Yil yakuniga umumiy inflyatsiya 8 foizga yaqin darajada shakllanishi kutilyapti – MB

2025-yilning I choragida joriy shakllangan umumiy inflyatsiya avval prognoz qilingan darajasidan sezilarli tezlashgan.
Markaziy bank axborotnomasida qayd etilishicha, bunda, taklif omillarining oshiruvchi bosimlari kuchayishi fonida talab omillarining jonlanishi kelgusi choraklarda inflyatsiya darajasining pasayib borishi prognozlarda belgilangandan ko‘ra sekinroq kechishi bo‘yicha kutilmalarni yuzaga keltirmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra esa joriy yil yakuniga umumiy inflyatsiya 8 foizga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.
Mart oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foiz bandga pasayib, 14,2 foizga, tadbirkorlar kutilmalari 0,8 foiz bandga sekinlashib, 13 foizga teng bo‘ldi.
Yoqilg‘i va energiya ta’minoti yaxshilanishi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishi ta’sirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida pasayishiga qaramasdan joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari qimmatlashishi, valyuta kursi o‘zgarishi hamda transport xarajatlari oshishini ta’kidlaganlar ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsada, ularning ulushi avvalgi oyga nisbatan biroz kamaygan.
Qayd etilisha, narxlarga taklif omillarining oshiruvchi ta’sirlari saqlanib qolishi bilan bir qatorda so‘nggi oylarda talab omillarining jonlanishi inflyatsiyaning oshishiga hissa qo‘shmoqda. I chorak yakuniga ko‘ra umumiy inflyatsiya darajasi o‘tgan yilning dekabriga nisbatan 0,5 foiz bandga oshib yillik 10,3 foizga teng bo‘lgan. Ushbu o‘zgarish asosan oziq-ovqat mahsulotlari guruhi inflyatsiyasining tezlashishi hisobiga yuz bergan bo‘lsa-da, xizmatlar guruhi inflyatsiyasining umumiy ko‘rsatkichga ta’siri eng yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Nooziq-ovqat mahsulotlari guruhi inflyatsiyasi chorak davomida nisbatan barqaror darajada shakllandi. Meva va sabzavotlar narxlarining pasayishi ob-havo bilan bog‘liq mavsumiy omillar ta’sirida avvalgi chorakka nisbatan sekinroq kechdi. Tartibga solinadigan narxlar inflyatsiyasi esa 2024-yilda narxlari oshirilgan ayrim turdagi kommunal xizmatlarning oshiruvchi ta’sirlari chiqib ketishi hisobiga so‘nggi oylardagi pasayuvchi dinamikasini saqlab qoldi va chorak yakunida yillik 35,6 foizgacha pasaydi. Bazaviy inflyatsiya umumiy inflyatsiyadan tezroq o‘sib, mart oyida 8,1 foizga yetdi va 2023-yil dekabridan buyon eng yuqori darajasiga ko‘tarildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter