Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yunusobodda o‘tkazilgan to‘yda kelin va ko‘plab mehmonlar koronavirusga chalindi

Yunusobodda o‘tkazilgan to‘yda kelin va ko‘plab mehmonlar koronavirusga chalindi

Foto: Xabar.uz

Yurtimizda koronavirus infeksiyasi chalinish holatlarining kunlik tahlili ushbu kasallikni yuqtirib olish xavfi juda yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda ushbu kasallik bilan bog‘liq voqealar turli marosim va tadbirlar o‘tkazishda zarur ehtiyot choralarini ko‘rishimiz, imkon qadar odamlarni to‘plamaslikka, aholi gavjum joylardan uzoqroq bo‘lishimiz kerakligini taqozo etmoqda.

Gap shundaki, yaqinda poytaxtimizda nishonlangan tug‘ilgan kun 13 nafar kishini koronavirusga chalinishiga sabab bo‘lganligi va ko‘plab fuqarolar karantinga olinganligi haqida xabar bergan edik.

Kuni kecha esa Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro ikki nafar farzandini to‘rt kun ichida ketma-ket o‘tkazgan nikoh to‘yi sabab ham kelin, ham 12 nafar marosim ishtirokchisi ushbu infeksiyaga chalinadi. Ayni paytda ko‘plab odamlar ushbu infeksiyani yuqtirib olganlikda gumon qilinib, tahlil natijalarini kutmoqda.

Hozirda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ishtirok etgan va ular bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar, o‘nlab oila a’zolari «Covid-19»ga tahlil olinib, statsionar va uy karantinida tibbiy kuzatuvga olindi. Epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, ehtiyot choralari ko‘rilmas ekan, ba’zi holatlarda  tug‘ilgan kun, to‘y va boshqa shu kabi tadbirlar fuqarolarning ommaviy kasallikni yuqtirib olishiga sabab bo‘lmoqda. Bu barchamizdan zarurat bo‘lmaganda ommaviy va oilaviy tadbirlar o‘tkazishdan hamda unda ishtirok etishdan vaqtinchalik  tiyilib turishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘zimiz va yaqinlarimizning salomatligi uchun bebaho qoida ekanligini unutmasligimiz kerak, deyiladi SSV xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring