Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yuk mashinasi haydovchisidan rok-n-roll qiroligacha

Yuk mashinasi haydovchisidan rok-n-roll qiroligacha

Mashhur qo‘shiqchi Elvis Aaron Presli sahnaga chiqishidan avval Memfis shahridagi elektr kompaniyasida yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlaganini bilarmidingiz? O‘sha paytda hech kim bu yigit Amerika madaniyatini butunlay o‘zgartirishiga ishonmasdi.

1953-yilda Elvis Sun Records studiyasiga kirib, onasi uchun oddiy qo‘shiq yozdirmoqchi bo‘ladi. Lekin bu ijod mahsuli nafaqat qo‘shiq, balki butun bir davrning sevimli singliga aylanadi.

Elvis Presli nafaqat qo‘shiqchi, balki kino aktyori ham edi. U 30 dan ziyod filmda rol ijro etgan. Sahnadagi harakatlari va yurakni larzaga soladigan ovozi Elvisni bir necha avlodning ikonasiga aylantirdi.

Elvis Preslining siri faqat ovozida emas, balki shaxsiyatida ham edi. U afroamerikaliklar musiqasi — blyuz, gospel va janubiy kantri janrlarini o‘zida uyg‘unlashtirib, bugungi pop va rok musiqasiga poydevor qo‘ygan. Elvisning sahnadagi kiyinish uslubi — yaltiroq kostyumlar, baland yoqali pidjaklar va oq tuflilar butun boshli modaga aylangan.

Shuningdek, Elvis AQSh armiyasida xizmat qiladi va Germaniyaga borgan paytida bo‘lajak rafiqasi Prissilla bilan tanishadi. Uning hayotini muhabbat, shon-sharaf va shaxsiy dramalar bilan to‘lib-toshgan haqiqiy hikoya deyish mumkin.

Elvis Preslining mo‘’jizaviy karerasiga qaramasdan, hayoti fojiali yakun topgan — u 1977-yilda 42 yoshida vafot etadi. Lekin Greyslenddagi uyi haligacha minglab muxlislarni o‘ziga jalb qiladi. Bugungi kunda Elvis Presli nafaqat musiqa tarixi, balki Amerikaning madaniy yuragi sifatida ham hurmat qilinadi.

Nurbek Alimov

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring