Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yanvarda qaynoq ko‘k somsa. Yo‘lovchilarni siylayotgan maskandan «ishtahaochar reportaj» (foto)

Yanvarda qaynoq ko‘k somsa. Yo‘lovchilarni siylayotgan maskandan «ishtahaochar reportaj» (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Odatda ko‘k somsani bahorda sevib iste’mol qilamiz. Chunki aynan ilik uzildi chog‘ida ko‘k somsa tanga quvvat bag‘ishlaydi, deb o‘ylaymiz. Ammo qalovini topsang qor ham yonadi, deganlaridek Toshkent viloyatining Olmaliq shahri, Ohangaron tumaniga ketaverishda yo‘l chetida qator tandirlarga ko‘zingiz tushadi.

Somsapazlar yillar davomida ko‘k somsa bilan yo‘lovchilarni siylayotgan bo‘lsa, ko‘pchiligi endigina hadisini olgan. Lekin karvon ko‘p — rizqi bo‘lak. Har bir  somsapazning o‘z mijozi bor. Bir-birini takrorlamaydigan ta’m, o‘xshash, lekin yana boshqacharoq. Qaysi tandirning oldiga to‘xtamang, albatta somsachilarning qo‘li qo‘liga tegmayotganining guvohi bo‘lasiz.

— Yaqinda qo‘shnim bilan tandir qurib ishni boshladik. Har holda uyda bekor o‘tirgandan ko‘ra dalada, odamlar orasida ish bilan mashg‘ul bo‘lgan yaxshiroq, dehqonchilik qilardik, suv muammoga aylandi, — deydi Sayyora opa. — Umrimiz dalada o‘tgani bois, bizga bu ishlar qiyinchilik tug‘dirmaydi.

— Ko‘kni qayerdan olasizlar, yanvar oyida, deb so‘raymiz.

— Ko‘katni issiqxonalardan olamiz. Ismaloq. Kilosi 4 ming, qopi 115 ming. Bir qopi ikki kunlik somsaga yetadi. Undan tashqari un, yog‘...

— Xamiri juda yumshoq...

— Xamiriga ozroq xamirturush solaman.  Oddiy tuzli suvga qilingan xamir. Mana shu 15 kilolik tog‘orada xamir qilaman. Agar mijozlar ko‘payib ketsa, shu yerning o‘zidayam xamir qilamiz. Anavi xonamizda, — deydi Sayyora opa oq yelim bilan o‘ralgan «xonaga» ishora qilib. — Ikkita ishchimiz xamir yoymoqda... Mana bu yordam berayotgan qizaloq esa nevaram. Qizim 25 yoshida kasallikdan vafot etdi.

Biz xamir yoyilayotgan  va ichiga ko‘katlar solib bukish jarayonini kuzatamiz. Juda harir qilib yoyilgan xamirli somsa, tandirga kirishi bilan bir daqiqa o‘tmayoq pishib chiqadi.

— Tandirni necha marta oqartirasiz?

— 5-6 marta oqartiraman. Bir oqartirgan tandirimda 40 tagacha somsa yopaman. 200 tagacha somsa sotamiz. Masalliqlarga ketadigan xarajatlarni chiqarib tashlasak, bir kunda 700-800 ming sof daromad olamiz. Uni teng taqsimlaymiz.

— Lekin choyimiz, qo‘shib yeyiladigan achchiq «ketchup»imiz tekin. Birovlar mana bu uchoqda qaynagan choyni yana birovlar samovarning choyini xohlaydi. Mijozlarning talabiga qarab damlab beraveramiz — deydi, choy qaynatayotgan amaki.

Yana boshqa bir somsachilarni oldiga boramiz. Ular ko‘kni 2 mingdan olayotganini aytadi.

— «Yangi hayot» mahallasida yashayman, — deydi Shahnoza. — Biz ismaloqni 2000 mingdan sotib olamiz. Ya’ni, qopi 85 ming. Avval boshqalarga yordamchi edim. Keyin  o‘zimiz hamma qatori ish boshlashga qaror qildik. Chiqqanimizga 4 kun bo‘ldi. Mana tandirimizning suvog‘i hali qurigani yo‘q.

— Ko‘k somsani faqat bahorda yeyish mumkin, deb o‘ylarkanman.

— Hozir yanvar oyi ham bahordan qolishmayapti. Agar ob-havo shunaqa yaxshi bo‘lmasa, yog‘ingarchilik bo‘lib tursa biz somsa yopolmaymiz.

— Bir kunda qancha daromad olasizlar.

— Ikki kishi o‘rtada boshlaganmiz. Bir kunda  800-900 ming so‘m atrofida daromad olamiz.

— O‘tin mumammo emasmi?

— Dadam qurigan daraxtlarni, shox-shabbalarni qirqib o‘tin tayyorlab qo‘yadi. Umuman olganda ish osonday ko‘rinadi. Ammo o‘tinni boshqa kishi tayyorlashi, choyni yana kimdir qaynatishi, yana kimdir xamir yoyishi, yana kimdir kelgan mijozlarga xizmat ko‘rsatishi kerak. Kelgan odamlar tandirdan shundoq uzib berishingizni istaydi. Uning zavqi ham shundada. Shuning uchun tandirga birdaniga 40-50 ta somsani yopib tashlamaymiz. Masalan ikki mijoz keldimi, o‘shanga loyig‘ini pishirib beraveramiz.

Darvoqe, Shahnoza aytganidek, tandirdan endigina uzilgan somsalarni qisirlatib yeyishning gashti o‘zgacha ekan.

Ertalabdan kechgacha bir necha bor tandirga kirib chiqish, tik oyoqda turib ishlash og‘ir emasmi, degan gapimga Shahnoza miyig‘ida kulib: «Yo‘q, ishlab o‘rganib ketganmiz, orada sherigim bilan almashamiz», deydi...

Qishning o‘rtasi, yanvar — keng dala. Oddiy qishloq odamlari, samimiy tandirda somsasi kuyib ketganiga qaramay savollaringizga bajonidil javob berayotgan ayollar, qora qumg‘onda qo‘lbola o‘choqda qaynayotgan choy...

Bularning barchasining o‘ziga yarasha gashti bor. Shunday gashtki xotira sandig‘ingizning eng to‘riga joylashadi. Har safar ko‘k somsani eslaganingizda tandir hovuriga qizargan yuzlar, olovga qaynagan o‘zgacha ta’mli choy, chirsillab yonayotgan o‘tin, mijozlarga istaganiday xizmat ko‘rsatayotgan qishning o‘rtasi bo‘lishiga qaramay tandiridek issiq taftli odamlar ko‘z oldingizga kelaveradi... Qalbingizga bahor kirib kelayotgandek, bahor eshik qoqayotgandek bo‘laveradi.

Muallif: Barno Sultonova
Foto: Akmal Qudratov, Jasur Jo‘rayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring