Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya 246 mln dollarlik loyiha doirasida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi

Yaponiya 246 mln dollarlik loyiha doirasida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi

19 fevral kuni Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori hamda O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov  almashinuv notasini imzoladi.

37 mlrd iyena (taxminan 246 mln 235 ming AQSh dollari) miqdoridagi «Barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash dasturlari» O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni dastaklashga qaratilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirligi va JICAning yurtimizdagi vakolatxonasi ushbu loyiha bo‘yicha kredit shartnomasini tasdiqladi.

Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyihadan ko‘zlangan maqsad nafaqat bozor iqtisodiyotiga o‘tishga qaratilgan islohotlarning uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy integratsiya va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shish hamdir.

2022 yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo+Yaponiya» muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishida Yaponiya erkin va ochiq Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotga erishish maqsadida yangi hamkorlik modelini ilgari surgan edi. U inson resurslariga sarmoya kiritish va o‘sish sifati kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Yangi loyiha aynan o‘sish sifati yo‘nalishiga tegishlidir.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil yanvar oyida Toshkentda O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligiga doir 14 ta hujjat imzolandi.

2022 yil dekabr oyida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida Yaponiya tomoni O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni ijobiy baholab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni kengaytirishga shay ekanini bildirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring