Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaxshi va yomon jihatlar – Shavkat Mirziyoyev ta’lim bilan bog‘liq yutuq va muammolarga to‘xtalib o‘tdi

Yaxshi va yomon jihatlar – Shavkat Mirziyoyev ta’lim bilan bog‘liq yutuq va muammolarga to‘xtalib o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida ustoz va murabbiylar bilan muloqot o‘tkazmoqda. Davlat rahbari tadbir davomida maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muasasalariga kirishi ortganiga e’tibor qaratdi.

– Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasi so‘nggi 7 yilda 4 karra, 9 foizdan 38 foizga oshdi.

Bu yil 310 ming nafar o‘g‘il-qizlarimiz oliygoh talabalari bo‘ldi. Ana shu yoshlarning qariyb yarmi qizlardir.

Bunday natija ilgari hech qachon bo‘lmagan, – deya ta’kidlab o‘tdi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga davlat rahbari ta’lim bilan bog‘liq tashvishli raqamlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, ayni vaqtda davlat ta’lim muassasalarida 46 ming nafar (7 foiz), xususiy tashkilotlarda esa 38 ming nafar pedagog 5 yil davomida malaka oshirmagan.

– Yana bir bor aytaman: qancha islohot qilmaylik, birinchi navbatda o‘qituvchining bilimi va kasb mahoratini oshirmas ekanmiz, sifatli ta’limni ta’minlay olmaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari tomonidan ta’kidlanishicha, bu yil attestatsiya jarayonlari shaffof bo‘lishi uchun sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar qo‘llanilgan. Natijada 198 ming o‘qituvchidan 21 ming nafari, ya’ni 10 foizdan ortig‘i malaka bo‘yicha yetarli ball to‘play olmagan.

Oqibatda, bunday holatlar o‘quvchilarning bilimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, bu yil bitiruvchilarning 130 ming nafari (30 foizi) oliygohlarga kirishda eng past – 57 ball ham to‘play olmagan.

«Bu barchamizni tashvishga solishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari tadbir davomida barcha hudud rahbarlariga pedagog xodimlarga malaka oshirishi uchun yetarli sharoitlarni yaratib berish topshirig‘ini berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring