Yomon-yomon, qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqargan yomon!
Hozir zamon o‘zgacha, davr bo‘lakcha. Vaqt shiddati ham shunga yarasha. Masalan, biror yig‘ilishda o‘tkir muammo yuzasidan fikr bildirsangiz, yashin tezligida dunyoning narigi burchagiga yetib boradi. Ustiga-ustak, hali «berdi»sini aytmasingizdanoq, aks-sado beradi. Mabodo, taklifingizni oqibatini o‘ylamay va har tomonlama asoslamay, qat’iy xulosa sifatida o‘rtaga tashlasangiz, unda tomoshaning kattasini ko‘raverasiz.
Mana, bir misol.
Joriy yilning 30-iyunida mamlakatimizda Yoshlar kuni ilk bor nishonlandi. Shu munosabat bilan joylarda anjumanlar o‘tkazildi. Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham navqiron avlod vakillari davrasida bo‘ldi. Ochiq muloqot chog‘i noyob iqtidor sohiblaridan biri o‘zining poytaxt avtobekatlarida kutubxona, Wi-Fi hududlari va boshqa imkoniyatlarga ega kichik yoshlar markazi ochish loyihasi haqida so‘z yuritadi. Hokim uning rejasini tinglagach, «Buni bekatlardan boshqa yerda tashkil etsak, maqsadga muvofiq. Chunki bekat transportlar, avtobuslar to‘xtashi uchun. Ko‘pchilik do‘kon qurmoqda. Natijada mashinalar to‘xtab, jamoat transportlari harakatiga xalaqit qilmoqda. Yaqin kunlarda bekatlarda do‘kon bo‘lmaydi. Bekat bekatligicha qoladi», deydi.
Tabiiyki, bu javob ommaviy axborot vositalarida batafsil yoritildi. Chunonchi, O‘zA tomonidan «Toshkent shahri bekatlaridagi barcha marketlar yopiladi» sarlavhasi ostida tarqatildi. Boshqa ijtimoiy tarmoqlarda «Toshkent shahri avtobus bekatlaridagi do‘konlar buziladi», «Barcha bekatlar buzilishiga buyruq berildi», «Endi bekatlarda magazin bo‘lmaydi», «Toshkent bekatlaridagi do‘konlarni yopish taklif qilindi» qabilida har xil talqin etildi. Dalil sifatida boyagi so‘zlar aynan keltirildi.
Mohiyatan yondashganda, bu xabarlar hokim bekatlardagi do‘konlarni buzishga rosmana ahd qildi, degan ma’noni anglatardi. Shu bois, qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Kimdir yangi tashabbusni ma’qullasa, kimdir rad etdi. Ko‘pchilik qattiq ranjib, jiddiy e’tirozlar bildirdi. Marhamat, ulardan ayrimlarining mazmuni bilan tanishing:
«Bu do‘konlar kimga xalaqit berdi?.. Ularni birovlar mashinasini bekatda to‘xtatayotgani kasofatiga buzish shartmi?»
«Do‘konlarga tegmang! Undan ko‘ra, egalaridan bekatni har doim toza-ozoda tutishini, qulayliklarni ko‘paytirishni talab qiling! Xalqqa va davlatga shunisi foydaliroq».
«Sobiq hokim davrida «Bekatlarda do‘kon och, devorini oynavand qil, ichiga konditsioner o‘rnat!» deyishdi. Eshik-derazasi faqat «Akfa»niki bo‘lishini shart qilib qo‘yishdi. Tadbirkorlar qancha-qancha mablag‘ sarflab, bu talabni ado etishdi. Shunday ekan, o‘shanda bizga eshik-deraza sotgan odam bugun ularni buzishga chog‘langanini qanday baholaysiz?»
«Qiziq, biri «Qur!» deydi — otning kallasiday pul sarflab, aytganini bajarasan. Boshqasi kelib, «Buz!» deydi — dodingni kimga aytishni bilmaysan. Bunaqada kim katta sarmoya tikib, biznes qiladi?!.»
«Besh yilcha avval har bitta bekatni bir yarim mingga sotishuvdi. Endi ularni olganlar pullariga kuyib qolishlari aniq».
Bunday gap-so‘zlar ko‘paygach, mas’ullar hushyor tortishdi. Pirovardida «Saytlarda noto‘g‘ri yozishdi. Hokim «Falon narsalarni buzamiz, yo‘qotamiz!» demadi. Uchrashuvdagi gapini taklif sifatida aytdi. Hozircha bekatlardagi do‘konlarni buzish to‘g‘risida qaror yo‘q. Bu masalada ijtimoiy fikrga tayaniladi. Shu maqsadda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati o‘z sayti orqali so‘rov o‘tkazadi. Uzil-kesil qaror poytaxtliklar fikri o‘rganilgan holda qabul qilinadi» mazmunida fikr bildirishdi.
Xo‘sh, bu o‘rinda kim haq — jurnalistlarmi yoki hokimlik mutasaddilarimi?
Ochig‘i, men o‘sha tadbirda qatnashganim ham, hokimning javobini shaxsan eshitganim ham yo‘q. Inchunin, o‘zimcha qozilik qilolmayman. Faqat bir narsani eslatmoqchiman: shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaganidek, tagsiz xabar ham bejiz bolalamaydi. Kasbini ulug‘laydigan va nufuzli tahririyatda ishlaydigan jurnalist kelib-kelib, kimsan — poytaxt shahar hokimi aytmagan gapni o‘zicha bichib-to‘qib, elga yoymaydi. Qolaversa, «Yaqin kunlarda bekatlarda do‘kon bo‘lmaydi. Bekat bekatligicha qoladi» kalimalarini eshitgan yoki o‘qigan har qanday odam «Hokim allaqachon qat’iy to‘xtamga kelibdi. Bu holda so‘rov xo‘jako‘rsinga o‘tkaziladi!» degan xulosa chiqarishi tayin. Ayni chog‘da, ba’zi hamkasblarimiz shoshqaloqlik qilib, to‘ydan oldin nog‘ora qoqishganini, barcha bekatlarni buzishga buyruq berilgani haqida noto‘g‘ri yozishganini oqlab bo‘lmaydi...
Endi esa, keling, asl muddaoga o‘taylik.
Mevasimon bekatlar borligini bilasizmi?
Bilasiz, bekatlar avtobus, tramvay, trolleybus, poyezdlar, yo‘nalishli taksilarga chiqish hamda ulardan tushish uchun mo‘ljallangan jamoat joyi hisoblanadi. Shu bois, ularni odamlar uchun o‘ng‘ay yerda qurish, mahalliy iqlimga moslashtirish, zarur qulayliklarni muhayyo etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi vaqtlarda esa bekatlarning antiqa turlari kashf qilindi. Misol uchun, Buyuk Britaniyaning chekka Uelxempton qishlog‘ida ajabtovur avtobus bekati qad rostladi. Hamkasbimiz Sh.To‘laganovning yozishicha, u toshdan ko‘tarilgan bo‘lib, qadimgi Angliya uylarini eslatadi. Ichida kreslo, tuvakli gullar bor. O‘rindiqlari yostiqli, devoriga suratlar ilingan. Eskicha yog‘och romga avtobuslar qatnovi jadvali joylashtirilgan.
AQShning Baltimor shahrida yashovchi haykaltarosh Kristofer Fennell erinmaganlar sirasidan ekan. U tashlandiq avtobusni g‘aroyib bekatga aylantirdi. Londonlik yangilik shaydolari ham bo‘sh kelishmadi, yuz mingta detaldan LEGO o‘yinchoqlariga monand bekat yasashdi.
Xoh ishoning-xoh ishonmang, Yaponiyaning Konagai shahridagi bekatlardan 16 tasi turli meva-sabzavot shaklida. Odamlar ularga obdon mehr qo‘yishgan. Shundanmi, «Men «Qovun»dan o‘tdim, «Tarvuz»da tushaman», deyishni xush ko‘rishadi. Sayyohlar ham mevasimon bekat ko‘rinishidagi yoki uning tasviri muhrlangan sovg‘alarni xarid qilishni yoqtirishadi.
Bundan-da qizig‘i, salgina burun Ostonadagi ayrim bekatlar tomiga qozoqcha qalpoq «kiydirildi». Rossiyada bo‘lgan jahon chempionati arafasida esa Rostovda futbol to‘piga o‘xshash bekat loyihasi ma’qullandi.
Kim qiladi o‘ttiz, kim qiladi to‘s-to‘s
Davr taqozosi bilan hozir bekatlar ham zamonaviylashtirilmoqda. Bu borada bizning yurtimizda, xususan, Toshkent, Andijon, Namangan, Samarqand shaharlarida ham diqqatga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bekatlarni oynavand, yog‘in-sochindan va saraton oftobi tig‘idan himoyalaydigan qilib tiklash, isituvchi-sovituvchi konditsioner, bankomat, to‘lov terminali, avtobuslarning kelish vaqtini, valyuta kursini, ob-havo ma’lumoti va soatni ko‘rsatuvchi elektron tablo, mobil telefon, planshet va noutbuklarni quvvatlantirish uskunalari, turli o‘rindiqlar va chiqindi qutilari bilan ta’minlash, reklamalarni joylashtirish masalalariga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Tarkibida do‘konlar va tamaddixonalar ochilib, maishiy, savdo-sotiq, internet, kompyuter va «Paynet» xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuning barobarida talay kishilar ish bilan ta’minlanmoqda. Yo‘lovchilar esa kutayotgan avtobuslari kelgunga qadar bekatda nafas rostlashmoqda. Xohlasalar, xuddi shu yerda o‘z ehtiyojlari uchun zarur mahsulotlarni xarid qilib yoki har xil xizmatlardan foydalanib, vaqtdan yutishmoqda.
Joriy yilning 30-iyunida Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Termizda orqa va yon uzvlari uyali polikarbonat ustunlardan iborat ikkita «aqlli bekat» ishga tushirildi. Ularda yo‘lovchilar yuqorida aytilgan imkoniyatlardan tashqari, bepul Wi-Fi tarmog‘idan, poyabzal tozalagichdan foydalanishlari, «Fuqaro — tezkor yordam xizmati» favqulodda aloqa axborot paneliga ulanishlari mumkin. E’tiborli jihati, bekatning ochiq va yopiq kutish zallaridagi yoritgichlar, iqlimni nazorat qiluvchi qurilmalar, atrof-muhit monitoringi sensori, USB-portlar va boshqa jihozlar ishlashi uchun kerakli energiyani shu yerga o‘rnatilgan quyosh panellari yetkazib beradi. Videokuzatuv kameralari yo‘lovchilar oqimini o‘rganib, jamoat transporti qatnovini oqilona rejalashtirishda, bekat va uning atrofida jamoat tartibini saqlashda asqotadi. Uch bo‘lmali maxsus qutichalar chiqindilarni turlarga ajratishda va aholining ekologik madaniyatini oshirishda qo‘l keladi. Bekat oynalari esa kech tushgach, ijtimoiy va tijoriy reklamalar namoyish etiladigan katta ekran vazifasini o‘taydi. Roliklarni ichkarida o‘tirib yoki tashqarida turib, bemalol tomosha qilaverasiz.
Innovatsion bekatlar yo‘lovchilar va haydovchilarga qulayligi bilan ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Shunga ko‘ra, hozir Termizda yana 8 tasi qurilyapti. Keyinchalik ularning jami sonini 50 taga yetkazish, qariyb uchdan bir qismida kutubxona, savdo-sotiq va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ochish mo‘ljallanyapti. Bu tajribani yurtimizning boshqa viloyat va shaharlarida ham dadil qo‘llash taraddudi ko‘rilyapti.
Taajjubki, ana shunday bir paytda Toshkent shahri hokimligi, Innovatsion rivojlanish vazirligidan farqli o‘laroq, bekatlardagi do‘konlardan voz kechish g‘oyasini ilgari surmoqda. Qani, bir oz kutaylik-chi, xalqqa ulardan qay biri tanlagan yo‘l ma’qul bo‘larkin?..
Burgaga achchiq qilib, ko‘rpa kuydirmang!
Ha, aytgancha, bizning diyorimizda bekatlarda boshqa narsalar qurish taqiqlanmagan. Bil’aks, «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasida sanitariya va texnik talablarga mos, zamonaviy ko‘rinishga ega bekatlar va to‘xtab o‘tish manzillariga mahalliy davlat hokimiyati organlari ruxsati bilan aholiga xizmat ko‘rsatish ob’yektlari joylashtirilishi mumkinligi qayd etilgan. Faqat bunda yo‘lovchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi hamda transport harakati xavfsizligi ta’minlanishi shartligi uqtirilgan.
Zero, bekatlarni xususiy avtomobillar, yengil taksilar va yuk mashinalari band etishi mumkin emas. Aks holda, yo‘lovchilarga, avtobuslar va yo‘nalishli taksilar haydovchilariga xalaqit beradi. Goho baxtsiz hodisalarga sababchi bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Biroq birgina shu vajni ro‘kach qilib, bekatlardagi el koriga yarayotgan do‘konlar va boshqa shoxobchalardan voz kechish, bizningcha, adolatdan bo‘lmaydi.
Sababiga qiziqsangiz, aytaman: agar o‘n nafar haydovchidan ikki nafari bekatda xaridor yoki mijoz sifatida to‘xtasa, qolgani yo‘lovchi ovlash ilinjida to‘xtaydi. Aksariyati xususiy avtomobilida noqonuniy kirakashlik qilayotgan, ertayu kech hali u-hali bu jamoat joyiga tanda qo‘yib, hammaning asabini qaqshatayotgan kishilar bo‘lib chiqadi. Shundaylardan bir galasi 4-5 yildan buyon Sergelidagi «10-oilaviy poliklinika» bekatini «zabt» etishgan. Qachon qaramang, ular avtobus to‘xtaydigan maydonchaga mashinalarini ikki qatorga tizib qo‘yib, o‘zlari yo‘lovchilar kursisiga o‘tirib olishadi. Tanbeh bersangiz, zarracha pinak buzishmaydi. Eshikdan haydasangiz, teshikdan kirib kelaverishadi. Shuning kasofatiga avtobuslar bekatdan ancha narida to‘xtashga, odamlar ularni qishin-yozin ochiq joyda tik turib kutishga majbur bo‘lishadi. Bunday holatlarni boshqa bekatlarda ham bot-bot kuzatish mumkin.
Yana bir gap. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtofalokatlar va tirbandliklar oldini olish, atrof-muhitni, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini muhofaza qilish — boshqalar mo‘may sarmoya, mehnat va vaqt sarflab, bekatda ming mashaqqat-la qurgan do‘konning kulini arzimas bahonada ko‘kka sovursa bo‘laveradi, degani emas. Shuningdek, o‘sha yerda faoliyat yuritib, o‘zining va o‘zgalarning ro‘zg‘origa baraka kiritayotgan, ozmi-ko‘pmi, el-ulusga nafi tegayotgan ishbilarmonlarni ortiqcha g‘am-tashvishga qo‘yish insofdan emas. Sirasini aytganda, bu masala bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazib, muammoni murakkablashtirishning, odamlarni chalg‘itib, kalavaning uchini battar chigallashtirishning aslo hojati yo‘q!
Taqiqlagandan ko‘ra tartibga solgan afzal!
Agar asl maqsad jamoat transporti haydovchilari va yo‘lovchilarni xavotirlantirayotgan qoidabuzarliklarga chek qo‘yib, xavfsizlikka erishish bo‘lsa, u holda faqat bekatlardagi emas, balki ularga tutash maydonlardagi, yo‘llar va ko‘chalar bo‘yidagi do‘konlar, oshxona, restoran va to‘yxonalarni ham ko‘chirish kerak. Chunki ularning tegrasida bekatlardagidan-da ko‘proq mashinalar uzoq turishi, boshqa transportlar qatnovini qiyinlashtirishi barchamizga besh qo‘ldek ayon. Davomini surishtirsangiz, Toshkentdagi maktablar va bolalar bog‘chalari oldi ham kunning muayyan vaqtlarida yengil avtomobillar bilan to‘lib-toshadi.
Xo‘sh, xolisano ayting-chi, bu yanglig‘ noxushliklarni qanday bartaraf etamiz? Yoki yana bekatlardagi do‘konlarni buzishdek oson va qaltis usulni qo‘llaymizmi?
Menimcha, bu o‘rinda bor narsani yo‘q qilish muammoga yechim topish omili bo‘lolmaydi. Qaytaga mashinasini man etilgan joyda to‘xtatib, tirbandlikni yuzaga keltirayotganlarni qat’iy tartibga chaqirish, haydovchilar o‘rtasida tushuntirish va profilaktika ishlarini izchil olib borish afzalroq. Yaxshi gap kor qilmasa, ayni turdagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish, dam-badam tezkor tadbirlar o‘tkazib, aybdorlarni qilmishiga yarasha javobgarlikka tortish kerak. Shunday qilinsa, boshqalarga ham yaxshi saboq bo‘ladi va bekatlarda qoidabuzarliklar kamayishiga xizmat qiladi. Taqiqni esa ko‘p qavatli uylar biqinida va ostida joylashgan, uzzukun achchiq tutun, badbo‘y hid tarqaladigan, shovqin-suron arimaydigan, nogohoniy janjallar ro‘y berib turadigan yemakxonalarga nisbatan tatbiq etgan ma’qul. Chunki ular vaqti bemahal odamlarni bezovta qilib, kayfiyati va oromini buzayotir. Internet-kafe, tungi klub, qahvaxona, restoran kabi ko‘ngilochar go‘shalar esa ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlik, behayolik va qimorbozlik o‘chog‘iga aylanishi xavfi borligi tufayli ko‘pchilikni rosmana xavotirga solayotir.
Bordi-yu, biz faqatgina bekatlardagi do‘konlarni buzish bilan kifoyalansak, deyarli hech narsa o‘zgarmaydi. Aksincha, hammasi eski tos, eski hammomligicha qolaveradi. Ustiga-ustak, katta talafotlar kelib chiqadi. Jabrini esa qo‘porishlarning boshida turganlar emas, bekatni ijaraga olganlar, o‘sha yerda ishlayotganlar va yo‘lovchilar tortadi.
Qo‘ysangiz-chi, deysizmi, unda eshiting!
Kimga — hoy-hoy, kimga — voy-voy
Birinchidan, hozir poytaxtimizda 2121 ta bekat bor. Shundan 210 tadan ortig‘i oynavand, 727 tasida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Ularning egalari har oyda davlatga eng kam ish haqining yetti baravari miqdorida soliq to‘laydi. Binobarin, davlat g‘aznasiga har oyda jami 940 million so‘mga yaqin mablag‘ tushadi. Tadbirkor o‘zi ishga yollagan har bir xodim uchun belgilangan stavkaning 30 foizi miqdorida to‘laydigan pulni ham qo‘shsak, bu ko‘rsatkich yanada oshadi. Demak, boyagi do‘konlar buzilsa, katta tushum boy beriladi.
Ikkinchidan, bekatlardagi do‘konlarni yo‘qotish tarafdorlari birovlarning mehnatiga va mol-mulkiga achinmasligi, dunyoni suv bossa, to‘pig‘iga chiqmasligi mumkindir. Illo, undan zamonaviy bekatlar bunyod etgan tadbirkorlar, kompaniya va korxona katta zarar ko‘radi. O‘lganning ustiga tepganday, so‘nggi paytlarda bizda turar va noturar joylarni oldindan baholamay, kompensatsiya pulini to‘lamay yoki o‘rniga boshqa hududdan yer ajratmay, jilla qursa, egalarini oldindan ogohlantirmay, vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlamay, ijara haqi va ko‘chib o‘tish xarajatlarini qoplamay, kunpayakun qilishlar avj oldi. Bunga adliya organlari o‘tkazgan o‘rganishlar asnosi qator hokimliklar 2016—2018-yillarda yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda qonun talablariga rioya qilishmagani aniqlangani yaqqol misol bo‘ladi.
Ana, boringki, kelgusida bunday ko‘ngilsizliklar takrorlanmaydi, do‘koni buzilgan har qaysi mulkdor tovon puli yoki boshqa hududdan yer oladi, deylik. Lekin u kechagina binoyidek yurishib turgan ishidan va uzluksiz tushib turgan daromadidan mosuvo bo‘ladi. Tadbirkorlik faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish esa oson kechmaydi. Buning uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflaydi. Xo‘p, mayli, moddiy zarar qoplanar, ammo haqiqiy tadbirkor uchun har daqiqasi g‘animat vaqt-chi? Uni ortga qaytarib, o‘rnini to‘ldirib bo‘ladimi?
Eng achinarlisi, bekatlardagi shoxobchalarning har birida kamida ikki-uch kishi mehnat qiladi. Xudo ko‘rsatmasin, o‘sha ob’yektlar yopilsa, qariyb 1500-2200 nafar odam ishidan ayriladi. Bu o‘nlab-yuzlab oilalar daromadiga va turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ularning ro‘zg‘oridan qut-baraka ketadi.
Uchinchidan, hokimlik vakillari o‘z chiqishlarida «Odamlar semechka chaqib, hamma yoqni iflos qiladi, chiqindi qutilar va skameykalar yo‘q. Shuning uchun hokim do‘konlardan voz kechsak, nima deysizlar?» degan fikrni olg‘a surdi», degan gapni alohida ta’kidlashgan. Bu fikr qisman to‘g‘ri. Avtobus kutayotganlar orasida pechene, konfet, muzqaymoq qog‘ozlarini, sigareta qoldiqlari va pista po‘choqlarini ikki qadam naridagi chiqindi idishiga tashlashga erinib, duch kelgan yerga uloqtiradiganlar uchrab turadi. Hatto bekat buyum-jihozlariga zarar yetkazishdan, ularni o‘marishdan tap tormaydiganlar ham topiladi. Mana, isboti: bir safar «Oybek» metrosi tepasidagi bekatga o‘rnatilgan quvvatlantirish uskunasi allakimlar tomonidan tag-tugi bilan qo‘porib ketildi. Hayal o‘tmay, «Oloy bozori» bekatidagi qo‘l tozalash vositalari zimdan gumdon qilindi. Ayrimlarining o‘rindiqlariga, oynalari va reklama tasvirlariga shikast yetkazilgani, jihozlari o‘g‘rilangani aniqlandi.
Bundan qat’i nazar, bekatlarda chiqindi qutilari va o‘rindiqlar yo‘qligi, oyoqostiga pista po‘choqlari tashlanayotgani sababli do‘konlardan voz kechish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Aksincha, nihoyatda kulgili tuyuladi. Axir o‘zingiz o‘ylang, bekatda pista chaqishning do‘konlarga nima daxli bor? Yoki ularda faqat pista sotiladimi? Bosh maqsad bekatlarda ozodalikni ta’minlash va yo‘lovchilar uchun sharoit yaratish bo‘lsa, do‘konlarni berkitishdan o‘zga chora yo‘qmi? Hadeb ularga yopishib, sohiblarini zor qaqshatgandan, quruvchilarni buzuvchilarga aylantirgandan ko‘ra, bekatlarda pista sotishni taqiqlab qo‘ya qolish, o‘rindiqlar va chiqindi idishlarini yangilash ming bora oson emasmi? Shuningdek, konditsionerlar, tablolar va boshqa qurilmalarni ko‘paytirish hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash choralarini ko‘rish zarur emasmi? Nahotki, shahar mas’ullari bu oddiy haqiqatni unutib qo‘ygan bo‘lsalar?!.
Terga botgan ham, sovuq qotgan ham yo‘lovchilar
Aslida bunaqa tartibsizliklar, mulozimlar uqtirishganidek, do‘koni bor bekatlarda emas, huvillab yotganlarida ko‘proq uchraydi. Chunki bekatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar mijozlari ko‘payishidan manfaatdor bo‘lishadi. Ishlari baroridan kelishi uchun shinam-ko‘rkam shoxobchalar ochishadi. Turli xizmatlar ko‘rsatib, hamyurtlarimiz hojatini chiqarishadi, ularning mushkuli yengillashishiga va vaqtlari tejalishiga baholi qudrat hissa qo‘shishadi. O‘z navbatida, aksariyati bekatlarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, jihozlarini asrab-avaylash choralarini ko‘radi, ehtiyot — shart, qulf-kalit o‘rnatadi. Ayvon ichi va yon-atrofini supirib-sidirib, eshik-oynalarini yuvib-tozalab, sanitariya-gigiyena talablariga mos ravishda saranjom-sarishta tutadi.
Tadbirkorlarga berilmagan, odam siyrak bekatlardagi ahvol esa hammamizga ma’lum. Ularning maydonchasi kaftdekkina. Shiyponchasi to‘rtta temir ustundan, orqa va yon tomonlari po‘lat panjara yoki qalin shishadan iborat. Tomi eni bir, uzunligi ikki qulochlik tunuka yoki plastik material bilan qoplangan. Mahkam payvandlangan kursisi bittagina. Unga to‘rt kishi arang sig‘adi. Xilvatroqdagi bekatlarning maydonchasi boru shiyponchasi va o‘rindig‘i yo‘q. Qarovsizlarining sahni o‘nqir-cho‘nqir, atrofi xas-xashagu chiqindiga to‘la. Tabiiyki, bu bekatlar tom ma’noda yo‘lovchilar joniga aro kirolmaydi. Ularni qor-yomg‘irdan ham, qish chillasi sovug‘i va saraton oftobi tig‘idan ham asray olmaydi.
Darvoqe, har gal kunlar uzayib, butun borliq tandirdek qizigan damlarda barchamizga azaldan tanish manzara takrorlanadi: bekat tomidan tushadigan bo‘yradekkina soya quyosh og‘ishi bo‘yicha hali u yon-hali bu yon siljiydi. Yo‘lovchilarning bir qismi unga ergashib, goh bekatning oldi yoki orqasiga, goh o‘ngi yoki so‘liga o‘tishadi. Qolganlari ochiq joyda tik qotgancha, jiqqa terga botib, avtobus kutishadi. Chidolmaganlari chetdagi dov-daraxtlar tagidan panoh topishadi.
Yog‘ingarchilik faslidagi ahvol bundanam besh battar. Shiyponchaga sig‘maganlarning ust-boshi shalabbo bo‘ladi. Ayrim bekatlar oldi ko‘lmaklashib, avtobusga chiqib-tushish uchun quruq joy topilmaydi. Buyam kamlik qilganday, hovliqma haydovchilar boshqarayotgan avtoulovlar sizga iflos suv va loy sachratib o‘tib ketadi. Men Janubiy vokzal ro‘parasidagi hamda Yangi Sergeli ko‘chasining har ikki chetidagi «O‘zgarish», «Sergeli dehqon bozori», «Hokimiyat» bekatlarida bunday holatlarning qayta-qayta guvohi bo‘lganman. Shahrimizning qoq markazidagi «Xalqlar do‘stligi» bekati oldi yomg‘ir kuchayganda sharqiroq soyga aylanganini ham ko‘p ko‘rganman. Afsus, bu ro‘yxat shular bilangina tugamaydi.
Bekatlarni oynavand qilishdan maqsad nima edi?
Bundan 5-6 yil oldin shahardagi bekatlarni usti yopiq, eshikli va oynavand qilib qurish, konditsioner o‘rnatish, eskilarini ta’mirlash harakati kuchaydi. Ijarachilar zimmasiga aynan shunday vazifalar yuklatildi. Samarasi chakki bo‘lmadi. Bir nechta bekatda yo‘lovchilar avtobuslarni qishda issiq, yozda salqin xonada o‘tirib kutish, kelib to‘xtashini kuzata olish imkonini qo‘lga kiritishdi. Bu yil esa teskarisi bo‘ldi. Oynavand bekatlardan aksariyati asosan oziq-ovqat mahsulotlari va pardoz-andoz vositalari tasviri tushirilgan to‘r matolar bilan o‘rab tashlandi. Oqibatda bekatlar ko‘rki yo‘qoldi. Ular xufiyona ish yuritiladigan, hamma yog‘i berk sirli xonadek ko‘zga xunuk ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Tashqaridan qaragan odamga ichida kimlar va nimalar borligi ko‘rinmaydi. Yo‘l-yo‘lakay biror narsa olmoqchi yoki to‘lovni amalga oshirmoqchi bo‘lganlar o‘zlariga kerakli shoxobcha ochiq-yopiqligini bilish uchun avtobusdan tushib, ichkariga kirishga majbur bo‘ladilar. Shoshqaloq haydovchilar esa avtobusga chiqadiganlar yo‘q ekan, degan xayolga borib, bekatda to‘xtamay o‘tib ketadilar.
Bu ahvolni ko‘rib, o‘zingizga o‘zingiz beixtiyor savol berasiz: «Muqaddam bekatlarni oynavandlashtirishdan muddao nima edi — yo‘lovchilarga chor tarafni bemalol ko‘rishlari uchun qulaylik yaratishmi? U holda endi ularga nega boshdan-oyoq reklama yopishtirilyapti? Bu tadbirkorlarni ortiqcha xarajatga chuv tushirib, ustidan kulish emasmi?»
Tushunaman, reklama tekin bo‘lmaydi, yaxshigina daromad keltiradi. Lekin yakkash pulni deb, bekatlar chiroyiga putur yetkazish joiz emas. Jamoat joylaridagi reklama-e’lonlar aholiga noqulaylik tug‘dirmaydigan va g‘ashga tegmaydigan qilib joylashtirilishi kerak.
So‘ngso‘z o‘rnida
Yuqorida o‘qiganlaringiz mening deyarli har kuni jamoat transportidan foydalanadigan oddiy yo‘lovchi sifatida o‘rtaga tashlagan shaxsiy fikr-mulohazalarim. Ularga kimlardir qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligi, boshqalar o‘z taklif-tavsiyalarini bildirishi mumkin.
Zero, ko‘pchilik ko‘l, unumi mo‘l bo‘ladi. U hech qachon adashmaydi, kengashli to‘y tarqamaydi. Shu bois, har qanday ishga qo‘l urishdan oldin el bilan maslahatlashish foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu gaplarni aytishdan maqsadimiz bitta, u ham bo‘lsa — poytaxtimizda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan hozirgi paytda katta-yu kichikning har kuni, har soat ishi tushadigan bekatlar ham mudom e’tiborda bo‘lishi, ular g‘arib-abgor ahvolga tushib, osmono‘par bahaybat binolar «oyoqosti»da mung‘ayib qolmasligi lozim. Ta’bir joiz bo‘lsa, biz tuya elakka qolganda oqsashiga yo‘l qo‘ymasligimiz, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmasligimiz kerak!
Eshitdik, yaqinda hokimlikda bo‘lgan uchrashuvda Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlar va xorijiy sarmoyadorlarni imoratlar qurish uchun bo‘sh yerlardan unumli foydalanishga, zinhor-bazinhor istirohat bog‘larini, yam-yashil daraxtzorlarni, otilib turgan favvoralarni va markazdagi uylarni buzmaslikka, «snos»ga tushirib, loyiha qilib kelmaslikka undabdi.
Buni o‘g‘il bola gap desak va bekatlardagi do‘konlarga nisbatan ham qo‘llasak, xato bo‘lmaydi. Uning natijasi esa ish bilan so‘z birligini ta’minlab, va’daga vafo qilishga bog‘liq!
Abdunabi Haydarov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter