«O‘zbekiston uchun uyatli holat». Pul bola hayotidan afzalmi?
2019-yilning 10 oyi davomida 28 ta ommaviy zaharlanish holati qayd etildi. Aynan ta’lim muassasalarida 11 ta holat kuzatilib, ularda 333 kishi jabrlandi. Achinarlisi, ularning 206 nafarini bolalar tashkil qiladi.
Oziq-ovqat – hayotdagi tabiiy ehtiyoj bo‘lish bilan birga, inson salomatligini ta’minlovchi muhim omildir. Qolaversa, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish odamga a’lo kayfiyat bag‘ishlab, faoliyat unumdorliligini ta’minlaydi. Shu bois har bir inson tanovul qilayotgan luqmasi va uning sifatiga e’tiborli bo‘lishi talab etiladi.
Harakat bor, ammo natija...
So‘nggi vaqtlarda mamlakatimizning turli hududlarida ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Xabaringiz bo‘lsa, shu yilning 27-sentyabr sanasida Bekoboddagi 15-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgan edi. Shuningdek, 30 sentyabr kuni Andijon shahridagi «Zahiriddin Muhammad Bobur Universal Academy» nodavlat ta’lim muassasasida oshpazning lag‘mon xamirini tayyorlab qo‘yib, uch kundan so‘ng iste’molga berganligi oqibatida 98 nafar o‘quvchida umumiy zaharlanish kuzatilgan. Bundan tashqari, 7-oktyabr kuni Samarqand shahridagi Siyob dehqon bozorida joylashgan «Baxtiyor» MChJga qarashli umumiy ovqatlanish ob’yektida xot-dog tayyorlash uchun qo‘lbola mayonezdan foydalanish natijasida 25 nafar fuqaro guruhli ovqatdan zaxarlangan. Oradan bir kun o‘tib, yana Andijon viloyati, aniqrog‘i, Andijon tumanidagi 35-umumta’lim maktabida 27 nafar o‘quvchida bunday holat qayd etilgan.
Afsuski, kunda-kunora sodir bo‘layotgan bu kabi ko‘ngilsiz voqealar kishini jiddiy tashvishga solmoqda. Noxush holatlarning aksariyati ta’lim muassasalarida sodir bo‘layotgani esa yanada achinarlidir.
— 2019-yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizda sanitariya-epidemiologiya osoyishtalikni ta’minlash, xususan, odamlarning jamoat joylarida, ta’lim muasasalarida ovqatdan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha soha xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Muhammadjon Bozorov. — Jumladan, yurtimiz mahallalarida, ta’lim maskanlarida davra suhbatlari o‘tkazilib, mavzu yuzasidan fuqarolarga atroflicha ma’lumotlar berildi. Profilaktik tadbirlar natijasida jami 23 ming 450 litr uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari iste’moldan olinib, o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilindi. Ammo o‘z ishiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘layotgan ba’zi insonlar tufayli soha xodimlarining olib borayotgan sa’y-harakatlari yetarlicha samara bermayapti. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ovqatdan zaharlanish holatlariga eng birinchi galda taom tayyorlanadigan joyda sanitariya-gigiyena talab va me’yorlariga mutlaqo rioya etilmasligi sabab bo‘lmoqda. Natijada 2019-yilning 10 oyi davomida 28 ta ommaviy zaharlanish holati qayd etilgan. Aynan ta’lim muassasalarida 11 ta holat kuzatilib, ularda 333 kishi jabrlandi. Achinarlisi, ularning 206 nafarini bolalar tashkil qiladi.
Maktab va bog‘chani tekshirish mumkin emas...(mi?)
Ma’lumki, maktabgacha ta’lim, maktab oshxonalarida ota-onalar, maktab rahbarlari va jamoatchilik nazoratlari tashkil etilishi zarur. Ammo tan olib aytish kerak, bugun yurtimiz ta’lim muassasalarida ayni yo‘nalishdagi ishlardan ko‘ngil to‘lmaydi. Birgina joriy yil 8-oktyabr sanasida Andijon tumanidagi 35-umumta’lim maktabida o‘quvchining onasi tomonidan uy sharoitida tayyorlab olib kelingan «tort» mahsulotining tug‘ilgan kunni nishonlash tadbirida iste’mol qilinishi tufayli 27 nafar o‘quvchida ovqatdan zaharlanish holatining qayd etilishi so‘zimiz isboti, albatta.
— Avvallari sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari hamda sanitariya qoidalari, me’yorlari, gigiyena talablariga amal qilinishini o‘rganish, pedagog xodimlar va tarbiyalanuvchilarning sohaga doir bilimlarini oshirish hamda davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida soha xodimlari tomonidan 3-4 marta tekshiruvlar o‘tkazilgan, — deydi Muhammadjon Bozorov. — Shu yil 25 aprel sanasida Vazirlar Mahkamasining «Maktabgacha hamda umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingach, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining ta’lim muassasalaridagi sanitariya-epidemiologik holatni tekshirish tadbirlari cheklandi. Buning oqibatida ta’lim muassasalari rahbarlari, sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarda mas’uliyatning susayishi kuzatilmoqda. Agar tadbirkor yoki muassasa rahbarlariga joyida kamchiliklari ko‘rsatilib, bartaraf qilish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilmas ekan, bunday holatlar takrorlanishi tabiiy. Buning uchun amaldagi tartiblarni qayta ko‘rib chiqish va salomatlik bilan bog‘liq bo‘lgan manfaatlar birinchi o‘ringa qo‘yilishi lozim.
Ayrim tadbirkorlar ularga yaratilgan imtiyozlar va sharoitlarni suiiste’mol qilib majburiyat va javobgarlikni unutib qo‘yishmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ammo ayrim tadbirkorlar yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanish o‘rniga, berilgan kafolatlarni suiiste’mol qilayotgani achinarlidir. Eng yomoni, ularning o‘z ishiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lishi oqibatida ko‘plab insonlar hayoti xavf ostida qolayotir.
Joriy yil 12-oktyabr kuni ayni shu masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlisida ham keng muhokama qilindi.
Tanzila Norboyeva,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi:
— Aslida ovqatdan ommaviy zaharlanish degan gap — bizning O‘zbekiston uchun juda ham uyatli holat. Chunki xalqimiz azal-azaldan toza, pokiza va halol ovqatlanishga juda katta e’tibor beradi. Biroq ayrim tadbirkorlar mo‘may daromad ilinjida ushbu masalaga panja orasidan qarayapti. Ular mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan kafolatlarning asl mohiyatini anglab yetmayotgani oqibatida bunday holatlar respublikamizda deyarli har kuni uchramoqda. O‘z navbatida aholi, ayniqsa, yoshlar va bolalar sog‘lom ovqatlanish madaniyatiga rioya etmayotgani ham tashvishli holatdir.
Alisher Shodmonov,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri:
— Ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari kamayishi uchun bunga yo‘l qo‘ygan shaxslarning javobgarligi kuchaytirilishi lozim. Tadbirkor qonundan ham, Xudodan ham qo‘rqsin. Hozir ular ikkalasidan ham qo‘rqmayapti. Chunki yuzlab maktab o‘quvchilarini zaharlab qo‘yib, ozgina ma’muriy jarima bilan qutulib ketyapti. Albatta, bundan keyin yana bemalol ishini davom ettiryapti.
Mamlakatimizda sanitar-epidemiologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruh qonunchilikka kiritiladigan tegishli o‘zgarishlar bo‘yicha takliflarni shu hafta avvalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga kiritadi. Biz shunday maqsadga erishamizki, har bir fuqaromiz umumiy ovqatlanish joyida ham, maktab-bog‘chada ham qo‘rqmasdan ovqatlana oladigan bo‘ladi.
Yangi tizim qanday samara beradi?
Joriy yil 9-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, sanitariya-epidemiologik markazlari negizida ikkita tizim — nazorat inspeksiyasi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash agentligi shakllanadigan bo‘ldi.
— Shu o‘rinda ko‘pchilikda nega degan savol tug‘ilishi, tabiiy, — deydi M. Bozorov. — Sababi, shu paytgacha tizimning vazifalari bitta organda mujassamlashgan edi. Ya’ni ishlab turgan tizim ham ijro, ham nazorat funksiyasini olib borardi. Bu esa sohada manfaatlar ko‘zlanishiga sabab bo‘lib kelayotgan edi va ayrim tushunmovchilik hamda muammolarning yuzaga kelishiga olib kelardi. Endilikda yangi tizim ishga tushgach, bunday anglashilmovchiliklar o‘z-o‘zidan barham topadi. Qolaversa, sohadagi profilaktik tadbirlarning ta’sirchanligi ortadi.
Xulosa o‘rnida
Tozalik bor joyga baraka inadi, deydi keksalarimiz. Darhaqiqat, ozodalik har bir boshlayotgan ishimizning muvaffaqiyatini ta’minlovchi muhim jihat sanaladi. Shunday ekan, barchamiz hayot tarzimida tozalikka e’tibor qaratsak, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, sog‘lom turmush tarziga amal qilib, hamisha va har yerda gigiyena talablariga rioya etsak, hech bir xastalik salomatligimizga xavf sola olmaydi.
Darvoqe...
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi uch yillikdagi 85 ta ovqatdan zaharlanish holatining 58 foizida botulizm kasalligi qayd etilgan. 27 ta holat uy sharoitida tayyorlangan sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari, 15 tasi to‘yxona va yemakxonalardagi salat va taomlar, 16 tasi esa bolalar bog‘chasi va maktablardagi talabga javob bermaydigan darajada pishirilgan ovqatlar natijasida ro‘y bergan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter