Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson manfaatlariga ustuvorlik berilmoqda

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson manfaatlariga ustuvorlik berilmoqda

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson huquq va erkinliklarni ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekanligining o‘zi, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning tub mohiyatida inson qadri turganligidan dalolat beradi.

Har bir davlat o‘z fuqarolari bilan munosabatga kirishar ekan, alohida huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Ya’ni, davlat ham, fuqaro ham o‘ziga xos huquq va majburiyatlar egasidir. Davlat fuqarolar tinch, xavfsiz, farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish kabi majburiyatga ega bo‘lsa, fuqarolar esa, birinchi navbatda, qonunlarga bo‘ysunishi, jamiyatdagi qoidalar va talablarga rioya qilishi, hayoti davrida duch keladigan majburiyatlarini bajarishi kabi mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olishi lozim bo‘ladi.  

Oddiy bir hayotiy misol. Har bir fuqaro shaxsiy avtomobilga egalik qilishga haqli. Bu uning mulk huquqi hisoblanib, qonun bilan himoya qilinadi. Fuqaro ushbu huquqni amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi, avtomobildan foydalanganda yo‘l harakati qoidalariga rioya etishi kerak bo‘ladi.

Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, degan muhim norma mustahkamlanayotganiga alohida e’tiborimizni qaratishimiz lozim.

Mazkur konstitutsiyaviy norma islohotlarning bosh maqsadi «Inson qadri uchun» g‘oyasini kundalik amaliyotimizda bosh qadriyatga aylantirishga, ya’ni insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Misol tariqasida, Germaniya Konstitutsiyasining 1-moddasida aytiladiki, «Quyida sanab o‘tiladigan asosiy huquqlar qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati uchun bevosita amal qiladigan huquq sifatida majburiydir». Quyida deganda, fuqarolarning asosiy shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarini nazarda tutadi.

Ta’kidlash lozimki, insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi, degan normaning mustahkalanishi  ham amalda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur norma bilan birinchidan, qonunchilik hujjatlarini qabul qilish va uni amalda qo‘llashda, ikkinchidan, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatini tashkil etishda inson huquqlari mazmun-mohiyatiga ustuvorlik berish Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda. Mazkur norma orqali barcha davlat va nodavlat tuzilmalar funksiya va vazifalari inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Mazkur yangilik har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash, inson uchun munosib turmush sharoitini, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimini, sog‘lom ekologik muhitni yaratish qonun hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarning asosiy maqsadi sifatida belgilanishiga xizmat qiladi

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanadi, deyilyapti. Ya’ni, bunda  jazolash yoki boshqa ta’sir ko‘rsatishning chegarasi insoniylikka borib taqaladi. Aniq aytganda, Konstitutsiya va qonunlarning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Ya’ni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas. Eslab o‘tish lozimki, o‘tgan pandemiya sharoitida ba’zi tadbirkorlar qiyinchiliklarga duch keldi, davlat esa mazkur holatga baho bergan holda ushbu tadbirokrlarga tegishli imtiyozlar berildi, ortiqcha huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmadi. Bu insonparparvarlik prinsipining amaldagi ijrosi desak, xato qilmagan bo‘lamiz. 

Huquqiy davlatda barcha munosabatlar aniq qoidalar bilan tartibga solingan bo‘lishi kerak. Ammo hayotda shunday vaziyatlar yoki holatlar vujudga kelishi mumkinki, davlat va inson o‘rtasidagi ayrim munosabatlarning yechimi qonunchilikda ko‘rsatilmagan yoki noaniqliklarga sabab bo‘lishi aniq. Mana shunday holatlarda muammo kimning foydasiga va qanday tartibda hal etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. 

Davlat bilan inson o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi, deb belgilanmoqda. Ya’ni, inson davlat organiga murojaat qilsa-yu, biroq uning ishiga tegishli qonunchilikda qarama-qarshiliklar va noaniqliklar bo‘lganda ish qanday hal etilishi kerak? Masalan, davlat va fuqaro o‘rtasida qaysidir masalada kelishmovchilik yuz berdi. Agar ushbu masala bo‘yicha qonunchilikda qandaydir noaniqlik bo‘lsa yoki ishni davlat foydasiga ham, fuqaro foydasiga ham hal qilish imkoniyati bor bo‘lsa, albatta fuqaro foydasiga yon bosiladi. Ushbu tamoyil odatda jinoyat protsessi ishtirokchilari, tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarini himoya qilish doirasida keng qo‘llanilib kelinmoqda.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan inson huquq va erkinliklarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi normalar so‘nggi yillarda ilgari surilgan inson qadrini e’zozlash tamoyillariga to‘la mos keladi. Inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi, qonunchilikda yechimi topilmagan har qanday masala fuqaro foydasiga hal etilishi kabi normalar muhim konseptual o‘zgarishlardan dalolat beradi.

Sherzod ZULFIQOROV,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti professori, ekspert

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring