Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Yomg‘ir yog‘sa yurakkinam o‘ynaydi... Baliqchidagi ayrim bog‘chalarga nazar

Yomg‘ir yog‘sa yurakkinam o‘ynaydi...  Baliqchidagi ayrim bog‘chalarga nazar

Foto: «Xabar.uz»

Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan respublika ishchi guruhi 66 ta mahallani o‘rgandi.

Ming afsuski, ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarining ahvoli nainki tang, balki yig‘lagulik ahvolda.

Masalan, tumandagi Siza mahallasi 20-maktabgacha ta’lim muassasasi 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozir 190 nafar bola tarbiyalanmoqda. Shulardan 40 nafari qisqa muddatli guruhlarga qatnayapti. Qiziq, qisqa muddatli guruhlar soat 11:00 gacha ishlaydi. Arzimagan uch soatda ota-onaga qanday qulaylik yaratilishi mumkin? Tushunish qiyin.

Foto: «Xabar.uz»

Muassasa 1980-yilda qurilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida umuman ta’mirlanmagan. Oqibatda ikki qavatli bino to‘liq ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan.

Yomg‘irli kunlarda tashvish yanada ko‘payadi... Bog‘chaning tomidan chakka o‘tadi. Ikkinchi qavatdagi ayrim xonalar butunlay huvillab yotibdi, kirgan odamning yuragi orqasiga tortib ketadi. Eskirib ketgan deraza romlaridan oynalar ko‘chib tushgani bois qor-bo‘ronli kunlarda shamol beayov kiradi. Tomidagi plita zo‘rg‘a osilib turibdi. Tushib ketsa bormi... Xudo ko‘rsatmasin, bu xonaga yondosh zallarda bolalar ovqatlanish xonasi joylashgan.

Fasaddagi shiferlarning ustunlari mutlaqo yaroqsiz, qattiqroq shamol bo‘lsa qulab ketishi mumkin. Binoning ikkinchi qavatidagi xonalarning beton poliga linoleum qoplab qo‘yishibdi. Gilamlarni ko‘tarsangiz, linoleumlar ham yorilib, orasidan egri-bugri betonlar chiqib qolgan, chang bosib ketgan. Antisanitariya bilan hech kim ishlamayotgani yetmaganday, qishning sovug‘ida bu betonlar naq muzlatkich bo‘lib ketadi, endi kun bo‘yi shu yerda bo‘luvchi bolalarning ahvolini bilib olavering.

Isitish tarmog‘i ishlamaydi. Qishda xonalar cho‘yan pechlarda isitilmoqda. Birinchi qavatda yoritish tizimi yo‘q. Bog‘chada tarbiyalanuvchilar uchun mo‘ljallangan karovatlar ta’mirtalab, matraslar eskirgan, kanalizatsiya tarmog‘i yaroqsiz holga kelib qolgan. Bolalar uchun mo‘ljallangan kiyim shkafchalari ham abgor bir ahvolda, stol-stullar, doska va shkaflar umuman yetishmaydi.

Maktabgacha ta’lim muassasasida ichimlik suvi eng muhim va dolzarb hisoblanadi. Bu muassasada suv yo‘qligi sababli tarbiyalanuvchilarga suv yetti chaqirim olisdan — qo‘shni Oltinko‘l tumanidan tashib keltirilmoqda. Qo‘lbola suv tortish krani esa bir ishlasa, bir ishlamaydi.  

Hojatxona mukammal ta’mirga muhtoj, bolalar soniga nisbatan o‘rinlari nihoyatda kam, hatto eshiklari ham yo‘q. Bog‘cha atrofidagi quroq devorlar ta’mirga muhtoj.

Bog‘cha zarur miqdordagi o‘yinchoqlar bilan ta’minlanmagan. Kelgan bola o‘zi bilan qo‘g‘irchog‘ini ham olib kelmasa, zerikib qolishi tayin. Muassasa hududidan o‘tgan elektr simlari ta’mirga muhtoj va tarbiyalanuvchilar uchun katta xavf tug‘diradi.

Yondosh hovli egasi uyining chordog‘iga chorvasi uchun somonlarni shunday uyib yiqqanki, unga nogahon o‘t tushsa, bog‘chada ham ho‘lu quruq barobar yonishi tayin. Bu yerga yaqin o‘rtada tuman yong‘in xavfsizligi xodimlari qadam bosmaganlari ayon. Buning ustiga hamshiralar somonli chordoq ostidagi binoda uy egasining tegirmonlari bor deya diydiyo qilishdi. Ayni bolalar uxlar mahalida tegirmon shovqiniga toqat qilib bo‘lmas ekan.

Siza mahallasida bog‘cha yoshidagi 370 nafar bola bor. Ularning 190 nafari hududdagi 20-bog‘chaga, 20 nafari esa Oltinko‘l tumanidagi 1 va 2-bog‘chalarga borishadi. Qolgan 160 nafari shundan ham mosuvo. Shu tufayli mahallada qo‘shimcha yana bitta bog‘chaga ehtiyoj bor. Aslida hozirgacha xususiy bog‘cha quraman degan tadbirkorning o‘zi chiqqani yo‘q. Nazarimizda, tadbirkor emas, balki bu ishga mas’ul bir shaxs yo‘qqa o‘xshaydi.

Muammo faqat Siza mahallasidagi bog‘chada emas. O‘lmas mahallasidagi 18-maktabgacha ta’lim muassasasiga borgach bunga amin bo‘ldik.

Bu bog‘cha 1973-yili qurilgan bo‘lib, 120 o‘ringa mo‘ljallangan. 2013-yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan.

O‘rganishlar vaqtida bog‘chada tarbiyalanuvchilar uchun mo‘ljallangan matraslar eskirib ketgani, oshxonadagi elektr plitasi nosozligi, mebellar almashtirishga muhtoj ekanligi aniqlandi.

Foto: «Xabar.uz»

Bu bog‘chada ham tarbiyalanuvchilar uchun o‘yinchoqlar yetarli emas, muassasadagi yakkayu-yagona mo‘’jazgina muzlatkichga barcha oziq-ovqatlar solib qo‘yilgan. Issiq kunlarda mahsulotlarni saqlash uchun yana 2 ta muzlatkich kerak. Lekin u osmondan tushmaydi, kimdir yetkazib berishi kerak-ku.

Bu hududda ham ichimlik suvi yo‘qligi sababli 5 chaqirim naridan tashib keltirilmoqda. Elektr tokiga ulangan bosma kran esa xavfsizlik talablariga mutlaqo javob bermaydi. Bu tarbiyalanuvchilarning hayotiga xavf soladi. Qishda xonalar cho‘yan pechlar bilan isitiladi, markazlashgan isitish tizimi hamda kir yuvish uchun maxsus xonalar mavjud emas.

Navnihol mahallasida esa maktabgacha ta’lim muassasasi umuman yo‘q... Bog‘cha yoshidagi 128 nafar bolaning 15 nafari qo‘shni Siza mahallasidagi «o‘zimizning» 20-bog‘chaga, 37 nafari qo‘shni Oltinko‘l tumanidagi «Nihol» bog‘chasiga boradi. Qolgan 76 nafar bola-chi? Qayerga borishsin? Ularning ota-onalari ham bolalarini ijtimoiy muassasaga qo‘yishni istaydi. Ammo bolalarni to‘liq qamrab olish bo‘yicha dastur yo‘q.  

O‘rganish vaqtida xususiy tadbirkor I.Azizov mahallada 60 o‘rinli xususiy bog‘cha qurishni rejalashtirgani, hozir binoni qurish ishlari yakunlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Biroq bitta muammo bor — bog‘cha hududiga elektr transformator o‘rnatish kerak.

Foto: «Xabar.uz»

Respublika ishchi guruhi aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlarni mutasaddilarga berdi. Ularning ijrosi «Yo‘l xaritalari» orqali qat’iy nazoratga olingan. Biroq Toshkentdan kazo-kazolar kelib, uylararo birma-bir yurib, kamchiliklarni ko‘rsatib bermasa, joylardagi rahbarlar buni o‘zlaridan bilib-bilib qilishmaydimi? Nega aholini o‘ylantirib turgan ko‘p yillik, og‘riqli masalalar tizimli ravishda joylarning o‘zida hal qilinmagan? Nima uchun shu vaqtga qadar tuman sektori, maktabgacha ta’lim bo‘limi va viloyatdagi tegishli tashkilotlar bu boradagi yechimlar haqida bosh qotirmagan? 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring