Yaponiya O‘zbekistonga 200 dona zamonaviy noutbuklarni taqdim etdi

Yaponiyaning "BHN Association" va "NTT TC Leasing" notijorat tashkilotlari O‘zbekistondagi oliy ta’lim va tadqiqot muassasalari uchun 200 dona "Toshiba Dynabook" noutbuklarini beg‘araz taqdim etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Yoshlar tashabbusi platformasi: akademik mukammallikni oshirish" nomli ushbu loyiha Yaponiya Hukumati granti asosida amalga oshiriladi. Uning umumiy qiymati 485 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Kompyuterlar O‘zbekistondagi 8 ta yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalariga topshiriladi.
Mazkur grant loyihasi yapon tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirilgan O‘zbekiston ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashga qaratilgan uchinchi yirik dastur hisoblanadi. 2021–2022 yillarda 1420 dona "Samsung" planshetlari, 2023 yilda esa 80 dona "Apple" va "Windows" kompyuterlari O‘zbekistonga taqdim etilgan edi.
Mazkur uchinchi bosqichni amalga oshirishda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va O‘zbekiston–Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi katta tashabbus ko‘rsatdi.
Loyiha nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, balki O‘zbekistonda raqamli ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Ino Xideo, Yaponiyaning "BHN Association" kompaniyasi prezidenti:
– "BHN Association" tashkiloti Yaponiyada va xorijda insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. Faoliyatimiz ijtimoiy rivojlanishga hissa qo‘shish, favqulodda holatlarda insonparvarlik yordami ko‘rsatish va ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Bu safar biz O‘zbekistonga 200 dona kompyuterlarni taqdim etyapmiz. Bu ijtimoiy taraqqiyot va ta’lim sohasini rivojlantirish maqsadlariga mos keladi.
Ta’lim har qanday mamlakat taraqqiyoti uchun asosiy omil hisoblanadi. Chunki, ta’lim olish imkoniyati har bir insonga o‘z iqtidorini namoyon etishga yo‘l ochadi. Men O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq ta’lim sohasiga ustuvor ahamiyat berib kelayotganini juda yuqori baholayman. Albatta, taqdim etilgan kompyuterlar soni kam bo‘lsada mamlakat rivojiga hissa qo‘shadi. Biz O‘zbekistonga bunday jihozlarni yetkazib berishni davom ettiramiz.
Bundan tashqari, maktablarda ta’lim jarayonini rivojlantirish uchun dasturiy ta’minotni joriy etish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqishga tayyormiz. Shuningdek, matematika bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan yangi loyihani amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.
Konoma Kazuxisa, "BHN Association" kompaniyasi maslahatchi:
— Tashkilotimiz 1992 yilda tashkil etilgan. "BHN" abbreviaturasi "Basic Human Needs" – ya’ni inson uchun asosiy ehtiyojlar degan ma’noni anglatadi. Bu ehtiyojlar nafaqat kiyim-kechak, ovqat va turar joyni, balki tibbiyot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ham qamrab oladi.
1998 yilda mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan maxsus dasturni ishga tushirdik. O‘zbekistondan ikki nafar mutaxassis Yaponiyaga kelib, NTT axborot-kommunikatsiya kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan stajirovkaga qatnashdi. Ular qaytgach, o‘z bilim va salohiyatlarini to‘liq namoyon etdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim, ayniqsa iqtidorli matematiklarni tayyorlashga katta e’tibor qaratmoqda. Biz ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz. 2016 yilda Toshkentdagi AKT forumida ishtirok etdim. U yerda tashkilotimiz faoliyati haqida taqdimot o‘tkazdim. Toshkent va boshqa tarixiy shaharlarga tashrif buyurdim va o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi meni juda hayratlantirdi.
Yaponiyada tashkil etiladigan stajirovka esa ilg‘or axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, ijtimoiy muammolar yechimi, energetika va boshqa sohalarga bag‘ishlanadi.
Har yili to‘qqiz mamlakatdan bittadan vakil stajirovkaga jalb etiladi. Jami 20 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis ushbu dasturda ishtirok etgan. O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ham taklif qilinadi.
Shuningdek, doktor Kuvabara fondining stipendiya dasturi ham mavjud bo‘lib, u Yaponiya universitetlarida magistraturada o‘qish imkoniyatini beradi. Ushbu dasturda GRIPS kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olgan o‘zbekistonlik talabalar ham bor. Biz Raqamli texnologiyalar vazirligi xodimlarini ushbu dasturda qatnashish uchun ariza topshirishga chorlaymiz.
Katakami Kanji, "BHN Association" ijrochi direktori:
– 2023 yilda men bu loyihaning menejeri sifatida ish boshladim. Rostini aytsam, avvalroq O‘zbekiston haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas edim. Biroq, ushbu dasturni amalga oshirish jarayonida o‘zbekistonliklar bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim va shu orqali menda O‘zbekistonga nisbatan katta qiziqish paydo bo‘ldi.
Yaponiyaga stajirovka uchun keladigan o‘zbekistonlik mutaxassislar juda iqtidorli, bilimdon va shu bilan birga katta intilish va ishtiyoqqa ega. Ularning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqlari bizda katta taassurot qoldiradi.
O‘zbekiston kelajakda eng taraqqiy etgan davlatga aylanadi. Biz esa bu yo‘lda o‘z yordamimiz va ko‘magimiz bilan hissa qo‘shishga tayyormiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter