Yaponiya koronavirusdan ham ayanchliroq xavfdan xavotirda
Yaponiyada butun pandemiya davomida koronavirusdan vafot etganlar soni kuz faslining birgina oyida o‘z joniga qasd qilganlar sonidan oshmadi, deb yozadi CNN.
Ta’kidlanishicha, COVID-19 tarqalgandan beri mamlakatda 2087 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Lekin birgina oktyabr oyida 2153 kishi o‘z joniga qasd qilgan.
«Biz, hatto, o‘z-o‘zini izolyasiya tartibini ham joriy etmadik. Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda COVID-19ning mamlakatga ta’siri ham kamroq... Shunga qaramay, o‘z joniga qasd qilganlar soni juda ko‘payganini kuzatmoqdamiz», — dedi ekspert, Vaseda universiteti dotsenti Mitiko Ueda.
Yaponiyada o‘z joniga qasd qilishlar soni sentyabrda 1828 nafarga yetdi. Uedaning fikricha, bu kelgusida boshqa mamlakatlarda ham o‘z joniga qasd qilishlar soni ko‘payishi mumkinligidan dalolat beradi.
Yaponiya o‘z joniga qasd qiluvchilar soni haqidagi ma’lumotlarni yashirmaydigan oz sonli davlatlardan biri hisoblanadi. CNNning qayd etishicha, AQShda shunga o‘xshash statistika oxirgi marta 2018-yilda chop etilgan.
2020-yil yanvarda Yaponiya eng kam o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha 40 yillik rekordini yangiladi. 2019-yilda Yaponiya hukumati 19 959 ta o‘z joniga qasd qilish holatini qayd etdi — bu 2018-yilgi ko‘rsatkichdan to‘rt foiz kam. Ta’kidlanishicha, ko‘rsatkich ilk bor 20 mingdan kam bo‘ldi va 1981-yilgi minimal rekord — 20 434 ni yangiladi. Biroq ma’lumotlar mart oyida qaytadan ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, yomon tomonga o‘zgarishi ehtimoli yo‘q emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter