Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yashil texnologiyalar – biznes gaz va «svet»ga qaram bo‘lmasligi kerak

Yashil texnologiyalar – biznes gaz va «svet»ga qaram bo‘lmasligi kerak

Kecha, 23 noyabrda «Yashil texnologiyalar O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qanday yordam beradi» mavzusida amaliy konferensiya o‘tkazildi. Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi «Kichik biznes uchun konsultatsiyalar» dasturi tashkil etgan konferensiyada Xabar.uz muxbiri ham ishtirok etdi.

Avvalo, ushbu tadbir kichik va o‘rta biznesga nimalar beradi? Konferensiyada davomida barchasi aniq aytib o‘tildi – yashil iqtisodiyotni moliyalash mexanizmi (GEFF) orqali zamonaviy energetik samarador texnologiyalar, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, uglerod tashlamalarini qisqartirish, O‘zbekistonda yashil texnologiyalarni qo‘llash muammolarini muhokama qilish, muvaffaqiyatli yashil loyihalar tajribasi va namunalarini ishtirokchilar bilan o‘rtoqlashish.

Konferensiya shunga yarasha jonli, samarali va munozaralarga boy o‘tdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, O‘zbekistondagi «Kichik biznes uchun konsultatsiyalar» dasturi YeTTB tomonidan tajribali konsultantlarni jalb qilgan holda ish yuritadi. Shuning hisobiga o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshilash va biznesni rivojlantirishi mumkin bo‘lgan kichik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Yashil energetik samarador texnologiyalar, raqamlashtirish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish sohalari hamda bu xizmatlarga xarajatlarning bir qismini YeTTB grant subsidiyalari hisobiga qoplash ustuvor sanaladi, – dedi bu haqda Dastur rahbari Sherzod Akbarov. – Konferensiyada qatnashish – avvalo, biz ko‘rsatadigan ko‘mak haqida dolzarb axborotni olish, energetik va resurs tejamkorligi loyihalarini amalga oshirishga misollar bilan tanishish hamda kompaniyalarning «yashil taraqqiyot»ga o‘tishi uchun yana nimalar qilish kerakligini muhokama qilish demakdir».

Konferensiya davomida yangilangan Yashil texnologiyalar selektori (GEFF) taqdimoti ham o‘tkazildi.

U Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ko‘magida (Yashil iqtisodiyotni moliyalash mexanizmi (GEFF) doirasida ishlab chiqilgan yuqori samarali ekologik toza texnologiyalar ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar katalogi sanaladi. Katalog xaridorlarga YeTTB texnik talablariga muvofiq keluvchi, o‘z toifasidagi eng yaxshi texnologiyalarni topishda yordam beradi, shuningdek yashil moliyalash loyihalarini tanlashda moliyaviy tashkilotlar uchun mo‘ljal bo‘ladi.

Konferensiyada alohida sessiya yashil texnologiyalarni joriy etish uchun hamkor banklar – «Ipak yo‘li» banki, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB, Hamkorbank orqali taqdim etiladigan YeTTBning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni moliyalash borasidagi amaliy imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi «UzVC» milliy venchur fondi vakillari energetik tejamkor texnologiyalarni va tiklanuvchan energiya manbalarini joriy etishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi masalalarini muhokama qildilar.

Konferensiya ishi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Tiklanuvchan energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanuvchan energiya manbalari va muqobil yoqilg‘i uyushmasi vakillari ishtirokidagi panel munozaralari bilan yakunlandi. Unda ishtirokchilar «yashil taraqqiyot»ga o‘tishda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Konferensiya sayti: http://greenconf.uz
YeTTBning O‘zbekistonda kichik biznes bo‘yicha maslahat dasturi yangiliklari: https://www.facebook.com/ebrd.sme.uzbekistan

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring