YHXB tutun darajasi, yorug‘lik o‘tkazish va haydovchilar mastligini tekshiruvchi uskunalarni sinovdan o‘tkazdi
Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun tez orada gazoanalizatorlar, tutun o‘lchovchi uskunalar, avtotransport vositasi oynalarining yorug‘lik o‘tkazish foizini aniqlovchi, shuningdek chiqariladigan nafasda etanol bug‘larining konsentratsiyasini tahlil qiluvchi uskunalardan foydalanishni boshlaydi.
YHXB rasmiy saytidagi xabarga ko‘ra, tashkilot IIVdan 14 ta «Avtotest-01.02» gazoanalizatorlar va 10 ta tutun o‘lchovchi «Meta-01 MP 0.1» uskunalarini qabul qilgan.
«Avtotest-01.02» gazoanalizatorlaridan foydalanish me’yorlari:
SO-1% – katalizatorlik transport vositalari (minimal aylanishda)
SO-3,5% – katalizatorsiz transport vositalari (minimal aylanishda)
Tutun o‘lchaydigan «Meta-01 MP 0.1» uskunasini ishlatish me’yorlari:
Dizel yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalaridan chiqadigan zararli tutun miqdori – 40,0 % gacha (minimal aylanishda)
Dizel yoqilg‘isida ishlaydigan transport vositalaridan chiqadigan zararli tutun miqdori – 15,0 % gacha (maksimal aylanishda)
Agar ushbu uskunalardan o‘lchanganda belgilangan me’yordan oshib ketganlik kuzatilsa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-2-moddasiga («Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish») muvofiq jarima solinadi.
Haydovchilarning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi bo‘lgan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha bilan jihozlanmagan, o‘t o‘chirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida to‘xtaganligini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Avtotransport vositalari oynalarning yorug‘lik o‘tkazishini aniqlovchi 35 ta «Tonik» uskunalari qabul qilinib, sinovdan o‘tkazildi. Ilgari YHXBda bu kabi uskunalar 3 ta edi.
«Tonik» moslamasidan foydalanish ma’yorlari:
Barcha transport vositalarida oldingi, yon va orqa oynalarning yorug‘lik o‘tkazishlari 70%dan past bo‘lmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qaroriga muvofiq, avtotransport vositalari orqa oynalarining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 5 foizdan hamda orqa yon oynalarining tusini 30 foizdan kam bo‘lmagan darajada o‘zgartirilishiga ruxsat berilgan.
Bundan tashqari, yengil avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini eni 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 30 foizdan kam bo‘lmagan polosa shaklida o‘zgartirishga (qoraytirish) ruxsat berilgan.
Yorug‘lik o‘tkazuvchanlikni ruxsat berilgan darajadan ortiq o‘zgartirish uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasiga muvofiq («Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish») javobgarlik ko‘zda tutilgan.
Oynalari texnik reglamentga nomuvofiq ko‘zgusimon va (yoki) qoraytirilgan transport vositalaridan foydalanish – EKIHning bir baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Ushbu huquqbuzarlik ma’muriy undirishdan so‘ng bir yil muddatida qayta sodir etilsa – eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek 9 ta «AKPE-01 META» moslamasi sinovda o‘tkazildi. Bu chiqariladigan nafasdagi alkogol konsentratsiyasining spektrofotometrik analizatori. AKPE-01 META – chiqariladigan nafasda etanol bug‘larining konsentratsiyasini tahlil qiluvchi moslamadir. Moslama yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida davlat nazorati tadbirlarida qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasiga («Transport vositalarini mast holda boshqarish») muvofiq, haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa – eng kam ish haqining qirq baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish – transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yildan uch yilgacha muddatga mahrum qilib, eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter