Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh ustaning dasturchilikdagi muvaffaqiyati

Yosh ustaning dasturchilikdagi muvaffaqiyati

Muhammadali Mamadaliyev Muxtorjon o‘g‘li Farg‘ona viloyatining eng go‘zal so‘lim hududlaridan biri Farg‘ona tumanidagi Vodil qishlog‘ida istiqomat qiladi. Ayni vaqtda u Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida 4 kursda ta’lim olish bilan birga universitetda “Dasturiy injiniring va kiberxavfsizlik fakulteti dekanatida ishlab kelmoqda.

Endigina 23 yoshga to‘lgan qahramonimiz IT, dasturchilik sohasida bugungi kunga qadar katta natijalarga erisha oldi. Ushbu muvaffaqiyatlarga erishishda uning kompyuter texnologiyalarga qiziqishi, zamonaviy ilmlarni, xususan, ITni o‘rganishi sabab bo‘ldi. Yosh, shijoatli, bilimga chanqoq qahramonimizni raqamli texnologiyalar doimo qiziqtirib kelgan.

-Bolaligimizda uyimizda kompyuter bor edi,-deya bolalik xotiralarini yodga oladi suhbatdoshimiz. -Yo‘q, u kompyuter zamonaviy ultrabuk yoki o‘yin uchun mo‘ljallangan qudratli elektron mashina emasdi. Bu oddiy men uchun sirli sexr qutisi edi go‘yo. Onam xisobchi bo‘lgani uchun ham bu quti bilan ko‘p ishlardi. Men esa u ishlamagan vaqtda kompyuterga yaqinlashib, uning klaviaturalarini bosishdan zavq olardim.

Biroq tez orada qiziqishim faqat sichqoncha o‘ynatishdan iborat emasligini, men uni qanday ishlatishni tushunishni xoxlardim. O‘sha paytlarda onam menga tez-tez bir gapni aytardi -“Kompyuterni buzib qo‘yasan, keyin kim uni tuzatadi?” Men esa sinashdan qo‘rqmasdim. Albatta, ehtiyotsizlik bilan bir necha bor kompyuterimizning ichki qismlarini buzganman.

Natijada bizning qishlog‘imiz markazidagi kompyuter ustasi meni yaxshi taniydigan bo‘lib qolgandi. Axir har gal kompyuterni tuzatishga olib borganimizda onam meni ham uning oldiga olib borardi. “O‘zi buzgan tuzatishni o‘zi o‘rgansin” deyilgan gaplar men uchun jazodek tuyulmasdi. Aksincha, men ustaning harakatlarini diqqat bilan kuzatardim, savollar berardim. Va bora-bora kichik muammolarni o‘zim hal qila boshladim. Oxir-oqibat ustaxona egasi mening qiziqishlarimni payqadi va o‘ziga shogird bo‘lishimni taklif qildi. Shunday qilib, hali maktab o‘quvchisi bo‘lsamda, kompyuterni ta’mirlash sirlarini o‘rgana boshladim, - deydi, bolaligini esalagan qahramonimiz.

O‘rta makatabning 11-sinfini tamomlagan Muhammadali dastlab, Farg‘ona tumanidagi transport va serviz texnikumida tahsil oladi. Bu orada kompyuter bilimlariga ega bo‘lgan yosh mutaxassisni tumandagi "Aholi bandlik markazi" da kompyuter operatori lavozimiga ishga taklif etishadi.

Ish jarayonida Muhammadali nafaqat kompyuter bilan ishlash, balki, davlat tizimidagi turli platformalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ammo dasturlash ilmini mukammal o‘rganishni maqsad qilgan qahramonimiz uchun bu yetarli emas edi. Ham texnikumda o‘qish, ham ishlash barobarida Muhammadali endi Marg‘ilon shahridagi raqamli texnologiyalar markaziga borib C++ dasturlash tilini chuqur o‘rganib, sertifikat oladi. Oradan biroz vaqt o‘tggach, texnikumni tamomlagan yosh dasturchi bir vaqtlar o‘zi orzu qilgan oliygoh - Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialiga talabalikka qabul qilinadi. Bu yosh aytichi uchun yana bir katta imkoniyat edi. Chunki o‘qish davrida u IT va dasturlashning sir-asrorlarini yanada mukammal o‘rganish sharoitlariga ega bo‘ladi.

-Universitet talabasi bo‘lish men uchun eng katta baxt edi, - deydi, u, chunki tanlagan oliygohimda aynan kompyuter sohasi, IT chuqur o‘rgatiladi. Bu yerda veb-dasturlash, saytlar va onlayn platformalar, mobil ilovalar yaratish, android uchun dasturlar ishlab chiqish, sun’iy intellekt va avtomatlashtirish, aqlli tizimlar yaratish kabi sohalarni chuqur o‘rgana boshladim.

Ilk yaratgan dasturim esa bolalar o‘yingohi uchun mo‘ljallangan mobil ilova bo‘lib, foydalanuvchilar o‘yingohga kirish-chiqishni kuzatishi va to‘lovlarni nazorat qilishlari uchun mo‘ljallangan edi. Keyinchalik esa interaktiv o‘yinlar, ovoz orqali boshqaradigan savdo ilovasini yaratdim. Ovoz orqali boshqariladigan ushbu savdo ilovasi do‘kon egalari qo‘llarini band qilmagan holda, buyurtmalar bera olishlari uchun ishlab chiqilgan, deya, ilk yaratgan dasturlari bilan o‘rtoqlashdi suhbatdoshimiz.

Universitetda dasturlash sohasida tajriba ortirgani sari qahramonimiz uchun IT sohasi shunchaki ish emas, haqiqiy hayot tarziga aylangandi. Hozirgi kunda esa u o‘qish bilan birga universitet jamoasi safida ishlab, yangidan yangi loyihalar yaratish ishqi bilan yashamoqda.

Xususan, ayni vaqtda u ta’lim sifatini yanada oshirishga qaratilgan ilova Uni Coin ilovasini yaratib, uni hayotga tadbiq etish harakatida yuribdi. Uni Coin ilovasi esa talabalarning bilimlarini adolatli baholash, iqtidorli talabalarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish tizimini yaratishga yo‘naltirilgan. U asosan blokcheyn texnologiyasi asosida ishlaydi. Ushbu loyiha yordamida talabalar bilim darajasi bo‘yicha Uni Coin tokenlarini qo‘lga kiritadilar.

Bu esa ularning rag‘batini oshiradi va universitet ichida sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi. Ushbu ilova orqali talabalar o‘z intellektual yutuqlari evaziga tokenlarga ega bo‘lishadi va kelajakda bu tokenlarni xalqaro grantlar yoki maxsus amaliyot dasturlarida ishlatish imkoniyatlariga ega bo‘lishadi. Ushbu loyiha orqali Muhammadali ta’lim sohasida inovatsion yondoshuvlarni joriy etishni, talabalarning bilim olish jarayoniga bo‘lgan qiziqishni oshirishni va eng muhimi, o‘quv jarayonining shaffofligini ta’minlashni maqsad qilgan.

IT ni o‘rganish barobarida qator zamonaviy kasblarni ham o‘rgana boshlagan qahramonimiz, olgan bilimlari asosida yaxshigina natijadorlikka erisha boshladi. "Xususan, grafik dizayn, brending, videomontajorlik, operatorlik kabi kasblarni ham o‘rgandi. Olgan bu bilimlarim menga hayotimda juda ko‘p as qotmoqda. Xususan, videomontajorlik qilib o‘z mahsulotlarim uchun alohida telegram kanal ochdim. Hozirda ushbu kanalimda 6500 dan ortiq xorijiy va o‘zbek foydalanuvchilari kuzatib, ular video montaj bilim sirlarini onlayn o‘rganib borishmoqda. IT da o‘rgangan turli ilovalar va ushbu telegram kanalim orqali oylik daromadim 8 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu esa hozirchaga, yana foydali va daromadli ilovalarni ishga tushirishni o‘ylab turibman", - deydi, Muhammadali. 

Bugun IT ni o‘rganish nima uchun muhim deb bergan savolimizga suhbatdoshimiz "hayot raqamlashib bormoqda, bu esa yashash tarzimizga qator qulayliklarni yaratmoqda", -deb, javob berdi. Misol uchun oddiy cho‘ponlik kasbini olayliik, ilgarilari qo‘ylarni qo‘lda boqish, ularni kechasi qo‘riqlash va sog‘ish ishlari qo‘lda bajarilgan. Ammo hozir cho‘ponlik ham IT texnologiyalari tizimidan foydalanilmoqda. 

Qo‘y podalari o‘z vaqtida kirib-chiqishi uchun darvozalar avtomatlashtirilgan. Shuningdek, har bir hayvonning sanog‘i, harakatlanish holati va sog‘lig‘i elektron kuzatilib borilmoqda. Fermalarda robotlashtirilgan sut sog‘ish moslamalari yaratildi. Bu kabi holatni barcha korxona va tashkilotlarda ko‘rish mumkin. Elektron tizim ish jarayonini yanada osonlashtirmoqda. Bu degani IT hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda, degani. Biz yoshlar esa bu bilim va texnologiyalarning sir-asrorlarini chuqurroq o‘rganishimiz kerak. Ana shunday bilimlarni olgan yoshlar esa ulkan muvaffaqiyat qozonmoqdalar. 

IT sohasi esa bizga istalgan joyda ishlash imkoniyatini, frilanser, remote kabi ishlar tezkor rivojlanish va yuqori daromad topish imkoniyatlarini ulashadi, kreativ fikrlashga o‘rgatadi. Shu sabab biz yoshlar uchun IT va kelajak kasblari juda kerakdir.

Ayni vaqtda o‘z ustida ishlashda davom etayotgan qahramonimiz Veb3, Solditiy, blokcheyn, Remiks IDE, Visual Studio Code, Hardhat kabi dasturlarda ishlab kelmoqda. Shuningdek, sun’iy intellekt bilan bog‘liq texnologiyalar ChatGPT, Midjourney, Goggle Gemini kabi IT vositalaridan foydalanib kelmoqda. 

Pyton dasturlash tilida turli bot va avtomatlashtirish tizimlarini yaratish, Figma orqali dizayn ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari Adobe Primere, Pro, Avter, Effects kabi dasturlar orqali videomontaj va kontent yaratish ishlari bilan shug‘ullanib kelmoqda. Shuningdek, Muhammadali Elektron daftar ilovasini yaratgan bo‘lib, unda do‘konlar uchun harajat va daromadlarni yuritish, soliq organlari bilan integratsiyalashgan tizim sanaladi. Bu ilova kichik bizneslar uchun moliya boshqaruvini osonlashtirib, hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, harbiylar uchun Web3 chat Dap Matrix texnologiyasidan foydalanilgan holda xavfsiz va shifrlangan chat platformasi ustida ishlamoqda. U davlat tashkilotlari, harbiiy bo‘linmalar va maxsus xizmatlar uchun aloqa tizimini yaratish maqsadida ishlab chiqilmoqda. Kim oshdi savdolarini shaffoflashtirish ilovasi esa korrupsiyani kamaytirish va adolatli taqsimotni ta’minlashga yordam beradi.

Shu kabi yaratilayotgan foydali ilovalar insonlar va davlat tashkilotlarida mexnat qilayotgan xodimlar uchun manfaatli xizmat qiladi.

Hayot shiddat bilan xuddi oqar soy kabi oqib bormoqda. Vaqtning har bir onidan unumli foydalanish har bir insonning o‘ziga bog‘liqdir. Bugun raqamli texnologiyalar orqali hayotimizga yanada osonlik, qulaylik va farovonlik olib kirish uchun faqatgina zamonaviy kelajak kasblaridan xabardor bo‘lsak bas. Bir vaqtlar qilingan shirin orzu va hayollar, albatta, haqiqatga aylanajak.

                                             Fotima MANSUROVA

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring