Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘l ta’mirlash ishlari faqat kechasi olib boriladi

Yo‘l ta’mirlash ishlari faqat kechasi olib boriladi

Foto: Xabar.uz

1-iyundan boshlab shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.

Ta’mirlash va yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi — yo‘llardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.

Bu o‘zgarish fuqarolarning kundalik ishga borish-kelish, farzandini maktabga olib borish yoki shifoxonaga yetib olishni osonlashtirish bilan bir qatorda, tirbandliklar yuzaga kelishini oldini oladi.

Shuningdek, joriy yil 1-sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.

Qaror imzolangan kundan boshlab qator yengilliklar joriy qilinadi.

Xususan, soat 23.00 dan 06.00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.

Avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni "A" harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi hozirda taqiqlangan. Soat 23:00 dan boshlab deyarli barcha avtobus yo‘nalishlari o‘z ishini tugatishini hisobga olib hamda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida boshqa transport vositalarining tungi paytda, soat 6:00 ga qadar ushbu tasmalarda harakatlanishi mumkin bo‘ladi va bu qoidabuzarlik hisoblanmaydi.

“To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining maqsadga muvofiq o‘rnatilganligi nuqtai nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Zarurat bo‘lmagan joylarda o‘rnatilgan yo‘l belgilari demontaj qilinadi, ularning amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilari o‘rnatiladi.

Qaror bilan shu belgilarda ko‘rsatilgan amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha to‘xtashi hamda to‘xtab turishiga ruxsat berildi. Masalan, "To‘xtab turish taqiqlangan" belgisining tagida amal qilish vaqti soat "7.00 - 21.00" deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21.00 dan 7.00 ga qadar bemalol to‘xtab turishlari mumkin bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring