Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yoshlar Ittifoqi tuman kengashi raisi majburiy paxta terimi sabab jarimaga tortildi

Yoshlar Ittifoqi tuman kengashi raisi majburiy paxta terimi sabab jarimaga tortildi

Majburiy mehnatga qarshi amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi tadbirlarga qaramay, hamon qonun buzilish holatlari uchrayapti, deb xabar berdi Mehnat vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Xorazm viloyati Bog‘ot tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i hamda xuddi shu hududning Moliya bo‘limi rahbari ishchi xodimlarni majburan paxta yig‘im-terim ishlariga jalb etganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan (eng kam ish haqining 30 barobarida) ma’muriy jarimaga tortildi.

Namanganda Vatanparvar tashkiloti viloyat kengashi tasarrufidagi To‘raqo‘rg‘on o‘quv sport texnika klubi rahbari hamda Yoshlar Ittifoqi Farg‘ona viloyati Toshloq tumani kengashi raisi ham xodimlarni ularning roziligisiz majburan paxta yig‘im-terim ishlariga jalb etgan. Ayni sababdan ular ham eng kam ish haqining 30 barobarida ma’muriy jarimaga tortildi.

Shuningdek, Oqqo‘rg‘ondagi fermer xo‘jaliklarining biridan terimchilar uchun yaratilgan sharoitlarning qoniqarli emasligi yuzasidan murojaat kelib tushgan. Davlat mehnat inspeksiyasi zudlik bilan mazkur holatni o‘rganib chiqib, quyidagicha xulosa qildi: murojaat asossiz! Aniqlanishicha, «Qo‘chqor Chavandoz» fermer xo‘jaligida paxta yig‘im-terimida ishtirok etayotgan terimchilarga terim pullari o‘z vaqtida berilyapti. Bundan tashqari, terimchilarning ovqatlanishi va dam olishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, terim dalalariga ichimlik suvi va choy berilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Biroq Toshkent viloyatining mazkur tumanidagi hamma xo‘jaliklarda ham vaziyat qoniqarli emas. Davlat mehnat inspeksiyasi kelib tushgan murojaatni o‘rganib, terimchi Xudoyberdiyevaga terim pullari vaqtida to‘lanmagani hamda ularga yetarli darajada shart-sharoit yaratilmaganini aniqlagan. Natijada otryad rahbari hamda bankning mas’ul xodimi MJtKning 49-moddasi bilan jarimaga tortildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring