Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi qonun: Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisiga yer ajratish rad etilmaydi

Yangi qonun: Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisiga yer ajratish rad etilmaydi

«Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ-604-son, 17.02.2020-y.) prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qonunga muvofiq, maxsus iqtisodiy zona tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud hisoblanadi.

Maxsus iqtisodiy zonalar bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat mulki ob’yektlari, ma’muriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda tashkil etiladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar alohida hollarda faqat farmatsevtika va agrar yo‘nalishidagi maxsus iqtisodiy zonalar uchun berilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisiga yer uchastkasini ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:

  • erkin iqtisodiy zonalar;
  • maxsus ilmiy-texnologik zonalar;
  • turistik-rekreatsion zonalar;
  • erkin savdo zonalari;
  • maxsus sanoat zonalari.

Shuningdek, bunday hududlarda qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarish va ularning savdosini olib borish, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi bir qator faoliyat turlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

Maxsus iqtisodiy zona O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan 30 yil muddatga tashkil etiladi.

Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni tugatish Prezident qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Erkin iqtisodiy zonalar hududida ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan va investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat o‘tguniga qadar saqlab qolinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring