«Yaxshi emas, Dembele, yaxshi emas!..»
«Barselona» futbolchisi Usmon Dembele Dortmundda to‘p surgan payti ko‘pchilik qatori ijara uyda yashardi. Yaqinda shu uyning sohibi Dembelening ustidan sudga arz qilibdi. Bu haqda «Bild» nashri yozmoqda.
Arzchi — Gerd Vayzenberg ismli nemis fuqarosi. Dembele 2016-yili «sariq-qoralar» futbolkasida o‘ynagan chog‘ida shu odamga qarashli uyda ijarada turgan ekan. 2017-yili, «Barselona»ga o‘tishi munosabati bilan, Dembele «Borussiya» bilan ham, haligi uy egasi bilan ham shartnoma (ijara)ni bekor qiladi.
Hoynahoy uy egasi Dembelening ketishidan darg‘azab bo‘lgan deb o‘ylasangiz, qattiq yanglishasi. Voqea Germaniyada bo‘lganini unutmaylik. Vayzenberg chin nemis, ya’ni ozodalikni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Fransuz futbolchisi esa uyni qarab bo‘lmaydigan bir ahvolda tashlab ketgan, hatto Vayzenberg xolodilnikdan eskirib ketgan ovqatni ham topib olibdi...
Ikkinchidan, Dembele ijaradan 15 ming yevro qarzi borligini «unutgan», buning ustiga uyning kalitini ham yo‘qotgan. Hisob-kitobli, buning ustiga o‘ta intizomni xushlovchi nemisning albatta jahli chiqadi-da. Nima qiladi — beadabning tanobini tortib qo‘yishga harakat qiladi.
Vayzenberg «katalon»dan ko‘p so‘ramayapti — 20 ming yevro: 15 mingi o‘zining halol puli, 5 mingi uyni «tozalash» uchun.
Qiziq, Barselonadagi ijara uy xo‘jayini shu gaplarni eshitib, Usmon Dembelenikiga qadam ranjida qildimikan?..
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter