Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yoshlar ishlari agentligiga qator vakolatlar beriladi

Yoshlar ishlari agentligiga qator vakolatlar beriladi

Foto: Senat axborot xizmati

Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisida senatorlar «Yoshlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni ham muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning butunlay yangi tizimi yaratilib, Yoshlar ishlari agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish agentlikning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.

Ushbu vazifa va vakolatlarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish maqsadida yangi Qonun bilan «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi hamda «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarga qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Maxsus vakolatli davlat organi sifatida Yoshlar ishlari agentligiga yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat olib borish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etish, yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf qilish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatlari berilmoqda.

Shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan so‘rovlar yuborishga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari maxsus vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda kelishilishi qonunan mustahkamlanmoqda.

Qonun bilan Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoyalash sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Muhokamada so‘zga chiqqan senatorlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklar, xususan, bezorilik aks etgan videolavhalar keng tarqalayotganini taassuf bilan ta’kidlab, bunday lavhalarni bolalarsog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot sifatida baholadilar. Mazkur holatlarning oldini olishda endilikda Yoshlar ishlari agentligiga qator vakolatlar berilayotgani maqsadga muvofiqligini ta’kidladilar.

Bir so‘z bilan aytganda Qonun qabul qilinishi yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarning nazoratsizligi va huquqbuzarligi profilaktikasi, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi Yoshlar ishlari agentligining vakolatlarini huquqiy jihatdan belgilashga hamda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga asos bo‘ladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring