Ukraina xalqiga sadoqat va minnatdorlik bilan xizmat qilaman!» — deb yozgan.
2021 yildan beri Ukraina Qurolli kuchlariga qo‘mondonlik qilgan Zalujniy iste’foga chiqqani haqida 8 fevral kuni e’lon qilingan edi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy unga «ikki yillik himoya uchun» va «birga erishgan har bir g‘alaba uchun» minnatdorlik bildirdi.
Bosh qo‘mondon lavozimini Ukraina Qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy egalladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u «muvaffaqiyatli mudofaa tajribasiga» ega – u «Kiyev mudofaasi operatsiyasini» o‘tkazgan va «muvaffaqiyatli hujum tajribasi» ham ega – 2022 yilning kuzida Xarkov viloyatidagi janglarni boshqargan.
9 fevral kuni Ukraina prezidenti Zalujniyga Ukraina Qahramoni unvonini berdi. «Ukrainaning davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishdagi shaxsiy xizmatlari, Ukraina xalqiga fidokorona xizmatlari uchun», — deyiladi prezident farmonida. Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov ham xuddi shunday unvonga sazovor bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter