Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yashil Toshkent» picnic party – tadbirmisan tadbir bo‘ldi (video)

«Yashil Toshkent» picnic party – tadbirmisan tadbir bo‘ldi (video)

Toshkent botanika bog‘ida «Yashil Toshkent» picnic party bo‘lib o‘tdi. Ekologlar, biologlar, jurnalistlar, blogerlar, yozuvchi va shoirlar, umuman, xalqimizning ziyoli qatlamining 500 nafardan ziyod vakillari ishtirok etgan bu tadbir boshqacha bo‘ldi-da o‘ziyam.

Nimagadir ekologiya, tabiat bilan bog‘liq tadbirlarga kreativ yondashiladi. Ko‘rayapmizki, barcha OAVda ayni paytda referendum targ‘iboti avj olgan. Kimlardir bir paytlar ezilganini, yana kimlardir huquqlari poymol bo‘lganini, ya’ni ushbu referendumdan umidi kattaligini baralla aytayapti. Ba’zan bir-biriga o‘xshagan tadbirlarni ko‘rib ochig‘i zerikasan. O‘zi targ‘ibot tadbiri qanday bo‘lishi kerak, degan savolga duch kelasan. Ayniqsa, entikib, hayajonlanib referendum haqida gapirayotgan odamlarni ko‘rib hamma baxtli, hammasi joyida, yurtimizda birorta muammo yo‘q ekan-da, degan fikrga borasan. Bir xillikdan zerikdik, deysan bo‘g‘ilib. Ammo kechagi tadbir o‘zgacha ruhda bo‘ldi.

Har doimgidek biror sohaning rahbari chiqib statistikani qatorlashtirib tashlamadi, qog‘ozga qarab bizga qiziq bo‘lmagan hisobotni o‘qib bermadi. Tadbir tashkilotchilari bir guruh volontyorlar. Har holda budjetdan milliardlab mablag‘ ajratiladigan tadbirlardan o‘tsa o‘tdiki, qolishmadi.

Nargis Qosimova. Foto: Madina Nurmon

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 49-moddasi mazmun-mohiyatini aholiga teran ochib berish maqsad qilingan mazkur teatrlashtirilgan tomoshada taniqli ekojurnalist, «Ekolog» jamoat birlashmasi direktori, ekolog.uz sayti bosh muharriri Nargis Qosimova dunyo miqyosida tobora global muammo kasb etayotgan suvsizlik, qurg‘oqchilik masalalari to‘g‘risida gapirdi:

– Biz ichayotgan bir finjon qahva uchun 750 litr suv ketadi. Biz buni virtual suv, deb ataymiz. Biz toza ichimlik suvi, sho‘r suv, muzlagan suv, texnik suv, loyqa suv, daryo suvi, dengiz suvi, chuchuk suv haqida eshitganmiz. Ammo virtual suv tushunchasi haqida-chi? Virtual suv masalan, siz ustingizda kiyib turgan kiyimni ishlab chiqarish, bug‘doy, o‘simliklarni yetishtirish va jamiki biz foydalanadigan narsalarni bunyod qilish uchun ketadigan suv.

Shu kuni ko‘pchilik ishtirokchilar virtual suv nimalagini bilib olishdi.

Aytgandek, bolalarning borgani juda ajoyib bo‘ldi. Qanchadan-qancha bolakaylar tabiatning bir bo‘lagi ekanligini shu tadbir orqali teranroq anglab yetdi.

Ekofaol, biolog Aqidaxonim Mohirova esa chiqindi va uni qayta ishlash muammosi haqida so‘zlab berdi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar sohani yanada taraqqiy toptirishiga ishonch bildirdi.

– Agar insoniyat ona tabiatga nisbatan munosabatini bugun o‘zgartirmasa, ertaga kech bo‘ladi, biz suvni isrof qilayotganimiz, havoni bulg‘ayotganimiz, yerni zaharga to‘yintirayotganimiz orqali o‘zimiz «ona» deb sifatlaydigan tabiatni o‘ldirayapmiz, – dedi jurnalist Hasan Toshxo‘jayev. – Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazkur muammolarning huquqiy yechimi bo‘lishiga ishonaman.

Barchani tadbirga chorlagan jurnalist Shoira Raufboyeva ekologiya muammosi faqatgina teatrlashtirilgan tomosha emas, balki kelgusida harakatga aylanishini va barcha jurnalist, blogerlar bu yo‘lda birlashish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

«Menga qaranglar, daraxtlarni qo‘yniga joylashib, botanika bog‘iga kelib tomosha ko‘rayapsizlarmi? Ana boringlar, saroylarga, teatrlarga menga zarar yetkazayapsizlar». – Ona tabiat rolini o‘ynagan taniqli aktrisa Shahlo Zoirova ushbu monologi orqali bizga haqiqiy tabiatning ohini eshittirdi.

Ayniqsa, Dilshoda Rustamjonova ijrosidagi «Bolalarning kattalarga murojaati» ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi. Axir Dilshoda bu murojaatni ko‘z yoshlari yuzlarini yuvib aytdi, ona tabiatning nidosini ich-ichidan his qilib murojaat qildi: «Bizning ko‘zimizga kelajakda qanday qaraysiz?»…

Kuy-ko‘shiq va maxus teatrlashtirilgan tomoshalarga boy kechgan mazkur tomosha Ozodbek Nazarbekov hamda Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi «Ona tabiat» qo‘shig‘i bilan yakuniga yetdi.

Bu tadbirdan chiqargan xulosalarim: tadbir tabiat qo‘ynida, juda erkin ruhda o‘tkazildi. Unga haqiqiy ko‘ngillilar, haqiqiy soha fidoyilari taklif etildi. Spikerlar erkin, tushunarli, jo‘n gapirdi, qog‘ozga qaralmadi, raqamlardan iborat statistika keltirilmadi. Teatrlashtirilgani uchun Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi moddaning  mazmuni aniq, ravshan anglashildi. Qafasdagi qushlar boqqa qo‘yib yuborildi. Qushlarning ozodligini his qilish zavqi bir umr yodda qoladigan bo‘ldi.

Hech kim Konstitutsiya bizniki demadi, lekin yangi 49-modda tufayli ona tabiat bizniki ekanligini barcha birdek angladi.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring