Yopiq eshiklar ortida taraqqiyot bo‘lmaydi. «Xitoy mo‘jizasi» siriga nazar
Hozirgi kunda xalqaro hamjamiyat va OAVda «osmonosti o‘lkasi» deb nom taratgan zamonaviy Xitoy Xalq Respublikasi – ko‘hna Chin xalqi erishayotgan ulug‘vor yutuqlar to‘g‘risida ko‘p gapirmoqda. Hatto uni 2030 yilga borib AQShni quvib o‘tib, jahonning birinchi raqamli iqtisodiyotiga aylanishi aytilyapti.
Iqtisodiy tashabbuskorlik, bozorga moslashuv, raqobatbordoshlik
Xitoyliklar o‘z muvaffaqiyatlarini Xitoy Xalq Respublikasining asoschilari Mao Szedun, Chjou En Lay va, albatta, yangi Xitoy me’mori sifatida dunyoga tanilgan Den Syaopin kabi shaxslar bilan bog‘laydi.
Xitoy yalpi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha Germaniya, Angliya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Hindistondan va mana hozir hatto AQShdan ham o‘zib ketyapti. Tarixan qisqa muddatda bunday muvaffaqiyatlar nimalar hisobiga qo‘lga kiritilmoqda, degan savol hammani qiziqtiradi.
Xitoyning so‘nggi 40 yillikda qo‘lga kiritgan yutuqlari zamirida iqtisodiy tizimidagi olib borgan samarali islohotlari turishini bugungi kunda tahlilchilar tan olmoqda. Islohotlar boshlangan yillarda Xitoyda deyarli xususiy korxonalar yo‘q edi. Bugungi kunda ular umumiy ishlab chiqarishning 75 foizini tashkil qiladi. Bu mamlakatda nafaqat xususiy mulkchilikka, balki iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham munosabat tubdan o‘zgardi. Avvallari ishlab chiqarish va iste’mol markazlashgan bo‘lsa, endilikda ular firma va oilalar qo‘liga o‘tdi. Ma’muriy buyruqbozlik o‘rnini iqtisodiy tashabbuskorlik, bozorga moslashuv, raqobatbordoshlik egalladi.
Xitoyni kim boqadi?
Tahlilchilar fikricha, «individual tashabbuslarning erkinligi iqtisodiy taraqqiyot omili ekanligini» Xitoydagi islohotlar isbotlab berdi. Hukumat nafaqat sanoatda, balki agrar sohada ham keng qamrovli o‘zgarishlar qilishga qaror qildi. Xitoy jahondagi haydaladigan yerlarning 7 foiziga ega bo‘lishiga qaramay, yer shari aholisining to‘rtdan bir qismini boqishi lozim. Bir vaqtlar xalqaro hamjamiyat oldida «Xitoyni kim boqadi?» degan savol paydo bo‘lgan edi.
O‘shanda Xitoy rahbarlari va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassislar «Xitoyliklar o‘zini o‘zi boqa oladi» deb o‘z vaqtida javob qaytarishgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. 1978-yildan boshlab Xitoyda agrar soha taraqqiy eta boshladi. Buning samarasi o‘laroq, bugungi kunda Xitoy g‘alla, paxta, yog‘-moy, meva-sabzavot, go‘sht, tuxum yetishtirishda jahonda yetakchilik qiladi.
Xitoy mo‘’jizasi
Mamlakat kichik biznesi mayda ustaxonalardan boshlangan. Yillar o‘tib kichik biznes «Xitoy mo‘’jizasi»ni yaratdi.
Eksportga chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlarning asosiy qismi aynan kichik biznes korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Jahondagi elektronika mahsulotlarining katta qismi «Osmonosti mamlakati» korxonalarida yig‘ilganini ham tan olish kerak. Dunyo aholisi Xitoy mahsulotlari sifatidan qoniqish hosil qilmasa-da, baribir ularni sotib olmoqda.
Mamlakatda arzon, shu bilan birga sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buning natijasida jahonning har bir mamlakatida Xitoy mahsulotlarini uchratish mumkin. Ko‘pchilik italyan poyabzali, ingliz kastyum-shimi, shveysariya soatidan foydalanishidan faxrlanishi mumkin. Biroq agar diqqat bilan qaraydigan bo‘lsak, (Afrika, Avstraliya, Yevropa yoki Amerikada bo‘ladimi) dunyoning har bir mintaqasida istiqomat qiluvchi oilalarning dasturxonidagi mahsulotlardan tortib maishiy turmushda ishlatilayotgan buyum va jihozlarning hammasida «Made in China» tamg‘asini ko‘rishimiz mumkin.
Yutuqlarning asosiy omili
Xitoyda jahondagi mashhur brendli mashinalarga o‘xshash avtomobillarning ishlab chiqarilayotganiga ham tan berish kerak. To‘g‘ri, hozircha Xitoyda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar sifati yapon, nemislarniki darajasiga yeta olmagan, biroq xitoylik mutaxassislar qo‘lni qovushtirib, xotirjam o‘tirishayotgani yo‘q. Bu mamlakat tadbirkorlari jahonda yangi paydo bo‘lgan har qanday mahsulotni ishlab chiqarishni o‘zlashtirib olishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan.
Ekspertlar Xitoydagi iqtisodiy taraqqiyotga baho berishar ekan, bunga mamlakat aholisining milliy mentaliteti asosiy omil bo‘layotganini ta’kidlashmoqda. Chunki, mehnatni iqtisodiy farovonlik omili bilan bir qatorda milliy qadriyat deb bilgan xitoyliklar o‘zlarining tadbirkorliklari va mehnatsevarliklari bilan faxrlanishadi. Tarixiy manbalarda «Osmonosti» davlati deb tilga olingan qadimiy Chin mamlakati xalqining tadbirkorligi, ishbilarmonligi, mexnatsevarligi va, qolaversa, hukumatning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan chinakamiga osmonga chiqdi.
Qashshoqlikdan qanday chiqildi?
O‘tgan asrning 60-yillaridagi «katta sakrash» va «madaniy inqilob» tufayli 1976 yil so‘ngiga kelib, Xitoy chuqur iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Xitoy matbuoti yozganidek, 1966-1976 yillar mamlakatni ortga uloqtirib tashlagan «yo‘qotilgan o‘n yilliklar» davri bo‘ldi.
Mamlakat iqtisodi butunlay tanazzulga uchragan, yuz minglab aholi qashshoqlikda hayot kechirardi. 1978 yilda import mahsulotlarini xarid qilish uchun ham valyuta yetishmas, texnologiya bo‘yicha Xitoy rivojlangan mamlakatlardan bir necha o‘n yil ortda qolib ketgan edi. Aholisining 70 foizi qishloqlarda istiqomat qilardi. Ularning daromadi yashab qolishgagina yetardi. Qo‘shimcha mablag‘ topish qat’iyan man qilingan edi.
Mamlakatning «buyuk ilhomchisi» Mao Szedun vafot etganidan (1976-yil sentyabrda) so‘ng hokimiyatga Xua Gofen keladi. U Mao Szedun siyosatini davom ettirishini aytadi. Shu bilan birga, rahbariyat ichida pinhona kurash boshlanadi. Oxir-oqibat Den Syaopin boshchiligidagi pragmatiklar g‘alaba qozonadi. 1977 yilning iyunida Den Syaopin rahbarlik lavozimlariga saylanadi. U partiya raisi o‘rinbosari, Harbiy Kengash raisining o‘rinbosari, Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi Bosh shtabining boshlig‘i, XXR Davlat kengashi raisining o‘rinbosari lavozimlarini egallaydi. 70-yillarning oxiriga kelib, Den Syaopin amalda partiya va mamlakat yetakchisiga aylanadi.
Xitoy yopiqligi tufayli o‘tmishda qoloq edi
Uning g‘oyasi bo‘yicha to‘rt yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi, sanoat, armiya hamda fan va texnika tubdan isloh etilishi kerak edi. 1978-yilning 22-dekabrida tarixiy qaror qabul qilinadi – Den Syaopin va uning hammaslaklarining tashabbusi qo‘llab-quvvatlanadi hamda «proletariat diktaturasi ostida inqilobni davom ettirish» g‘oyasidan voz kechiladi. Shu tariqa mamlakatda keng qamrovli modernizatsiya jarayonlari boshlanadi. Unga ko‘ra, yangi islohotlar va ochiqlik siyosati tasdiqlanadi.
Shu tariqa xorijiy kapitallarni jalb qilish, fan-texnika yutuqlaridan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor kuchaydi.
«Hozirgi dunyo – keng aloqalar dunyosidir. Xitoy yopiqligi tufayli ham o‘tmishda qoloq edi. XXR tashkil etilgandan so‘ng bizni yakkalab qo‘yishdi. Shuningdek, bizning o‘zimiz ham yopiq edik. 30 yillik tajribamiz yopiq eshiklar ortida qurilishni amalga oshirib bo‘lmaslikni, taraqqiyotga erishib bo‘lmaslikni ko‘rsatdi... Oqmi, qorami – rangining farqi yo‘q, mushuk bo‘lsin – sichqon tutsin», – degan edi o‘shanda Den Syaopin.
Zarur siyosiy sharoitlar yaratilganidan so‘ngina Den Syaopin keng qamrovli islohotlarni hayotga tatbiq etishga muvaffaq bo‘ldi. Den Syaopin Xitoy voqeligidan kelib chiqqan holda rejali iqtisoddan bozor iqtisodiyotiga o‘tish nazariyasini ishlab chiqdi. Shu sababli ham uni Xitoy islohotlarining buyuk otasi deya ta’riflashadi. Xitoyning avvalgi va hozirgi rahbarlari Den Syaopin g‘oyalariga sodiq ekanliklarini aytishadi.
Den Syaopin g‘arb mamlakatlari bilan muloqotlarni yo‘lga qo‘ydi va iqtisodiyotni ko‘tarishda Yaponiya tajribasidan foydalanishni tavsiya qildi. 1979 yilda Den Syaopin AQShga tashrif buyurdi va Oq uyda prezident Jimmi Karter bilan uchrashdi, moliyachilar bilan Xitoyni qanday qilib modernizatsiya qilish va sanoati rivojlangan mamlakatga aylantirish masalasida maslahatlashuvlar o‘tkazdi.
Qiyinchilik va qarama-qarshiliklarga qaramay, Xitoy belgilangan yo‘ldan og‘ishmay olg‘a yurdi. Sohil bo‘yida joylashgan Shanxay, Sindao, Ninbo, Guanchjou, Chjanszyan va Beyxay kabi shaharlar sanoati gullab-yashnagan markazlarga aylandi. Bu esa mamlakatning rivojiga omil bo‘ldi. Maxsus iqtisodiy zonalar soni ortib bordi, yuqori va yangi texnologiyalar zonalariga ham katta e’tibor qaratildi.
Odamlar o‘tgan yilga nisbatan bu yil yaxshiroq yashasin
Den Syaopin shiorlarga o‘ch emas edi. Uning shiori bitta: «Odamlar o‘tgan yilga nisbatan bu yil yaxshiroq yashasin». Islohotlar shunday bilan olib borildiki, odamlar yildan-yilga avvalgi yilga nisbatan yaxshiroq yashay boshladi.
Undan minnatdor bo‘lgan xitoyliklarning aytishlaricha, hozirgi hayotlaridan rozidirlar. Den Syaopin islohotlar o‘tkazar ekan bir narsani – u ham bo‘lsa markaziy hokimiyatni bo‘shashtirmaslikni anglab yetdi. Islohotlar shoshma-shosharlik bilan emas, yetti o‘ylab bir kesgan holda olib borildi. Den Syaopin Xitoyni buyuk davlatlar qatoriga olib chiqishni orzu qilardi va bu orzusiga erishdi. Ayni damda Xitoy zamonaviy sanoati tezlik bilan taraqqiy etayotgan, fan va madaniyati rivojlangan mamlakat, deya tan olinadi.
Dilshod Ibrohimov,
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tadqiqotchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter