«Yashashni xohlasam, shifoxonadan qochishim kerak…»
Gimnastikachi Yelena Muxina 18 yoshida mutlaq jahon chempioni bo‘lgach, 1980-yilgi Olimpiada o‘yinlariga tayyorlana boshladi. U mashg‘ulotda xavfli usulni bajarayotgan chog‘ida bo‘ynini sindirib oldi va qolgan umrini falajlikda o‘tkazdi…
Taqiqlangan usul
Moskva olimpiadasi boshlanishiga atigi bir oy qolganida ham sobiq Ittifoqning o‘sha paytdagi eng iste’dodli gimnastikachisi Yelena Muxinaning ishtirok etishi so‘roq ostida edi. Jarohatlar, kuchli raqobat, murabbiy bilan o‘zaro tushunmovchilik — bularning bari Yelenani orzudagi oltin medallardan ajratib turardi. O‘zimni qo‘lga olib, ko‘proq mashq qilishim kerak, deb o‘ylardi 20 yoshli Muxina.
Uning ustozi Mixail Klimenko sportchini terma jamoa tarkibiga qo‘shish uchun ketganida, Yelena mashg‘ulotlarni mustaqil ravishda bajarishga kirishdi. U raqiblari oldida o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirish maqsadida Tomas saltosini bajarishga qaror qildi va astoydil mashq qila boshladi.
Keyinchalik taqiqlangan bu element havoda aylanish va murakkab (540 gradusda yarim salto) sakrash, yerga tushganda esa oyoq bilan emas, balki umbaloq oshish orqali boshning orqa pastki qismi bilan tushishdan iborat.
Halokatli elementni bajarish chog‘ida gimnastikachining harakati ko‘ngildagidek chiqmadi, unga balandlik yetishmadi, aylanish ham to‘liq amalga oshirilmadi — u noqulay tarzda chalqanchasiga yiqildi. Muxinani darhol shifoxonaga olib borishganida, shifokorlar dahshatli tashxisni ma’lum qilishdi: umurtqa bo‘yin qismidan singan! Sportchining orqa miyasi ezilgani uning istalgan vaqtda hayotdan ko‘z yumishi mumkinligini bildirirdi. Shuning uchun zudlik bilan operatsiya qilish lozim edi. Biroq, ba’zilar Muxinani dahshatli voqeadan uch kun o‘tgach, boshqalar o‘sha kuniyoq operatsiya qilinganini aytishadi. Nima bo‘lganda ham 20 yoshli iste’dodli gimnastikachi sport bilan bir umrga xayrlashdi.
Qat’iylik evaziga g‘alaba
Yelena bolaligidanoq qattiq sinovlarga duch keldi. Besh yoshidayoq ota-onasidan ajralgan qizchani buvisi Anna Ivanovna tarbiyasiga oldi. Lena bolaligida dugonalaridan farqli ravishda qo‘shiqchi bo‘lishni emas, balki gimnastikachi bo‘lishni orzu qilardi. Maktabdagi to‘garakka ham u birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘lgandi. «Bir kuni darsga sport ustasi Antonina Pavlovna Olejko kirib keldi va: «Kim gimnastika to‘garagiga qatnashmoqchi bo‘lsa, qo‘lini ko‘tarsin, dedi. Men quvonganimdan baqirib yuborishimga sal qoldi», — deb eslaydi Muxina.
Qizcha tirishqoqligi va intiluvchanligi sababli murabbiylarni lol qoldirdi. Natijada ushbu maktabdan faqatgina uni «Dinamo» sport maktabiga, murabbiy Aleksandr Eglit bilan shug‘ullanishga taklif etishdi. Eglit MHSKga o‘tib ketayotganda Lenani ham o‘zi bilan olib ketdi. O‘sha yerda birinchi marta Mixail Klimenkoni uchratdi. Zaxiradagi podpolkovnik, MHSK gimnastikachilarining bosh murabbiysi hisoblangan Klimenko boshqalardan o‘zining harbiycha fe’l-atvori va qattiqqo‘lligi bilan ajralib turardi. Bungacha faqat erkak sportchilar bilan shug‘ullangan Klimenko Muxinadagi ishtiyoqni ko‘rib, uni o‘z tarbiyasiga oladi. Podpolkovnik ikki yil ichida iste’dodli qizchadan professional gimnastikachi yetishtirib chiqardi.
Klimenko 16 yoshli shogirdini juda murakkab dasturlarga tayyorlasa, Lena uni maromiga yetkazib ijro etardi. Ular 1976-yildagi Monreal olimpiadasiga milliy terma jamoa tarkibida borishga umid qilishgandi. Afsuski, Yelena musobaqaga yarim yil qolganida umurtqasidan jiddiy jarohat oldi va terma jamoa murabbiylari boshqa sportchilarga imkon berishdi.
Jarohatlangan sportchi taslim bo‘lmay, ortopedik yoqa bilan zo‘r berib mashq qilishda davom etdi. Klimenko ham shogirdini ishtiyoqini ko‘rgach, mashg‘ulotlarni taqiqlamadi. Sog‘lig‘iga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lsa-da, qiz jarohatdan qutuldi va tezda o‘zining avvalgi — yuqori darajasiga ko‘tarildi.
Quvonchli damlar
Muxinaning tirishqoqligi o‘z samarasini berdi. 1976-yili u Ittifoq va Yevropa chempionatlarida ko‘pkurashda ikkinchi o‘rinni oldi. Chexiyada bo‘lib o‘tgan qit’a birinchiligida esa uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Aynan Pragada gimnastikachi keyinchalik uning uchun halokatli yakunlangan Tomas saltosini birinchi marta ijro etgandi.
1977-yilda g‘alabalardan ruhlangan sportchi yanada kuch-g‘ayrat bilan ishga kirishdi. U mashg‘ulotlarga jon-jahdi bilan kirishganidan uncha-muncha jarohatlarga e’tibor bermasdi. Bir gal xavfli usullardan birini qo‘llagan Lena boshi bilan burchakka uriladi. Biroq zaldan ketishni o‘ylamay, ongsiz ravishda dasturni oxirigacha yetkazib qo‘yadi.
Muxinaning harakatlari besamar ketmadi: u ittifoqning eng zo‘r gimnastikachisiga aylandi. 1978-yilda uni Fransiyadagi jahon chempionatiga yuborishdi. U yerdagi natija Lena uchun sportdagi eng yuqori cho‘qqiga aylandi. Yelena Muxina jahonning mutlaq chempioniga aylanib, sobiq Ittifoq tarixidagi eng mashhur gimnastikachilar – Galina Shamray, Larisa Latinina va Lyudmila Turiщyevalar qatoridan o‘rin oldi.
Gimnastikachi Nelli Kim o‘sha jahon birinchiligini xotirlab: «Lena Muxina mutlaq jahon chempioni bo‘ldi. Eng murakkab dastur, yuksak mahorat, ohista harakatlar va albatta ayollarga xos nazokat. Moskvaga qaytdik —oktyabr, kuz, sovuq, bizning yuragimizda esa — bahor, xursandchiligimiz cheksiz edi. Ayniqsa, Muxina va Andrianovni (Nikolay Andrianov — sobiq Ittifoq terma jamoasi tarixidagi eng omadli gimnastikachilardan biri) o‘zgacha tantana bilan kutib olishdi — axir ular mutlaq chempionlar edi!»
Muxina o‘sha chempionatda ruminiyalik besh karra olimpiya o‘yinlari g‘olibi Nadya Komanechini ortda qoldirib, to‘rtta finaldan uchtasiga yo‘llanma oldi. Brus va yog‘ochda bajariladigan bahslarda kumush medalni qo‘lga kiritgan Lena erkin uslubdagi bahslarda oltin medal uchun ikki karra Monreal olimpiadasi chempioni Nelli Kimni ortda qoldirdi.
Jahon chempionatidan keyin Muxina hayotidagi eng asosiy turnir — Moskva olimpiadasiga tayyorgarlikni boshladi. 1979-yilda u oyog‘ini sindirib oldi va gipsda yurgan chog‘idayoq murabbiy Klimenkoning qistovi bilan mashg‘ulotlarni davom ettirdi. Matonatli qizcha turli predmetlarda ishlaganida sakrab yerga tushishni bitta — sog‘ oyog‘ida bajarardi.
Og‘ir mashqlar natijasida singan suyaklar yaxshi o‘smay qoldi. Biroq sportchi gipsdan xalos bo‘lgach, ikki oy o‘tib yana murakkab mashqlarni bajarishni boshladi.
Intihoning ibtidosi
Jarohatdan tiklanishga ulgurmagan Muxina olimpiyaoldi yig‘inlarda qatnashish uchun Minskka bordi. Bu uning professional faoliyatidagi so‘nggi mashg‘ulotlar edi. Lenaning boldir suyagi, tizzasi va qo‘li og‘rishdan to‘xtamasdi. Ruhiy holatiga havas qilib bo‘lmasdi. Atrofda u haqdagi mish-mishlar, yana bir marta olimpiadadan quruq qolishi haqidagi gap-so‘zlar ko‘paygandan-ko‘paygan edi. Uning atrofida hukm surayotgan keskin atmosfera izsiz ketmadi. Yaqinlarining xotirlashicha, o‘sha mash’um jarohatgacha bo‘lgan so‘nggi kunlarda gimnastikachi juda qiynalgan va ko‘p yig‘lagan. Jahon chempionining kuchi har qancha harakat qilmasin hatto o‘zini boshqarishga yetmayotgan bir pallada, Klimenko unga dunyodagi eng murakkab dasturni bajarishga majbur qilayotgan edi.
Murabbiy Olimpiada medallari haqidagi orzular bilan avrab, Muxinani Minskda mustaqil mashq qilishga ko‘ndiradi va o‘zi Muxinani mamlakat terma jamoasining asosiy tarkibiga kiritish maqsadida rahbariyat bilan gaplashish uchun yo‘l oladi. Ketishdan oldin Muxina va Klimenko o‘rtasida ochiq-oydin suhbat bo‘lib, unda Lena dasturdan Tomas saltosini olib tashlashini iltimos qiladi. Uning aytishicha, harakatni bajarish uchun unga tezlik va balandlik yetishmayotganini bildiradi.
«Tushimda bir necha bor yiqildim, — deb xotirlaydi Muxina. — Meni qanday qilib zaldan olib chiqishayotganlarini ko‘rdim. Tushundimki, ertami-kechmi bu sodir bo‘ladi. O‘zimni oxiri yo‘q yo‘lakda qamchi bilan quvib ketilayotgan hayvondek his qildim. Lekin yana va yana zalga qatnashda davom etdim. Balki shuning o‘zi taqdirdir. Taqdirdan esa ranjib bo‘lmaydi».
Aytishlaricha, Klimenko ketish oldidan Muxinaga mustaqil ravishda Tomas saltosini bajarishni taqiqlagan. Ammo Lena qaltis elementni bajarishga harakat qilib ko‘rgan...
Yolg‘izlikda
Muxinaning so‘nggi yiqilishi ko‘pgina operatsiyalarga sabab bo‘ldi. Qanchadir vaqtdan so‘ng uning bitta buyragi ishlamay qoldi. Shifokorlar har safar operatsiyadan so‘ng sportchini zo‘rg‘a komadan chiqarib olishar edi. «Oxiri yo‘q operatsiyalardan keyin, yashashni xohlasam shifoxonadan qochish kerakligini tushundim, — degan edi Muxina. — O‘shanda hayotga bo‘lgan munosabatni butunlay o‘zgartirish lozimligini anglab yetdim: boshqalarga hasad qilmasdan o‘zimda bor narsalardan quvonishni o‘rgandim. Aks holda aqldan ozish hech gap emas edi».
Professional sportchilik faoliyati davrida bo‘lganidek, Muxina keyingi hayotida ham oxirigacha borishga harakat qildi. Og‘riqqa bardosh berib, mustaqil ravishda o‘tirishni, oshxona anjomlarini ishlatishni, bosma harflarda yozishni o‘rgandi. Uning uchun ruchkani ushlay bilish juda muhim edi. Chunki u oliy ma’lumotli bo‘lishga ahd qilgandi. Bu borada ham u g‘alaba qozondi — Moskva jismoniy tarbiya institutini muvaffaqiyatli tamomladi.
Yaqinlarining xotirlashicha, sobiq sportchi joyidan qimirlay olmasa-da, tez-tez xayolot olamiga berilar, u yerda o‘zini sog‘lom va baquvvat his etardi.
Garchi Yelena Muxina biror marta ham Olimpiada o‘yinlarida qatnashmagan bo‘lsa-da, 1983-yilda uning oldiga o‘sha paytdagi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Xuan Antonio Samaranch kelib, olimpiya harakatining oliy mukofoti — Olimpiya ordenini topshirdi. Biroq bir necha lahzalik maqtov, shon-shuhrat sobiq gimnastikachini unchalik ham xursand qilmadi. U jurnalistlar savollariga javob berar ekan, tez orada yana yolg‘iz qolishini bilardi.
Murabbiy Klimenko shogirdining fojeasidan so‘ng darhol oilasi bilan Italiyaga ko‘chib ketadi. Keyinchalik Moskvaga qaytib, shogirdi bilan uchrashmoqchi bo‘lganida Muxina rad javobini beradi. U ustozini bo‘lgan voqeada ayblamagan bo‘lsa-da, u bilan uchrashishni xohlamaydi.
Muxina 26 yillik harakatsiz hayotdan so‘ng 2006-yilning 22-dekabrida yurak faoliyatidagi yetishmovchilik xastaligidan vafot etdi. Afsonaviy gimnastikachi 47 yoshda edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter