Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YPX xodimlarini suratga olib, internetga tarqatish rostanam taqiqlandimi?

YPX xodimlarini suratga olib, internetga tarqatish rostanam taqiqlandimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda, turli kanallar va guruhlarda YPX xodimlari bilan muloqot davomida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan YPX xodimlarini rasmga yoki videoga olib internetga joylashtirishlari taqiqlangani haqidagi xabarlar urchib ketdi.

Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Yo‘q, bu xabarlar hozircha feyk. Chunki gap 2022 yil 12 aprel kuni imzolangan «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish» haqidagi hukumat qarori haqida ketyapti.

Esingizda bo‘lsa, ushbu qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilganda yuqoridagi nizomning 19-bandiga quyidagi yangi xatboshi qo‘shish taklif qilingan: «YPX xodimining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatda olingan foto va video tasvirlarini uning ruxsatisiz Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirmaslik».

Mazkur qo‘shimcha jamoatchilikning katta e’tiroziga sabab bo‘lgan. Bu inson huquqlarining toptalishi deya ta’riflangan. Hatto Bosh prokuratura ham jiddiy e’tiroz bildirgandi.

12 aprel kuni imzolangan hukumat qaroriga ko‘ra, 19-bandga kiritilishi kerak bo‘lgan mazkur qo‘shimcha chiqarib tashlangan. Ya’ni muhokamada jiddiy qarshilikka uchragani uchunmi, yangi qarorda bu haqda umuman gap yo‘q. Faqat old qatordagi yo‘lovchilarning kamar taqishi, dislokatsiya so‘ramaslik, mast haydovchini aniqlash, fotoradar va boshqa uskunalardan foydalanish kabi o‘zgartirishlar bor xolos.

Demak, bir necha kundan beri aylanayotgan YPX xodimlarini suratga olib internetda tarqatish taqiqlangani haqidagi xabarlar hozircha yolg‘on, chunki huquqiy asosi yo‘q. Bunday feyk xabarlarga qarshi ichki ishlar organlari va AOKA darhol munosabat bildirib, rad etib chiqardi, negadir bu gal mum tishlab turishibdi.

Balki muhokamaga qo‘yilgan qaror nomini o‘zgartirib, boshqa nizomga qo‘shimcha kiritishgandir, biz ko‘rmay qolgandirmiz. Unda rasman izoh berishsa, hammaga yaxshi bo‘lardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring